Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:54

Gibraltar yaqinida Eron neft tashuvchi kemasi hibsga olindi


Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz flotiga qarashli patrul kemasi Gibraltarning suv hududida Eronning Grace 1 ulkan neft tashuvchi kemasini hibsga olmoqda.
Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz flotiga qarashli patrul kemasi Gibraltarning suv hududida Eronning Grace 1 ulkan neft tashuvchi kemasini hibsga olmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Gibraltar bo‘g‘ozi yaqinida Eronning neft tashuvchi kemasi qo‘lga olinganini olqishladi va buni “zo‘r xushxabar” deb atadi. Rasmiy Tehron esa buni kemani “noqonuniy hibsga olish” deya qoraladi.

Zo‘r xushxabar: Buyuk Britaniya Eron nefti ortilgan va Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qaramasdan, Suriyaga yo‘l olayotgan Grace 1 neft tashuvchi kemasini hibsga oldi. Amerika bilan ittifoqchilari Tehron va Damashq rejimlari bunday noqonuniy savdodan foyda olishiga yo‘l qo‘ymaslikni davom ettiradi"¸‒ deb yozdi Tvitterda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton 4 iyul kuni.

Gibraltar hukumati 4 iyulda Britaniya Qirollik dengiz piyoda askarlari Grace 1 neft tashuvchi kemasi bortiga chiqqanini ma’lum qildi.

Kema Britaniya o‘z hududi deb biladigan Gibraltardan 4 kilometr janubdagi suvlarda qo‘lga olindi. Ammo Gibraltarni o‘z hududi deb iddao qiladigan Ispaniya bu dengiz hududini ham o‘ziniki deb biladi.

Kemaning tozalanmagan neftni Suriyadagi “Banias” neftni qayta zavodiga olib ketayotgani gumon qilinmoqda. Yevropa Ittifoqi ushbu zavodga nisbatan sanksiya joriy qilgan.

Britaniya bosh vaziri Tereza Mey matbuot kotibi Gibraltar hokimiyat idoralarining “qat’iy amali”ni olqishladi.

Ayni paytda Gibraltar bosh vaziri Fabian Pikardo o‘z bayonotida:

- Grace 1 kemasining Suriyadagi “Banias” neftni qayta ishlash zavodiga tozalanmagan neft olib ketayotganiga ishonishimiz uchun sabablar bor. Ushbu neftni qayta ishlash zavodi Yevropa ittifoqi Suriyaga qarshi qo‘llayotgan sanksiyalar daxl qiladigan yuridik shaxsning mulkidir. Shu sababli biz kemani ham, uning yukini ham hibsga oldik¸ dedi.

YI 2011 yildan Suriyaga neft yetkazib berishni taqiqlab kelmoqda, biroq birinchi marta kema dengizda hibsga olindi.

− YI birinchi marta bunaqa ishni omma ko‘z o‘ngida va o‘ta shiddat bilan bajardi. Bu ishga NATO qo‘shinlari jalb etilganiga qaraganda, u qaysidir ma’noda AQSh bilan kelishilganini tasavvur qilayapman. Bu Suriya bilan Eron va yana AQShga signal bo‘lishi uchun qilingan ko‘rinadi. YI bu bilan sanksiyalar ijrosini ta’minlashga jiddiy qarayotgani¸ hamda Eronning urush bilan tinchlikning qaltis chegarasida turib, yadro dasturi bo‘yicha muzokara qilayotganiga javoban ish qilayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi¸ dedi Pillsbury Winthrop firmasi hamkori Metyu Oresman.

Xabarlarga qaraganda, kemaga neft Eron sohilida yuklangan, ammo hujjatlarda neftning Iroqdan olib keltirilgani aytilmoqda.

Eron Tashqi ishlar vazirligi Britaniyaning Tehrondagi elchisini chaqirib, unga tanker “noqonuniy tarzda hisbga olingani”ni bildirdi.

Angliya harbiy-dengiz floti Gibraltar bo‘g‘ozida Eronning neft tashuvchi kemasini hibsga olgandan so‘ng Britaniyaning Tehrondagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, ‒ dedi vazirlik voizi Abbos Musaviy.

Kemaning hisbga olinishi G‘arb mamlakatlari, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlar bilan Eron o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta taranglashgan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp 2018 yili Eron bilan yetakchi mamlakatlar o‘rtasida uning yadro dasturi bo‘yicha imzolangan bitimdan chiqib ketdi va Tehronga qarshi yengillashtirilgan sanksiyalarni qayta qo‘llay boshladi.

XS
SM
MD
LG