Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:43

Xorazmda ichki ishlar xodimlari "Mushtum" jurnali muxbirining telefoni va noutbukini olib qo'ydi


Jurnalist Boltaboy Matqurbonov
Jurnalist Boltaboy Matqurbonov

21 iyul, tushdan keyin Xorazm viloyat, Qo‘shko‘pir tuman ichki ishlar xodimlari ayni tumanning G‘oziobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi jurnalist, "Mushtum" jurnali muxbiri Boltaboy Matqurbonovning uyiga borib, unga tegishli noutbuk va qo‘l telefonini olib ketgan.

Bu haqda Ozodlikka 26 iyulda xabar qilgan 59 yashar Boltaboy Matqurbonovning aytishicha, ikki nafar ichki ishlar xodimi uning noutbuki va telefoni o‘rganish uchun olinayotganini bildirgan, biroq jurnalistga hech qanday bayonnoma taqdim etmagan.

Qo‘shko‘pir tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi Ozodlik muxbiriga ayni hodisa yuzasidan izoh berilmasligini ma’lum qildi.

Tekshiruv

Boltaboy Matqurbonovning aytishicha, noutbuki va qo‘l telefoni olib qo‘yilganidan ikki kun o‘tib, 23 iyul kuni ichki ishlar xodimlari uni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) Urganch filialiga chaqirganlar.

TATU binosida kompyuter mutaxassislari guvohlar o‘ngida jurnalistning noutbuki va telefonini tekshirib chiqqan.

- Urganchda TATUga chaqirishdi. O‘sha yerga noutbuk va telefonni olib borib, mutaxassislarga ko‘rsatishdi. Telegramni ko‘rib, ichidagi suhbatlarni suratga, videoga olishdi. Keyin tergovchiga borasiz, sizni tergovchi chaqiradi, deyishdi. Shu bo‘ldiyu chaqirmadiyam. Narsalarim ichki ishlarda yotibdi, dedi Boltaboy Matqurbonov.

Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, ichki ishlar xodimlari telefon va noutbukni tekshirishdan maqsadlari uning boshqa bir jurnalist, Mahmud Rajab bilan aloqasi va yozishmalarini o‘rganish ekanini aytganlar.

Boltaboy Matqurbonov jurnalist Mahmud Rajabov bilan do‘stona munosabatlari borligini inkor etmadi.

Boltaboy Matqurbonov "Mushtum" hajviy jurnalining Xorazm viloyati bo‘yicha muxbiridir.

U Xorazm viloyatidagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hajviy maqolalari orqali yoritib keladi.

SamDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan jurnalist 2014 yilda "G‘oziobod ilhomlari" nomli she’riy kitobini nashr etgan.

Taqiqlangan adabiyotlar

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi 14 may kuni bildiruv e’lon qilib, shoir va jurnalist Mahmud Rajabga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

"Jinoyat ishiga, 2019 yilning 26 mart kuni “Toshkent” aeroportida ko‘zdan kechirilgan Mahmud Rajabning qora rangli sumkasidan chiqqan 26 dona kitob, bir dona “Mi 5+” rusumli uyali telefon apparati va undagi yozuvlar sabab bo‘lgani" haqida xabar qilgan IIV boshqarmasi.

Shu yilning mart oyida Mahmud Rajab Tbilisidan Istanbul orqali shoir va muxolifatdagi "Erk" partiyasi yetakchisi Muhammad Solih asarlarini olib kelayotganida Toshkent aeroportida taqiqlangan adabiyotlar sifatida olib qo‘yilgan edi.

"Do‘stlarni uzoqlashtirish"

Mahmud Rajab 26 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda 10 may kuni xavfsizlik xodimlari tomonidan uning uyidan olib ketilgan noutbuk, Muhammad Solihning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobi va uning marhum umr yo‘ldoshi Oydin Solihning "Haqiqiy tibbiyot" kitobi haliyam qaytarib berilmaganini aytdi.

- Uydan olib ketilgan telefonimni qaytarib berishdi, lekin noutbukni hali berishgani yo‘q. Tekshirish xulosalari chiqqanidan keyin ma’lum bo‘ladi. Keyin ko‘ramiz u yog‘i nima bo‘lishini, - dedi Mahmud Rajab.

Boltaboy Matqurbonovdan noutbuki va qo‘l telefonining olib qo‘yilishini Mahmud Rajab bevosita o‘ziga qo‘zg‘atilgan jinoiy ishga bog‘ladi:

- Maqsad - menga yaqin bo‘lgan do‘stlarimni uzoqlatish. Bu ko‘rinib turibdi. Ikkinchidan, mening ishimda - aeroport voqeasida ham, mening uyimni tintuv qilib ham - biron bir jo‘yali ayb topisha olmadi. Endi o‘zlari ayb qo‘ya olmagandan keyin jurnalistlardan, menga yaqin kasbdoshlarimizdan menga qarshi biron bir narsalarni rejalashtirayotgan bo‘lishlari mumkin, - dedi Mahmud Rajab.

Mahmud Rajab, Muhammad Solihni vatanga qaytarishni so‘rab prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat bilan chiqqan o‘zbek jurnalistidir.

Bir yil ilgari, 2018 yilning 29 mayida shoir Mahmud Rajab va yana uch nafar shaxs Muhammad Solih rasmi bilan tushgan suratini tarmoqqa qo‘ygani uchun prokuraturaga chaqirilgan edi.

Qo‘shko‘pir tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi Ozodlik muxbiriga Boltaboy Matqurbonovning noutbuki va qo‘l telefoni olib qo‘yilgani yuzasidan izoh berilmasligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash boshqarmasi o‘zining Telegram kanalida 18 iyul kuni akkreditatsiyadan o‘tmagan xorij ommaviy axborot vositalari xabarlariga munosabat bildirmasligini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG