Линклар

Шошилинч хабар
22 август 2019, Тошкент вақти: 01:33

OzodTa’sir: Ozodlik videosi ortidan prezidentning kuyovi Otabek Umarov jarima to‘ladi


19 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoevning kenja kuyovi Otabek Umarov Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizlik xizmati tomonidan ma’muriy jazoga tortildi.

Bu haqda Umarovning o‘zi Instagram sahifasida xabar berdi va jarima to‘langanlik haqidagi kvitansiyani ham ilova qildi.

Toshkent shahar Chilonzor tumani MAB katta inspektori mayor Ismail Xuseynov tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorda Otabek Muhammadalievich Umarovning Tesla rusumidagi transport vositasini yo‘l harakati qoidalarining 78-bandi talablarini buzib, harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborganligi uchun jarimaga tortilgani yozilgan. Qarorda Umarovning mazkur huquqbuzarlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mufoviq eng kam ish haqining 9 baravari miqdorida- 1824570 so‘m jarimaga tortilgani yozilgan.

IIB inspektori qarori va jarimaning to‘langani haqidagi to‘lovnoma bilan bir qatorda Umarov o‘z huquqbuzarligini ko‘rsatgan jurnalistlarga minnatdorlik bildirgan.

"Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda men bilan bog‘liq videoning tarqalgani Prezidentimizning ochiqlik va so‘z erkinligi siyosati amalda ekanini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.

Jurnalistlar va blogerlar haqiqatan ham real hayotimizda bor muammolarni ko‘tarib chiqayotgani quvonarli. Sizlar jamiyatda ro‘y berayotgan voqealarga befarq emasligingiz, odamlarning mavqei va lavozimidan qat’i nazar tanqid qilayotganingiz bizni o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashga va tartibga rioya qilishga chaqiradi.

Bugunoq barcha jarimalar to‘landi. Qonun barcha uchun barobar!

Shu fursatdan foydalanib, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jonkuyar xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!"

18 iyul kuni Ozodlikning OzodLive teledasturida prezidentning kenja kuyovi, prezident Xavfsizlik xizmati rahbarining 1-o‘rinbosari Otabek Umarovning Toshkent ko‘chalaridagi tungi poygasi aks etgan videolavha namoyish etildi.

Umarovning o‘zi Instagram sahifasida jonli ko‘rsatgan videoda prezident kuyovi tezlikni qonunda belgilanganidan uch baravar balandga - soatiga 201 kmga chiqargani ko‘rildi.

E’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay o‘chirib tashlangan bu videoni Ozodlik sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bir kunning o‘zida yuz minglab odam ko‘rdi.

Lekin mahalliy OAV bu mavzuni tilga olmadi va videoni ko‘rsatmadi.​

OzodLive: Президент куëвининг тунги пойгаси; Мирзиëев қалампиридан хонавайрон бўлган фермерлар; килоси 1400 долларлик эшак сути пишлоғи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:41 0:00

XS
SM
MD
LG