Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:19

Kristian Lasslett: Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi xalqaro pul yuvishda ayblangan shaxslarga aloqador!


Prezident Shavkat Mirziyoev 28 iyun kuni shahar hokimi¸ Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes imperiyalaridan biri egasi deb ko‘rilayotgan Jahongir Ortiqxo‘jaev (o‘ng tomon orqada)bilan poytaxtni aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev 28 iyun kuni shahar hokimi¸ Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes imperiyalaridan biri egasi deb ko‘rilayotgan Jahongir Ortiqxo‘jaev (o‘ng tomon orqada)bilan poytaxtni aylandi.

Kriminologiya bo‘yicha britaniyalik professor Kristian Lassletning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes saltanatiga kiruvchi o‘nlab shirkatlarni boshqargan¸ ular aksiyalariga egalik qilgan shaxslar ro‘yxatida xalqaro maydonda jiddiy jinoyatlarda gumonlanilgan shaxslar bor.

Bu suhbat Lassletning 27 iyun kuni Opendemocracy.net internet nashrida e’lon qilingan “Markaziy Osiyodagi biznes imperiyasi Britaniyadagi maxfiylikdan qanday foydalanmoqda” sarlavhali yangi maqolasi ortidan o‘tkazildi.

O‘zbekiston tarixidagi eng qimmat Tashkent City loyihasida qatnashayotgan shirkatlar to‘qimasini maxsus o‘rganayotgan Lasslet kamida 1.3 milliard dollarlik bu loyihadagi aksar shirkatlar izi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga olib borayotganini aytib keladi.

Yangi maqolasida Lasslet¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga qarashli Akfa-Artel guruhi biznes ko‘lamini Samsung va Unilever korporatsiyalariga qiyoslaydi.

Ozodlik bilan suhbatda Lasslet Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasining xalqaro maydonda yoyilib ketgan tarmog‘iga kirgan offshor shirkatlari boshqaruviga aloqador kamida uch shaxsning xalqaro maydonda pul yuvish va firibgarlik uchun qora ro‘yxatdagi shaxslar ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistondagi joriy biznes iqlimi haqida xalqaro maydonda jiddiy xavotir uyg‘otayotgan bu fakt va dalillarning Mirziyoev hukumati tomonidan e’tiborsiz qolayotganiga to‘xtalgan Lasslet¸ bunday jimlikning o‘zi asosiy xavotir manbaiga aylanayotganini bildirdi.

Davomli tadqiqotning yangi topilmalari

27 iyun kuni Lasslet “britaniyalik investor” sifatida O‘zbekistonga nihoyatda katta imtiyozlar bilan “kirgan” shirkatlarning aslida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasining tarkibiy qismi ekanini fosh qiluvchi navbatdagi maqolasini e’lon qildi.

“Markaziy Osiyodagi biznes imperiyasi Britaniyadagi maxfiylikdan qanday foydalanmoqda” deb nomlangan yangi maqolasiga ham professor Lassletning Tashkent City va Akfa-Artel guruhi tarkibidagi Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan shirkatlarning asl egalarini topishga qaratilgan surishtiruvi asos bo‘lgan.

Ozodlik bilan suhbatda Kristian Lasslet ochiq ma’lumotlar bazasidan topgan ma’lumotlari umumiyatla O‘zbekistondagi joriy biznes iqlimi¸ xususan esa¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasiga oid yangi xavotirli ma’lumotlarni fosh qilganini aytadi.

Kristian Lasslett: Жаҳонгир Ортиқхўжаев бизнес империяси халқаро пул ювишда айбланган шахсларга алоқадор!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:30 0:00
Бевосита линк

- So‘nggi tadqiqotim ¸ menimcha¸ to‘rt narsani yaqqol ko‘rsatadi. Birinchisi¸ Ortiqxo‘jaevning Akfa-Artel guruhi O‘zbekistondagi shirkatlari aksiyalariga egalik qilish uchun offshordagi noshaffof tuzilmalardan foydalanib kelmoqda. Ikkinchisi¸ bunday tuzilmalarning aksariyati Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan va qonuniy metodlardan foydalangan holda shirkatlarning asl egalarini bekitmoqda. Uchinchisi¸ bu shirkatlar boshqaruvida pul yuvish bilan bog‘liq janjalga aloqador shaxslar bor. To‘rtinchisi¸ bu shirkatlarning Britaniya registratsiya idorasiga taqdim etgan moliyaviy hisobotlari noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

Ozodlik: Siz aniqlagan yangi tafsilotlar Akfa-Artel guruhi va uning tarkibiga kiruvchi offshor shirkatlar noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotganini ko‘rsatadimi?

Kristian Lasslet: Bu shirkatlarning qanchalik legal ishlayotgani borasida qizil bayroq ko‘tarish mumkin (xavotir bildirish – tahr.). Ular Buyuk Britaniyaning kompaniyalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarini buzayapti. Misol keltiraman¸ Britaniyaning kompaniyalar haqidagi qonunlarida kimni shirkatda “muhim manfaati bo‘lgan shaxs” deb belgilash mumkinligiga oid talablar bor. Ularga ko‘ra¸ shirkatda muhim manfaati bo‘lgan shaxs¸ sodda qilib aytganda¸ uning egasi shaffof bo‘lishi kerak. Surishtiruvlarim davomida¸ Akfa-Artel guruhiga aloqador kamida ikkita shirkatning bu qonunga amal qilmaganini aniqladim.

Ikkinchidan¸ shirkat faoliyati haqida soxta moliyaviy hisobot berish qonunni buzish va bu ish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Ortiqxo‘jaevga aloqador shirkatlar Britaniyada jinoyat sodir qildi¸ deb ayta olmayman¸ zotan bu mening maqsad yoki vakolatimga kirmaydi ham. Ammo O‘zbekistonga ko‘p million dollarlik investitsiya kiritgani aytilayotgan “Britaniya shirkati”ning o‘z hisobida bor-yo‘g‘i 300 funt mablag‘i borligi haqida moliyaviy hisobot berishi¸ bu ma’lumotning to‘g‘ri emasligini aytishga imkon beradi.

Masalan¸ Britaniyada ro‘yxatga olingan Wynex Innovation LLPning 2015 yili Ortiqxo‘jaevga qarashli Artel brendi uchun mobil telefon ishlab chiqarish maqsadida O‘zbekistonda qo‘shma korxona ochgani va unga 2 million dollarlik investitsiya kiritgani xabar qilingan. O‘sha yilgi moliyaviy hisobotida bu shirkat o‘zining 419 funtlik zararda ekanini bildirgan.

Ayni shu kompaniya¸ yaqinda O‘zbekiston tarixidagi eng katta qurilish loyihasi Tashkent City investoriga aylangan va u nazorat qiladigan High Land City LLC 1-lotning yagona investori sifatida 1180 ta kvartira qurishi aytilgan.

Qizig‘i¸ O‘zbekistonda yuzlab million dollarlik qurilish investori deb taqdim etilayotgan bu shirkat 2018 yili Britaniyada bergan daromadi haqidagi moliyaviy hisobotda¸ 1500 funt kamomadi borligi va bor-yo‘q naqd mablag‘i 300 funtdan iborat ekanini ma’lum qilgan.

Bu vaziyatda ikki ma’lumotdan qay biri to‘g‘ri - Wynex Innovationning O‘zbekistondagi yirik investor ekanimi¸ yoki uning bor-yo‘q kapitali 300 funtni tashkil qilishi haqidagi ma’lumotmi?

Ozodlik: Siz suhbatimiz boshida Jahongir Ortiqxo‘jaevning Akfa-Artel guruhi tarkibiga kirgan “shirkatlar boshqaruvida pul yuvish bilan bog‘liq janjalga aloqador shaxslar ham bor”¸ dedingiz. Bu shaxslar kimligini ochiqlay olasizmi?

Kristian Lasslet: Albatta. Buyuk Britaniyadagi kompaniyalar registratsiya qilinadigan Company House saytida Dartlex Impex LLP haqida berilgan ma’lumotda Yuriy Vitman va Stan Gorinning shirkat ma’muriyatiga bevosita aloqador ekanini ko‘rsatadi. Matbuot xabarlariga ko‘ra¸ Dartlex Impex LLP shirkati Jahongir Ortiqxo‘jaevga qarashli yirik holdinglardan biri - J-United Groupning britaniyalik partnyori. J-United Group Dartlex Impex LLP bilan Navoiy erkin iqtisodiy zonasida alyuminiy mahsulotlari ishlab chiqaradigan umumiy kapitali 35.2 million dollarlik qo‘shma korxona tuzgan. Navoiy zonasi investorlarga juda katta soliq va boj imtiyozlari beradi.

Dartlex Impex LLP va Toshkent shahar hokimining asosiy shirkatlaridan biri o‘rtasida tuzilgani iddao qilingan qo‘shma korxona haqiadgi xabar.
Dartlex Impex LLP va Toshkent shahar hokimining asosiy shirkatlaridan biri o‘rtasida tuzilgani iddao qilingan qo‘shma korxona haqiadgi xabar.

Dartlex Impex LLP shirkatining Jahongir Ortiqxo‘jaev ta’sis qilgan kompaniyalar guruhi bilan munosabatlari shunchaki xorijiy partnyordan ko‘ra murakkabroqdir. Masalan¸ Dartlex Impex LLP shirkati White Machine Technology shirkati aksiyalarining 95.7 foiziga egalik qilgan. White Machine Technology esa Artelning changyutgich va mikroto‘lqinli pechlar ishlab chiqaruvchi brendi. Bu esa¸ Dartlex Impex LLP ning Ortiqxo‘jaevning Akfa-Artel korporatsiyasi strukturasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shilib ketganini ko‘rsatadi.

Jahongir Ortiqxo‘jaevning “britaniyalik partnyori” deb qayd etilgan Dartlex Impex LLP hisobotlariga qo‘l qo‘yib kelgan Yuriy Vitman va Stan Gorin nomini o‘zbekistonliklar bilmasligi mumkin. Ammo ular xalqaro surishtiruv jurnalistlariga ancha tanish nomlar.

Bu ikkala shaxs Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich davridagi korrupsiyalashgan shartnomalar¸ qurol-yarog‘ kontrabandasi va pul yuvish amaliyotlarida gumonlanayotgan “Latviya mafiyasi” deb atalgan guruhga aloqador deb ko‘riladi. Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi va Ukraina surishtiruv jurnalistlari bu shaxslarni International Overseas Services (IOS) deb nomlangan offshor kompaniyalarining transmilliy tarmog‘ining yetakchi menejerlari deb e’lon qilgan.

Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi tarkibidagi yana bir shirkat aksiyalarining yana bir “tanilgan egasi” xalqaro maydonda pul yuvish amaliyotlariga gumonlanib¸ oldi-berdi qilish taqiqlangan shaxsdir.

Worldpoint Sales Limited shirkati yaqinlargacha Eko Elektron shirkati aksiyalarining 100 foiz egasi bo‘lgan. Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi xalqaro tadqiqot markaziga aylanganidan so‘ng bu aksiyalar Akfa-Artel menejerlaridan biri Ismoil Isroilov nomiga o‘tkazildi. Eko Elektron esa Ortiqxo‘jaevning Artel brendi tomonidan elektr texnika mahsulotlari uchun ishlatilayotgan mahalliy shirkatdir.

Worldpoint Sales Limited shirkatining direktori Danny Banger bo‘lgan. Bu odam kimligini bilasizmi? Danny Banger – BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan O‘zbekistonda o‘ta og‘ir holatlarda firibgarlik sodir etgan shaxs deb topilgan va 2023 yilga qadar BMT qora ro‘yxatiga kiritilgan. Korrupsiya va pul yuvish kabi amaliyotlarda gumonlangan bu odam Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi tarkibiga kiruvchi shirkatga rahbarlik qilib kelgan.

Ozodlik: Siz Tashkent City loyihasi¸ xususan¸ O‘zbekistondagi eng yirik biznes imperiyasiga aylangan Akfa-Artel guruhi egasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev faoliyatining davlat va shaxsiy manfaatlar to‘qnashuvi namunasi ekanini ko‘rsatuvchi bir necha tadqiqot xulosasini e’lon qildingiz. Mana endi Ortiqxo‘jaev biznesining manfaatlar to‘qnashuvidan tashqari xalqaro maydonda korrupsiya va pul yuvishda gumonlanayotgan shaxslar bilan bevosita hamkorlikda ishlab kelganini dalillar bilan gapirayapsiz. Ammo biznes iqlimini shaffof va halol qilish haqida katta gapirgan Mirziyoev hukumati bu faktlarga pinagini ham buzmayotir. Siz bong urayotgan mojaroli¸ muammoli biznes amaliyotlariga hukumatning bunday bepisandligidan hafsalangiz pir bo‘lmayaptimi?

Kristian Lasslet: Hafsalamni pir qilayotgan narsalar ko‘p. Birinchisi¸ men prezident administratsiyasidan to hukumatning bunday biznes amaliyotlarini nazorat qilishga mas’ul idoralariga xavotir bildirilgan maktublar jo‘natdim. Birortasiga javob kelmadi. Bu savollar esa¸ xalqaro yoki Britaniya jamoatchiligi emas¸ balki birinchi navbatda o‘zbekistonliklarni qiziqtirayotgan va ular izoh kutayotgan savollardir.

Ikkinchisi¸ mening maqolalarimda keltirilgan faktlar sotsial media¸ ijtimoiy tarmoqlarda yozdagi yong‘in kabi guvillab-g‘uvillab tarqaganiga qaramay¸ O‘zbekiston ichkarisidagi bir dona ham matbuot nashri bu maqolalar¸ ular xulosasi haqida bir satr ham yozgani yo‘q. Vaholanki Jahongir Ortiqxo‘jaev Toshkent shahar hokimi¸ so‘z borayotgan Tashkent City esa O‘zbekiston tarixidagi eng qimmat milliy loyiha va har ikkalasi ishi ham jamoatchilik uchun shaffof va ochiq bo‘lishi shart!

Bu ikkala frontda ham nihoyatda jiddiy tashvish uyg‘otayotgan jarayonlarga oid surishtiruv haqida lom-mim deyilmayotgani O‘zbekistonda bu mavzuda yozishga qodir jurnalist yo‘q¸ degani emas. Ular bor¸ faqat O‘zbekiston ichkarisi va hukumat bilan hamkorlik qilayotgan tashqaridagi nashrlar bu surishtiruv haqida yozmaslikdan ogohlantirilgan. Hech kim bitta maqola deb qamoqqa tushishni istamaydi¸ albatta!

Ozodlik: Bu adashmasam¸ Jahongir Ortiqxo‘jaev biznes imperiyasi haqida yozgan to‘rtinchi jiddiy tadqiqotingiz. Har gal maqolalaringiz haqida yozganda Ortiqxo‘jaev tarafdorlari sizga tashlanib¸ sizni "kimlarningdir puliga Toshkent hokimini yomonotliq qilayotganlik"da ayblaydi. Bunday "muxlislaringizga" qanday javob bergan bo‘lardingiz. Ular ta’biri bilan aytganda¸ "nega hadeb Ortiqxo‘jaevga yopishib oldingiz"?

Kristian Lasslet: Bu trollardan xabarim bor. Ularga javobim oddiy - agar siz ham yillar davomida men qilayotgan kabi tadqiqotlarni qilsangiz¸ bu ishingiz o‘ziga xos sud-ekspertizasi darajasiga ko‘tariladi. Bu jarayonda qidiradigan yagona narsangiz - haqiqat bo‘ladi. Hukumat qarorlari shaffof va korrupsiyadan xolimi¸ biznes amaliyotlari qonuniymi¸ degan savollar tadqiqotning markaziy savoliga aylanadi. Bu savollar javobi "ha"dan ko‘ra "yo‘q"qa yaqinroq bo‘lsa¸ u juda ko‘p odamlarni asabiylashtira boshlaydi. Ular so‘ngra muammo ildiziga oid savollarga javob berish o‘rniga¸ ularni ko‘rsatgan jurnalist yoki tadqiqotchini yomonotliq qilishga zo‘r beradi. Men va maqolalarim bilan vaziyatda ham xuddi shunday bo‘lmoqda. Tarmoqlarda mening motivlarim haqida har xil fitna va mish-mishlar tarqatishayapti. Men sizga yagona daromad manbaim universitetdan olayotgan oylik ekani¸ boshqa biror guruh yoki shaxs bilan tijoriy xarakterdagi oldi-berdim yo‘qligini ochiq ayta olaman. Mening ilmiy faoliyatim¸ olib borayotgan tadqiqotlarim nihoyatda shaffof bo‘lgan universitet kengashi tomonidan boshqariladi. Bu maqolalarni yozishimdan maqsad korporatsiyalar va biznes shirkatlari va hukumat munosabatlarida ochiqlik¸ shaffoflik bo‘lishini ta’minlashni istovchi o‘zbekistonliklarga yordam berishdir. Bu qandaydir xayriya aksiyasi emas - bugungi dunyoda biznes global tarmoqqa aylanib ketgan. So‘nggi maqolamda yozganimdek¸ Britaniyadagi biznes qonun-qoidalarining nihoyatda zaifligidan qolgan dunyo kabi¸ O‘zbekistondagi uddaburonlar ham mazza qilishayapti. Bu kabi tadqiqotlardan maqsadim hammamiz uchun umumiy bo‘lgan bu maummolarga birgalikda yechim izlashdir.

Tahririyat: (Kristian Lasslett) Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori¸ Markaziy Osiyo va Yevropadagi korrupsiya va kleptokratiya (yunonchadan tarjimasi o‘g‘rilar hukmronligi -tahr.) bo‘yicha kitoblar muallifi.

Xalqaro maydondagi davlat va xususiy biznes manfaatlari to‘qnashuvini tadqiq qilib kelayotgan professor Lasslet Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan beri O‘zbekiston biznes iqlimidagi o‘zgarishlarni yaqindan kuzatib kelmoqda.

Hozirgacha u mazkur tadqiqotlari asosida bir nechta maqola e’lon qildi. Ularni Ozodlik saytidan topib o‘qishingiz mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG