Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 18:01

OzodDayjest: Buxorodagi ming yillik qabristonda 1700 ta qabr egallab olingan


Buxorodagi qabristonlardan biri (illyustrativ surat).

Buxorodagi Hazrati Imom qabristonida 18 mingga yaqin qabr bo‘lib, 1700 tasi mayitsiz ekanligi, ya’ni o‘limidan oldin “egallab” olingani aniqlangan.

Bu haqda Daryo.uz nashri Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bafo Narzullaev so‘zlariga tayangan holda xabar qiladi.

- 17 gektardan ortiq maydonni egallagan Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy qabristoni qabrlari xatlovdan o‘tkazildi. 18 mingga yaqin qabr borligi, shundan 8-10 foizi, aniqrog‘i, 1700 ta qabr esa mayitsiz ekanligi aniqlandi. To‘g‘ri, keyingi yillarda qabriston manzilida sizot suvlari balandlashmoqda. Bu o‘z-o‘zidan lahad qazishda qiyinchilik tug‘diradi. Shu sababli odamlar yaqinlari ko‘milgan qabrlar yonidan “egasiz” sag‘analar tayyorlab qo‘ya boshlagan. Qabr yeri bepul berilgan. Vafot etgandan keyingina go‘rkov uchun xizmat haqi to‘lanadi. O‘zbekcha lahad qazish uchun 160 ming, o‘rischa lahad uchun 120 ming so‘m va bolalar uchun lahadga 20 ming so‘m atrofida to‘lov undiriladi, - deydi Bafo Narzullaev.

Daryo.uz muxbiri Laylo Hayitova ushbu masala yuzasidan qabristonda bo‘lib, mavjud holat bilan tanishgan.

Unga ko‘ra, qabristonda 1700 ga yaqin mayitsiz qabr 2 qavatli qilib qurib, “bezatib” qo‘yilgan.

Ismini oshkor qilishni istamagan vakillardan birining aytishicha, bu mayitsiz qabrlar viloyatning qator sobiq mahalliy rahbarlari tomonidan hali vafot etmagan qarindosh-urug‘lari uchun oldindan “egallab” olingan.

- Mayitsiz qabrlarning egasini aniqlash bo‘yicha Buxoro shahar IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, - deydi jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosari Zokir Hidoyatov.

Nashr muxbiri tirik insonning o‘limdan oldin qabrga egalik qilishi yoki qabrni oldindan sotish amali nechog‘li to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida viloyat bosh imom-xatibi Jobir Elov bilan ham suhbatlashgan.

- Dastlab qabristonga nomlari qo‘yilgan zot haqida ikki og‘iz. Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy xalq tilida Hojatbaror nomi bilan ham mashhur bo‘lgan. Buxoro faqihlarining, Imom al-Buxoriyning ustozlari ham. Islom dinimizda, urf-odatimiz, milliyligimizda qabrni sotish biror joyda keltirilmagan. Qabr sotilishiga aql bovar qilmagan hatto. Shariatimizda osmondan yog‘iladigan qor yoki yomg‘ir tufayli agar qabr ustiga bittagina maysa unib, bir kun ko‘karib tursa ham, Olloh taolo shu ko‘kargan maysa tufayli o‘sha mayitning gunohidan kechgan ekan. Lekin bugungi kunda keng va katta joylar hali qavmlarining o‘limidan oldin “egallab” olingani yetmagandek, mavjud qabrlar ustiga ayvon qilingani juda og‘riqli holat. Bunga faqat isrofgarchilik va hatto o‘limdan keyin ham hashamatga berilishning yomon illati sifatida qarash mumkin.

Qabrlar ustiga qora marmar va granitlarning qo‘yilishi bila’ks mayitlar ustiga yuk azobini ag‘darish bilan barobar. Atrofimizda yordamga muhtoj, uyining tomini yopmagan, hovli-joyi ta’mirtalab qanchadan qancha kamomadli kimsalar bor. Qo‘ldan kelguncha tiriklarga yordam qilish mayit ustiga og‘ir tosh ag‘darib qo‘yishdan ming karra xayrlidir. Qabr kimlar uchun olib qo‘yiladi? O‘lim to‘shagida yotgan keksa odam, o‘limi yaqin bo‘lgan og‘ir bemor uchun faqatgina bitta joyni olishi mumkin. Ikki-uch yoki undan ortiq emas. Bu o‘limdan keyin ham o‘zini o‘zgalardan ustun qo‘yish va manmanlikning ifodasi, xolos, - deydi bosh imom-xatib.

Ayni kunda Hoja Imom Xafsi Kabir Buxoriy qabristonida keng miqyosda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan. 1000 nafardan oshiq mehnat kuchi jalb etilgan. Qabrlar atrofiga 1,5x2 metrdan ziyod qilib o‘rnatilgan temir panjaralar 60 santimetrdan ortiq bo‘lmagan shaklga keltirilmoqda.

Hazrati Imom qabristoni 1000 yildan ortiq vaqtdan beri foydalanib kelinadi.

XS
SM
MD
LG