Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 17:28

Toshkent va Uoll-Strit uchrashuvi: O‘zbek amaldorlari investor jalb etishga urinmoqda


O‘zbekiston Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rahbari Otabek Nazirov Baker McKenzie kompaniyasi hamkori Tomas Fayrstoun bilan.

Islom Karimovning chorak asrlik repressiv boshqaruvi mamlakat iqtisodiyotini izolyatsiya domiga tushirib qo‘ygandan so‘ng O‘zbekiston chet el sarmoyalari uchun ochilish sari qadamlar qo‘ymoqda.

Yuqori lavozimli o‘zbek amaldorlari Nyu-Yorkka tashrif buyurib, Manhettendagi xususiy klubda Uoll-Stritdagi ayrim taniqli ish odamlarini hukumatning iqtisodiy rejalari bilan tanishtirdi.

22 iyulda Penn-klubda kun bo‘yi davom etgan tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri, Senat raisi o‘rinbosari, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rahbari Citibank, Franklin Templeton va Goldman Sachs singari kompaniyalarning investitsiya bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislari oldida so‘zga chiqdi.

Uch yil oldin bunaqa holatni tasavvur qilib bo‘lmas edi.

Prezident Islom Karimovning 2016 yilgacha davom etgan prezidentligi davrida O‘zbekiston dunyodagi eng repressiv va yopiq mamlakatlardan biri sanalar edi. Diktator Karimov siyosiy muxoliflarni qamoqqa tashlagan, bolalar mehnatini qonuniylashtirgan va ko‘pincha xorijiy sarmoyalarni kiritishga yo‘l bermagan edi.

Iqtisodiy o‘sishning sustligi, ish o‘rinlari kamligiga, qisman bo‘lsada, uning siyosati aybdor. Oqibatda millionlab o‘zbek vatandoshlari Rossiya, Ukraina va boshqa sobiq sovet respublikalaridan ish izlashga majbur bo‘ldi.

Qo‘shni Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboev 10 milliardlab dollarlik chet el sarmoyalarini jalb qilish uchun mamlakatning tabiiy boyliklaridan foydalandi. Buning oqibatida Qozog‘iston¸ u yerdagi aholi soni O‘zbekistonnikidan ikki barobar kamligiga qaramay¸ Markaziy Osiyoning iqtisodiyoti eng yirik mamlakatiga aylandi.

Endi Karimovning vorisi Shavkat Mirziyoev Qozog‘istonning rivojlanish modelidan ulgi olib, O‘zbekistonni dunyoga ochishga harakat qilmoqda.

Ayrim kishilar Mirziyoev ulkan siyosiy islohotlarni amalga oshirish o‘rniga qo‘shnisining avtoritar boshqaruv usuliga o‘tib olishidan xavotir bildirmoqda.

62 yashar sobiq bosh vazir valyuta nazoratiga barham berdi, savdo-sotiqdagi ayrim to‘siqlarni olib tashladi, sovetlar davridan beri ishlab kelayotgan amaldorlarni yosh texnokratlarga almashtirdi, chet ellarda mamlakatning sarmoya potensialini targ‘ib qilmoqda.

Yangi paydo bo‘layotgan bozorlar

Joriy yil boshida Mirziyoev davlat tasarrufidagi o‘nlab korxonani xususiylashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Rossiya bilan Ukraina bu ishni ancha oldin qilgan va sobiq sovet korxonalarini necha o‘n yillar oldin sotib yuborgan edi. Ushbu xususiylashtirish eskirib ketgan korxonalarga nafaqat pul, qolaversa, tajriba ham jalb etish yo‘lidagi qadam bo‘lishi mumkin.

‒ Bu O‘zbekiston uchun chindan ham ulkan, inqilobiy o‘zgarishdir, ‒ dedi Baker McKenzie kompaniyasi hamkori Tomas Fayrstoun.

Biroq Mirziyoev hukumati xususiylashtirishni olg‘a siljitish, mahalliy kompaniyalarga moliyaviy mablag‘ jalb qilishda yordam berishdan oldin yangi paydo bo‘layotgan kapital bozorlarini rivojlantirish, potensial sarmoyadorlarni shu paytgacha deyarli notanish bo‘lib kelgan mamlakati bilan tanishtirishi kerak bo‘ladi.

22 iyulda Manhettenda o‘tkazilgan tadbir ushbu maqsadni ko‘zlagan ilk qadamlardan biri bo‘ldi.

Uoll-Stritdan kelgan 130 dan oshiq investitsiya mutaxassislari huzurida O‘zbekistonning 10 dan oshiq bank va energetika sohasi kompaniyalari rahbarlari taqdimotlar o‘tkazdi, dedi tadbirda ishtirok etgan aktivlar boshqaruvchisi Alisher Jumanov.

O‘zbekistonning yaqinda tashkil etilgan Kapital bozorlarini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov Uoll-Strit namoyandalariga mamlakatning mahalliy qimmatbaho qog‘ozlar va obligatsiyalar bozori hamda bo‘lg‘usi xususiylashtirish haqida so‘zlab berdi.

Nyu-Yorkdagi Goldman Sachs bankining sobiq xodimi Nazirovni Mirziyoev hukumati vataniga mamlakatning bozor haqidagi qonunlarini ishlab chiqishda yordam berish uchun taklif qilgan edi. U Uoll-Stritda ishlagan vaqti amal qilgan qonunlarini O‘zbekistonda joriy qilmoqchi ekanini aytdi.

Investorlar bilan uchrashuvlar muhim, chunki o‘zbek amaldorlari ulardan islohotlar rejasiga oid tanqidiy fikr-mulohozalar olish imkoniga ega bo‘ladi.

Jozibali sarmoya maskanimi?

Investitsiya bo‘yicha mutaxassislar O‘zbekiston sobiq sovet respublikalari xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirish paytida yo‘l qo‘ygan xatolardan xulosa chiqarishi kerakligiga e’tibor qaratdi.

Macro-Advisory firmasining Yevroosiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qiluvchi hamkori J.R.Natkin O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida tashkil etilgan tadbirda AQSh rasmiylariga qarata Rossiya 90-yillarda qimmatbaho qog‘ozlarga oid kuchli qonun qabul qilishdan oldin rivojlanayotgan kapital bozorlarini qonunbuzarliklar uchun ochiq qoldirganini gapirib berdi.

O‘zbekiston AQSh sarmoyadorlari va kompaniyalari uchun jozibali investitsiya maskani bo‘lishi mumkin, chunki ko‘p, yosh va o‘sib borayotgan aholisi, tabiiy gaz va oltin singari ancha-muncha tabiiy resurslari bor. Boz ustiga mamlakat Xitoy bilan Yevropa o‘rtasidagi Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan. Nufusi jihatdan 33 millionlik O‘zbekiston postsovet hudidida 3-o‘rinda, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinda turadi.

Mamlakatning sarmoya jalb etish va kapital bozorlarini barpo qilishdagi eng yirik muammolaridan biri malakali mutaxassislar yetishmasligidir. Garchi hukumat Nazirov va o‘tgan yili AQShdan O‘zbekistonga ko‘chib borgan Jumanov singari vatandoshlarini jalb qilayotgan bo‘lsa-da, bunaqa mutaxassislar juda ko‘p kerak, deydi Kolumbiya universitetining Harrimen instituti direktori va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Aleksandr Kuley.

‒ Ular ushbu islohotlarning barchasini amalga oshirmoqchi bo‘layapti, lekin huquqiy ekspertizasi va texnik potensiali bormi? – deydi u.

Qozog‘iston ushbu mummoni “Bo‘lashak” dasturini ishga tushirish bilan minimal darajaga tushirdi, dastur 10 ming nafar kollej bitiruvchilarining chet eldagi o‘qishi xarajatlarini qoplab berdi va mutaxassislar uyushmasini tashkil qildi, deydi Kuley. “Bo‘lashak” dasturiga qabal qilingan bitiruvchilar vataniga qaytib, 5 yil ishlab berishi kerak.

O‘zbekistondagi “Umid” deb ataluvchi shunga o‘xshash loyiha “Bo‘lashak”day qamrovga ega bo‘lmadi, endi hukumat chet ellardagi o‘zbek diasporasiga murojaat qilishga majbur. Lekin bu oson bo‘lmaydi, chunki o‘zbek kompaniyalari vatandoshlarga Uoll-Strit yoki boshqa moliyaviy tashkilotnikiday maosh to‘lay olmaydi.

Maoshdan tashqari xizmat pillapoyasidan ko‘tarilish hamda islohotlar to‘xtab qolmasligiga ishonch yo‘qligi ham o‘zbeklarning yangi borib joylashgan mamlakatidan ortga qaytishiga monelik qilmoqda.

Hozir ko‘pchilik Mirziyoevga ko‘z tikib turibdi. U iqtisodiyotni dunyoga ochayotgan, ko‘plab mutaxassis vatandoshlarni yurtga qaytarayotgan bo‘lsa-da, uning siyosiy sohada islohot o‘tkazishga ishtiyoqi ko‘zga tashlanmayapti.

Uning kuyovi Otabek Shaxanov prezident xavfsizlik xizmati rahbari va jiddiy ta’sir kuchiga ega, qizi Saida esa yaqinda tashkil etilgan prezident huzuridagi matubot va axborot agentligi boshlig‘iga o‘rinbosar etib tayinlandi. Agentlik kommunikatsiya va axborot vositalarini nazorat qiladi.

Garchi Mirziyoev minglab diniy mahbuslarni ozod qilgan, ayrim NNT va OAVning mamlakatga qaytishiga ruxsat bergan, bolalar mehnatini qisqartirgan bo‘lsa-da, tanqidchilar u boshliq hukumat qishloqlarni tiklash dasturiga ko‘ra odamlar bepul ishlashga majburlayotganini aytmoqda.

Qo‘shma Shtatlar bilan Evropa Ittifoqi O‘zbekistonning iqtisodiyot sohasidagi olg‘a siljishlarini bo‘rttirib yubormaslik uchun ehtiyot bo‘lishi kerak, deydi Kuley.

− Xalqaro standartlarga ko‘ra, O‘zbekiston hamon avtoritar davlat, u faqat iqtisodiy, huquqiy va ijtimoiy ta’sirlar uchun bir oz ochilishga harakat qilmoqda, − dedi u.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG