Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2019, Тошкент вақти: 03:16

Mudofaa vazirligi “Losharik”dagi halokat tafsilotlarini sir tutmoqda


Rossiya Mudofaa vazirligi dengizchilar yong‘inda chiqqan tutundan dimiqib halok bo‘lganini ma’lum qildi. Illyustrativ surat.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu suv osti kemasida 14 dengizchi umriga zomin bo‘lgan yong‘in bo‘yicha tergov ishlari haqida so‘zlar ekan, halok bo‘lgan dengizchilarni “o‘ziga xos harbiy mutaxassislar” deya ta’rifladi va ularning har biri davlat mukofoti bilan taqdirlanishini aytdi.

Shimoliy harbiy-dengiz flotining Severomorskdagi bazasida so‘zlagan Shoygu Barens dengizida sodir bo‘lgan hodisada ayrim dengizchilar hamda bir oddiy fuqaro omon qolganini ma’lum qildi. Ammo vazir aynan nechta odam omon qolganini ochiqlamadi.

Rossiya Mudofaa vazirligi “suvosti tadqiqotlar apparati” deya ta’riflayotgan kema aynan qaysi kema ekanligi ochiqlangani yo‘q. Lekin Rossiya matbuoti yong‘in chiqqan kema AS-12 yadroviy dvigatelli suvosti apparati ekanligini xabar qildi. 2000- yillarda suvga tushirilgan kema faoliyati sir saqlanib kelinadi. Unga “Losharik” laqabi qo‘yilgan.

Ayrim manbalarga ko‘ra, AS-12 apparati 2500 metr (ayrim manbalarda 6000 metrgacha) chuqurlikka tusha oladi. Rossiya matbuoti xabarlariga ko‘ra, “Losharik” suvosti apparati “Belgorod” yadroviy kemasi korpusi ostida tashiladi.

Shoygu halok bo‘lgan dengizchilar “Yerning gidrosferasida izlanishlar o‘tkazayotgan yuqori malakali professionallar” bo‘lganini aytdi.

Halok bo‘lganlarning yetti nafari birinchi darajali kapitan, uchtasi esa ikkinchi darajali kapitan bo‘lgan. Ularning ikki nafari “Rossiya qahramoni” mukofoti sovrindori bo‘lgan.

“Baza” nashri halok bo‘lgani aytilayotgan Rossiya qahramonlari Denis Dolonskiy hamda Nikolay Filinlar ekanligini xabar qildi.

2 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shoyguga Severomorskka borib, fojia sabablarini aniqlashni buyurgan edi.

3 iyul kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov hodisaning ayrim tafsilotlari maxfiy ekanligini va jamoatchilikka oshkor qilinmasligini aytdi.

Mudofaa vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in 1 iyul kuni sodir bo‘lgan. Ammo vazirlik fojia haqida 2 iyul kuni ma’lum qildi.

Norvegiya radiatsiya va yadroviy xavfsizlik boshqarmasi direktori Per Strand Reuters agentligi bilan suhbatda suvosti kemasida yong‘in chiqqan hududda radiatsiya ko‘rsatkichlari o‘zgarmagani aniqlanganini aytdi. Strand, shuningdek, rossiyalik hamkasblari kema bortida gaz portlashi sodir bo‘lganini aytganini ta’kidladi. Ammo Rossiya Mudofaa vazirligi bu iddaoni rad etdi.

Mudofaa vazirligi dengizchilar yong‘inda chiqqan tutundan dimiqib halok bo‘lganini ma’lum qildi. Vazirlik kema bortida nechta odam bo‘lganini ochiqlagani yo‘q.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan kema hozir o‘z bazasi bo‘lmish Severomorsk shahriga olib borilgan.

1 iyul kuni sodir bo‘lgani aytilayotgan yong‘in 2000 yilda “Kursk” atom suv osti kemasi portlash oqibatida cho‘kib ketganidan keyin Rossiya dengizida yuz bergan eng yirik hodisa bo‘ldi. “Kursk” suv osti kemasida bo‘lgan 118 dengizchi halok bo‘lgan edi. 2008 yilda esa K-152 “Nerpa” suvosti kemasida yong‘inni o‘chirish tizimi yong‘in bo‘lmasa-da ishlab ketishi ortidan kamida 20 nafar dengizchi va port ishchisi halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG