Линклар

Шошилинч хабар
18 август 2019, Тошкент вақти: 07:51

Xorazmlik ota-onalar ixtisoslashgan maktab rahbariyatini qalloblikda aybladi


Maktab o‘quvchilari (illyustrativ surat)

Xorazm viloyati Yangibozor tumanida istiqomat qiluvchi bir nechta ota-ona Ozodlikka shikoyat qilib, tumandagi 10-ixtisoslashgan maktab rahbariyatini qalloblikda aybladi.

Ota-onalarning iddao qilishicha, maktab rahbariyati dastlab 4-sinfni bitirgan bolalarni 15 avgustda imtihonga tayyorlash va’dasi bilan 127 nafar ota-onadan 60 ming so‘mdan pul yig‘ib olgan, ammo o‘quv kurslari so‘ngida, bolalar imtihonlarga kiritilmasligini bildirgan.

Qalloblik ayblovlarini rad etgan 10-ixtisoslashgan maktab direktoriga ko‘ra, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga kiritilgan yangi o‘zgartishlar asosida maktabga qabul qilish 5-sinfdan emas, 7-sinfdan boshlanadi.

Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i ushbu holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini bildirdi.

“O‘g‘irlikmi yoki qalloblik?”

Hozirda Rossiyada haydovchilik qilayotgan yangibozorlik Oybek Jumaniyozovning Ozodlikka aytishicha, may oyi boshida 10-ixtisoslashgan maktab rahbariyati 4-sinfni bitirgan yuzlab bola ota-onalari bilan yig‘ilish o‘tkazib, farzandlarini 15 avgustda o‘tkazilajak ixtisoslashgan maktabga kirish imtihonlariga tayyorlab berishga va’da qilgan.

-O‘qituvchi borib, sizlarni ixtisoslashgan maktabga o‘qishga qabul qilamiz, deb aytgan. Shu bilan mening bolam qiziqib, maktabga borgan. Borsa, 60 ming so‘m to‘laysizlar, bir oy podkurs bo‘ladi, deyishgan. Ota-enalar 60 mingdan pul to‘lab, farzandlarini o‘qitdi bir oy, 3 iyundan 3 iyulgacha. Keyin o‘qituvchilar "15 avgustda ekzamen bo‘ladi, shuning uchun 1 avgustdan 14 avgustga kelinglar yana podkursga. 30 ming so‘mdan to‘laysizlar", deyishgan. Yaxshi. Hamma rozi. Bugun telefon qilishsa, (5-sinfga o‘tgan bolalarni o‘qishga qabul qilish) to‘xtatildi, 7-sinfdan oladi endi, deyishipti. O‘zbekiston Ta’lim vazirligining qilib o‘tirgan ishini nima deb tushunish mumkin: o‘g‘irlikmi yoki qalloblik? - dedi Oybek Jumaniyozov.

Ayni o‘quv kursida 4-sinfni bitirgan qizini o‘qitgan onaning aytishicha, qizini ixtisoslashgan maktabga o‘qishga kiritish orzusi uzoqqa cho‘zilmagan.

Har yili 4-sinfni bitirgan bolalarni o‘qishga olishardi. Bizam borib 60 ming so‘m pulni Xalq bankiga topshirdik. Qizim xursand bo‘lib, 1 oy podkursga qatnadi. Ustozlar yaxshi dars o‘tar ekan, dedi. Keyin maktabga 7-sinfdan olamiz deyishga o‘tishdi. O‘rtada sarson bo‘lganimiz qoldi,” dedi ismi oshkor etilishini istamagan yangibozorlik ona.

Ota-onalar iltimosi

Yangibozordagi 10-ixtisoslashgan maktab direktori Shoira Ramazanova 127 nafar 4-sinfni bitirgan bolalarga maxsus kurs tashkil etilganini tasdiqladi, ammo ularni imtihonga tayyorlash va’dasi bo‘lmaganini aytdi.

-Ota-onalarning roziligi bilan, o‘zlarining iltimosi bilan bolalarni o‘qitib berganmiz. Vazirlar Mahkamasining 173-sonli qaroriga asosan 5-sinf qabuli bo‘lardi. Bu yil ham ikkita sinfga kvota berilgan. Shu bekor bo‘ldi. Lekin ota-onalar rozi farzandlarini o‘qitganimizga, - dedi Shoira Ramazonova.

Maxsus maktabga bolalarni 5-sinfdan qabul qilish bekor qilingani haqida maktab rahbariyati ta’lim kurslari ochilmasdan oldin ota-onalarni xabardor qilganmi?

Ayni savol bilan Ozodlik Xorazm viloyati Xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i Hamro Bektemirovga bog‘landi.

-Unaqa podkursga olinglar, degan gap yo‘q. Lekin har bir maktab yuridik muassasa hisoblanadi. Bu maktablar o‘qituvchilari tayyorlash kurslari ochib, maktabga pul tushirishi mumkin. Mana shu tushirilgan puldan o‘qituvchiga oylik maoshi tayinlanishi mumkin. 10-maktabdagi holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazamiz, - dedi Hamro Bektemirov.

Mirziyoyevning ta’lim sohasidagi islohoti

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov o‘limidan so‘ng davlat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyev boshqa sohalar qatorida xalq ta’limi sohasini ham isloh qilishga urinmoqda.

Karimov davrida shakllantirilgan 9 yillik umumiy ta’lim + 3 yillik kasb ta’limi tizimini Mirziyoyev bekor qildi, mamlakat bo‘ylab qurilgan yuzlab kollej binolari bo‘shab qoldi.

9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimi 1997 yil 29 avgustda imzolangan "Ta’lim to‘g‘risida"gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida joriy qilingan edi.

O‘tgan yili O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 yillik ta’limni qayta tikladi. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, bu yil 279 ming nafar o‘quvchi 11 yillik ta’lim tizimining ilk bitiruvchilari bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG