Линклар

Шошилинч хабар
24 август 2019, Тошкент вақти: 03:36

"AES qurish tahlikalari xaqidagi fikrlarni yoritishingizni so‘raymiz"


Sarlavhaga chiqarilgan iltimos bitilgan maktub Ozodlikka Feysbukdagi "O‘zbekistonliklar AES qurilishiga qarshi" guruhi a’zolaridan keldi. Xatni OzodMaktub ruknida e’lon qilishga qaror qildik.

***

Ma’lumki, bugungi kunga kelib O‘zbekistonda Rosatomprom bilan hamkorlikda qurilishi mo‘ljallangan va to‘rt yadroviy reaktordan iborat atom elektrostansiyasi qurish yo‘nalishida jadal faoliyat olib borilayapti va shu yil yakunigacha shartnoma imzolanishi belgilangan.

Mazkur o‘ta xavfli va bugunga kelib ma’naviy va texnik jihatdan eskirgan, insoniyat tarixida Chernobil va Fukusima fojialari bilan ayanchli iz qoldirgan, o‘ta qimmat, iqtisodiy va geostrategik qaramlikka olib keluvchi, jannatmakon o‘lkamizni faqat nomi bilangina xavotir bulutlariga o‘rab tashlaydigan, mamlakatimiz taqdirini o‘nlab yillar davomida yuz berishi mumkin bo‘lgan mislsiz fojialar yoqasida ushlab turadigan, bugun juda zarur bo‘lgan elektr energiyasini o‘n-o‘n ikki yildan keyingina bera oladigan qurilishga o‘zimizning salbiy munosabatimizni izhor qilish vaqti keldi.

Mazkur faoliyatni olib borishda guruh a’zolari va boshqa hamkorlarimizni televidenie, radio va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish imkoniyatlari juda cheklangan. Shuni inobatga olib, mazkur faoliyatga yordam tariqasida o‘z dasturlaringizda ushbu mavzu bilan bog‘liq informatsion dasturlarni tashkil etsangiz.

Bu dasturlarda AQSh, Germaniya, Avstriya, Italiya va boshqa mamlakatlarni atom energetikasidan voz kechish siyosatlari mohiyati ochiqlanib, bu soha olimlari va ekspertlaridan atom energetikasining taxlikalari xaqidagi fikrlari, jumladan iqtisodiy nochor, hududi ancha kichik, suv resurslari yo‘q va tabiiy ofatlar xavfi baland bo‘lgan xududlarda AES qurish taxlikalari xaqidagi fikrlari xaqqoniy yoritib berilsa.

Shuningdek, tabiiy tiklanuvchi energetika - quyosh, shamol energetikasini bugungi kuni va yaqin kelajagi tendentsiyalari tahlil qilingan va yetakchi ekspertlar fikrlari berilgan radio, video va nashriy chiqishlar soni imkon boricha ko‘paytirilsa.

Mazkur faoliyatingiz O‘zbekiston aholisini barcha qatlamlarini atom energetikasi xaqidagi zamonaviy bilimlarini oshirishga xizmat qilib, Vatanimiz kelajagini belgilovchi qarorlarni qabul qilinishida faol ishtiroklarini ta’minlashga yo‘naltira oladi. Guruh ishtirokchilari ushbu faoliyatingizda sizni to‘liq qo‘llab - quvvatlash vazifasini o‘z zimmalariga oladilar.

Feysbukdagi "O‘zbekistonliklar AES qurilishiga qarshi" guruhi a’zolari

Yana qarang:

Ozodlik.org saytining rus tilidagi sahifasida e’lon qilganimiz "Analiz: Imeet li atomnaya energetika perspektivi razvitiya i dolgosrochnogo sushchestvovaniya?" sarlavhasi ostidagi tahliliy maqolani o‘qishingiz mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG