Линклар

Шошилинч хабар
21 август 2019, Тошкент вақти: 20:53

Navoiy viloyat hokimi uyi va do‘konini «obod» qilmaganlarni gaz¸ suv¸ svetdan uzishni buyurdi (AUDIO)


Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov xalq bilan uchrashmoqda.

Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunov ekani aytilgan audioda ovoz egasi «Obod markaz» dasturiga tushgan ko‘chalarda o‘z uyini «bo‘yab-bejamagan» oilalarni gaz¸ svet va suvdan uzishni buyuradi.

Nutqi davomida gapirayotgan shaxs o‘zining viloyat rahbari ekanini bir necha marta tilga oladi¸ shuningdek, majlisda qatnashgan prokurordan «bundaylar»ga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lish va hokim aytganini qilmaganlarni jinoiy jazoga tortishni talab qiladi.

Audioni Ozodlikka yuborgan navoiylikning aytishicha, bu gaplar 11 iyul kuni Xatirchi tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilgan.

Navoiy viloyati va Xatirchi tuman hokimligi rasmiylaridan¸ 11 iyul kungi majlisda berilgan buyruqlar yuzasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ketma-ket ikki kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob berganlar¸ o‘zlarining bunday majlis va unda aytilganlardan "bexabar"liklarini aytish bilan cheklandilar.

Viloyat hokimi tuman hokimiga¸ tuman hokimi….

Navoiy viloyat hokimining 11 iyul kuni Xatirchi tumanida o‘tkazgan selektor yig‘ilishi¸ ishtirokchilarga ko‘ra¸ "Obod markaz" loyihasi ijrosiga bag‘ishlangan.

Majlisda shaxsan qatnashgan mahalliy mulozimlardan biri¸ «bu yerda aytilgan ayrim gaplar xatirchiliklar uchun hayot-mamot masalasi» ekanini alohida ta’kidlab¸ jamoatchilikka e’lon qilish so‘rovi bilan uning audioyozuvini Ozodlikka yubordi.

Tuman hokimi va boshqa rahbarlari¸ qolaversa¸ xatirchilik mullalardan tortib to mahalla raislarigacha qatnashgan majlisda viloyat hokimi 200 ming aholi yashaydigan Xatirchida «Obod markaz» dasturini amalga oshirish uchun 81 milliard so‘m ajratilganini¸ ammo tuman obodlashmaganini qayta-qayta takrorlaydi.

Yozuvdan¸ majlis davomida Navoiy viloyat hokimining¸ boshqa viloyatlar¸ xususan¸ Andijon va Farg‘ona hokimlaridan farqli¸ o‘zini og‘ir-bosiq tutgani¸ hech kimni haqorat qilmagani¸ bank rahbari va mahalla raislaridan boshqalarga «siz» deb murojaat qilgani anglashiladi. Ayni paytda majlisda hokim quyidagi buyruqni beradi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:06 0:00
Бевосита линк

«Hozir man ko‘rsataman¸ qaysi uyni buzasan¸ qaysi ariqni cho‘zasan¸ qaysi ariqni ko‘masan. Prokuror ro‘yxatini beradi¸ bajarmagan uyni tepadan gazi bilan svetini qirqasan tepadan. Bajarmagan uydi tepasidan qirqasan. Siyosatni tushunmagan bo‘lsa¸ man bo‘ynimga olaman¸ «Obod markaz» ketayapti¸ agar 10 kunda o‘zgarish bo‘lmasa¸ transformatorini o‘chiraman. O‘chiraman transformatorini¸ agar el tushunmaydigan bo‘lsa bu mehribonlikni¸ deydi Navoiy viloyati hokimi Xatirchidagi majlis ishtirokchilariga qarata.

Hokim buyrug‘i bilan "obod"lashgan markaziy ko‘cha.
Hokim buyrug‘i bilan "obod"lashgan markaziy ko‘cha.

Viloyat hokimining gapini ma’qullab so‘zga chiqqan Xatirchi tuman hokimi G‘ofir Aliev¸ bunday usulni anchadan beri qo‘llab kelayotganini aytib¸ hisob beradi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:04 0:00
Бевосита линк

“Tamabaxrin “Obod qishloq”da svetiyam o‘chirildi¸ gaziyam o‘chirildi. O‘chirildi hammasi. Bog‘ishamol “Obod qishloq”dayam ishlarimiz bo‘layapti¸ lekin ko‘ngildagidek emas. U yerdayam tegishli choralar ko‘rilayapti. Aholisi ko‘tarildiyu¸ va’da berdi 10 kunda hamma ishni tugatamiz¸ deb. Mana endi markazga keldik. Qobuljon aka (viloyat hokimining ismi – tahr.) markazdagi eng nima narsa¸ qani birov kelib qilib beradimikan¸ deb qarab o‘tiribmizda. Aholida boqimandalik kayfiyati bor. O‘zini uyini qilmayapti¸ qolgan hamma narsa davlat tomonidan qilib berilayapti – suviyam¸ elektroenergiyasiyam¸ yo‘l qilinayapti¸ detsad qilinayapti¸ maktab qilinayapti. 81 milliard so‘m Xatirchiga shu narsaga ajratilayapti.”¸ deydi 11 iyul kungi selektorda Xatirchi tuman hokimi.

“Hokimlar oddiy xalqni “shantaj” qilmoqda”

Ozodlik gaplashgan mahalliy mulozim¸ majlisdagi viloyat va tuman hokimi aytganlar¸ aholiga gaz¸suv va elektr kabi «hayot-mamot» uchun zarur xizmatlarning¸ shantaj vositasiga aylanganini tasdiqlashini aytadi.

Obod mahalla” quraman, “Obod markaz” quraman deb odamlarni gazini va svetini uzib qo‘yish bilan qo‘rqitish noqonuniy majburlashdir. Majlisda tuman hokimi ikkita mahalla (qishloq) ni shunday qilganini¸ viloyat hokimi esa ikkita yoki uchtami tumanni shunday qilganini o‘zi maqtanib aytayapti. Bu borib turgan qonunsizlikku!”¸ deydi bu majlis ishtirokchilaridan biri.

“Obod” deb ataladigan dasturlardan xalq bezib qolgan...”

Ozodlik gaplashgan xatirchiliklar¸ O‘zbekistonning aksar shahar va tumanlaridagi kabi¸ “obod” qilish iddaosi bilan qilinayotgan buzilishlar¸ ro‘zg‘orini zo‘rg‘a o‘tkazayotgan xalqni tomi va devorini bo‘yashga majburlashdan bezib qolganini aytadi.

"Obod markaz" dasturi doirasida xatirchiliklar o‘z uy va do‘konlari fasadini bo‘yashga majburlanmoqda.
"Obod markaz" dasturi doirasida xatirchiliklar o‘z uy va do‘konlari fasadini bo‘yashga majburlanmoqda.

Puli borlar¸yo‘l chetiga qurilgan devori bormi¸ do‘koni bormi¸ o‘zi buzib¸ o‘zi tuzatayapti. Masalan¸ men hammasini o‘z hisobimdan qildi. Lekin yo‘qlar ham ko‘pku! Kredit olishga hech vaqosi yo‘q¸ hokimiyat aytgan buyruqni qilmasa¸ gazi¸ sveti¸ suvi o‘chirilsa¸ jaziramada qanday kun ko‘radi bular”¸ deydi xatirchilik kichik tadbirkorlardan biri.

Hokim prokurorga xalq ustida eksperiment qilishni buyurdi

11 iyul kuni Xatirchida o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘zining viloyat hokimini ta’kidlab turib gapirgan notiq¸ zalda o‘tirgan prokurorni¸ hokimlik buyrug‘ini bajarmaganlarni ma’muriy¸ so‘ngra esa jinoiy javobgarlikka tortmagani uchun yozg‘iradi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:26 0:00
Бевосита линк

"Qanchalik og‘ir bo‘lmasin¸ buning nazoratini kuchaytirishimiz kerak¸ ertaga siz bilan maniyam javobgarligim bor. Birinchi sizdan so‘raydi¸ keyin mandan. Lekin man bu holda qo‘ymayman. Mana prokuror aytsin¸ nima uchun ma’muriyga tortib bermayapti. Siz nima uchun hokimiyat nimasini(buyrug‘ini demoqchi - tahr.) bajarmagani uchun ma’muriyga tortmayapsiz prokuror bova? Bajarmasa¸ buning qonun-qoidasi bor. Andishani yig‘ishtirib qo‘yishimiz kerak. Ikki marta tortganing (ma’muriy javobgarlik demoqchi - tahr.) nima bo‘ladi¸ jinoiy bo‘ladi. Nima uchun shu eksperimentni qo‘llamayapsiz¸ tushunmaydigan bo‘lsa"¸ deydi Navoiy viloyati hokimi zalda o‘tirgan prokuratura mutasaddisiga qarata.

Prokurorning bunday eksperiment taklifiga qanday javob bergani¸ mikrofondan uzoqda bo‘lgani bois¸ Ozodlikka yuborilgan audiodan tushunilmaydi.

Prokuror izohidan so‘ng yana gapini davom ettirgan hokim¸ "bu qilinayotgan ishlardan" norozi bo‘lib chiqqanlarni "qora niyatli odamlar" deb ataydi va ularning "shundayligini rahbariyat" tushunishini ta’kidlaydi.

"Siz uch marta bordingizmi¸ san buyrug‘imni bajarmadingmi¸ yo‘q¸ hokimiyat vakilining buyrug‘ini bajarmaganlik uchun nima bor - ma’muriy bor. Nima uchun ma’muriyga tortmaysiz? Ikki marta tortdizmi¸ uchinchisi jinoiy bo‘ladi. Andishaniyam chegarasi bor¸ biz muddat olganmiz"¸ deydi Navoiy viloyati hokimi prokurorga qarata.

O‘zbekiston Respublikasining "Prokuratura to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra:

prokuratura idoralari nazoratni va o‘z vakolatlarini davlat hokimiyati hamda boshqaruv mahalliy idoralaridan, mansabdor shaxslardan, jamoat birlashmalaridan mustaqil ravishda O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qilib turgan qonunlarga, xalqaro va davlatlararo shartnomalarga (bitimlarga) qat’iy rioya etib, faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga bo‘ysungan holda amalga oshiradilar.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG