Линклар

Шошилинч хабар
20 август 2019, Тошкент вақти: 01:38

Azimjon Asqarovning ishi 30 iyuldan qayta ko‘rila boshlaydi


Azimjon Asqarov.

Jalolobodlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarovning ishi qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar tufayli Chuy viloyat sudida qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda KaktusMedia nashri “Bir Duyno Qirg‘izstan” huquqni himoya qilish tashkiloti ma’lumotiga tayangan holda xabar tarqatdi.

Huquq faollariga ko‘ra, mahkama boshlanishi dastavval 16 iyulga belgilangan, keyinroq esa noma’lum sabablarga ko‘ra 30 iyulga ko‘chirilgan. Sud Asqarovga nisbatan chiqarilgan hukm 2019 yil 1 yanvaridan kuchga kirgan yangi Jinoyat kodeksi va boshqa hujjatlarga naqadar muvofiq kelishiga oid qaror chiqarishi lozim. Ayni sabab bilan Qirg‘izistonda yana taqriban 8,5 ming mahkumning ishi qayta ko‘riladi.

Qirg‘izistonlik huquq faoli Azimjon Asqarov 2010 yil 15 sentabrida O‘sh voqealariga aloqadorlikda ayblanib, umrbod qamoqqa hukm qilingan. U tartibsizliklar uyushtirish hamda militsiya xodimining o‘limiga aloqadorlikda ayblangan. Xalqaro va mahalliy huquqni himoya qilish tashkilotlari Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga urg‘u berib keladilar.

2016 yil aprelida BMT Qirg‘iziston Asqarovni ozod qilishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan, ammo qirg‘iz sudi hukmni o‘zgartirmagan.

Azimjon Asqarovga 2015 yili AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari faoli” mukofoti topishirilgan. Shundan so‘ng Bishkek hukumati norozilik sifatida Vashington bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan edi.

Amnesty International, Fuqarolik huquqlari himoyachilari, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Xyuman Rayts Votch, Front Line Defenders, Inson huquqlari xalqaro federatsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik va Norvegiya Xelьsinki qo‘mitasi kabi sakkizta nufuzli tashkilot shu yilning 1 iyul kuni e’lon qilgan so‘nggi bayonotlarida Azimjon Asqarov noqonuniy, adolatsiz va noxolis sudlov ortidan 9 yildan beri qamoqda o‘tirgani alohida ta’kidlangan. Ular Asqarovning ozod qilinishida yordam so‘rab, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar mutasaddisi Federika Mogeriniga murojaatnoma yo‘llaganlar.

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda shu yil 7 iyulida “Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi” formatidagi uchrashuvda ishtirok etgan Mogerini xonim Azimjon Asqarov masalasi qirg‘iz rasmiylari bilan muhokama qilinayotgani bildirgan.

- Ikki taraflama uchrashuv davomida sud tizimi mustaqilligiga umumiy e’tibor berish, xususan, siyosiy jihatdan nozik bo‘lgan ishlarni ko‘rib chiqishdagi shaffoflikni muhokama qilar ekanmiz, bu masalani ham muhokama qildik, - degandi Federika Mogerini Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

68 yoshli Azimjon Asqarov shu yil mart oyida tergov hibsxonasidan umrbod qamalganlar koloniyasiga o‘tkazilgan.

XS
SM
MD
LG