Линклар

Шошилинч хабар
09 декабр 2019, Тошкент вақти: 13:42

Ukraina prezidenti Zelenskiy o‘ziga bosh vazir izlamoqda


Volodimir Zelenskiyning “Xalq xizmatkori” partiyasi yetakchilari.

Ukrainada 21 iyul kuni o‘tkazilgan parlament saylovlarida prezident Volodimir Zelenskiyning “Xalq xizmatkori” partiyasi eng ko‘p ovoz oldi. Endilikda prezident bosh vazir tayinlashi kerak.

Zelenskiy hukumat tepasiga iqtisod yoki moliya sohalarida tajribaga ega bosh vazir kelishini istamoqda.

Prezident partiyasi yetarlicha ovoz olgani uchun koalitsiya tuzish shart bo‘lmaydi. Shu sabab Zelenskiy muammosiz bosh vazir tayinlashi mumkin. Ammo prezident taklif qilgan nomzodni Verxovna Rada deputatlari tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Ushbu masalada Rossiya bilan yaqindan aloqa o‘rnatish tarafdori bo‘lgan partiya qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.

21 iyul kuni saylov o‘z yakuniga yetganidan keyin Zelenskiy:

- Bizga professional ta’limga ega, avvalam bor Ukrainada, undan keyin G‘arbda hurmatga sazovor bo‘lgan, mustaqil, kuchli odam kerak. Boshqalarga o‘rnak bo‘la oladigan, iqtisodiy guru kerak, - dedi.

Zelenskiy talablariga mos keladigan ikki nomzod borligi aytilmoqda. Bular 2014-16 yillarda Ukraina iqtisod vaziri lavozimida ishlagan litvalik Ayvaras Abromavichyus hamda sobiq moliya vaziri Oleksandr Danilyuklardir.

Abromavichyus saylov natijalarini olqishladi. Liberal qarashlarga ega bo‘lgan siyosatchi 2016 yilda prezident Petro Poroshenko hamda uning biznes hamkorlarini korrupsiyaga qarshi yetarlicha kurashmayotganlikda ayblab, iste’fo bergan edi.

Danilyuk esa 2018 yilning iyunigacha moliya vaziri lavozimida ishlagan. Danilyuk ham ishdan ketayotganini e’lon qilganida korruptsiyaga qarshi kurashdagi kamchiliklarni tanqid qilib, “mamlakatini sotmasligini” aytgan edi.

Kiev bir necha yildan beri G‘arb moliyaviy yordamiga tayanib keladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi Ukrainaga 3,9 milliard dollar qarz berishga rozi bo‘lgan. Kuzda Zelenskiyning ushbu mablag‘ning so‘nggi 2 milliardini olish maqsadida jamg‘arma bilan muzokara olib borishi kutilmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Kievga qolgan qarzni berishidan avval mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashda muayyan natija ko‘rishni xohlaydi.

18 iyul kuni Ukraina Markaziy banki e’lon qilgan bildiruvda “Avvalgi yutuqlarni chippakka chiqaruvchi sud qarorlari, qonuniy tashabbuslar va boshqa qadamlar hamda muhim islohotlarni amalga oshirishdagi kechikishlar Ukraina iqtisodini zaiflashtirib, XVJ bilan hamkorlikni davom ettirishimizga tahdid soladi”, deyiladi.

Bosh vazirlikka nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslar orasida “Naftogaz” shirkati xodimlari Andriy Kobolyov hamda Yuriy Vitrenkolar bor.

Ammo ushbu ikki tadbirkor hukumatga qarashli shirkatda ishlaganiga qaramasdan, yirik bonuslar olgani uchun tanqidga uchrab keladi.

Bosh vazirlikka yana bir bor nomzod 2014-16 yillarda Ukraina Milliy banki direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan Vladislav Rashkovandir. Rashkovan ayni damda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Ukrainadagi direktori o‘rinbosari vazifasini bajarmoqda.

Yana bir yetakchi nomzod 35 yoshdagi Maksim Nefyodovdir. Iqtisod vazirligida ishlab kelgan Nefyodov parlament saylovlaridan bir hafta oldin Ukraina chegara xizmati yetakchisi etib tayinlandi.

XS
SM
MD
LG