Линклар

Шошилинч хабар
18 август 2019, Тошкент вақти: 07:04

OzodDayjest: Xotinidan qasd olmoqchi bo‘lgan yigit farzandlarini to‘rtinchi qavatdan tashlab yubordi


Illyustrativ surat.

Toshkentda ruhiy xasta erkak ikki farzandini to‘rtinchi qavatdan pastga uloqtirdi. Abiturientlarga Qashqadaryodagi “xalqaro universitet” faoliyati noqonuniy ekani ma’lum qilindi. Buxoroda tibbiyot va ta’lim sohasi vakillari jinoyatga qo‘l urayotgani qoralandi.

_____________________________________________________________

Otasi to‘rtinchi qavatdan pastga uloqtirgan bolalar umrbod nogiron bo‘lib qoldi

Toshkent shahri Yunusobod tumanida mudhish hodisa ro‘y berdi: ruhiy xasta erkak pushtikamaridan bo‘lgan ikki farzandini ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidan pastga uloqtirdi (www.repost.uz, 30 iyul). Internet nashrning “Mahalla” telekanaliga tayanib xabar berishicha, noxush voqea joriy yil 10 yanvar kuni sodir bo‘lgan. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli bolalar qutqarilgan, ammo ular bir umrga nogiron bo‘lib qolgan. Bolalarning onasi dastlab turmush o‘rtog‘i xasta ekanidan bexabar bo‘lganini aytgan. Bemor eri turli “hunar”lar ko‘rsata boshlagach, ayol ajrashish haqida sudga ariza bergan. Er esa xotinidan qasd olish maqsadida farzandlarini 4-qavatdan uloqtirgan. Hozirda bolalarning otasi qamoqda ekani xabar qilingan.

Hukumat inspeksiyasi Qashqadaryodagi “xalqaro universitet” faoliyati noqonuniy ekanidan ogohlantirdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi abiturient va ota-onalarni noqonuniy ravishda hujjat qabul qilayotgan “xalqaro universitet”dan ehtiyot bo‘lish hamda yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirdi (“Oila davrasida”, 1 avgust). Qashqadaryo viloyatida “Xalqaro ijtimoiy-iqtisodiyot universiteti” nodavlat oliy ta’lim muassasasi 2019/2020 o‘quv yili uchun abiturientlardan hujjat qabul qila boshlagan. Ta’lim inspeksiyasiga ko‘ra, mazkur muassasa litsenziya olish uchun bir necha bor ariza bilan murojaat qilgan, lekin amaldagi talab va normalarga javob bermagani bois so‘rovi rad etilgan. Ushbu muassasaning norasmiy faoliyati bo‘yicha Qashqadaryo viloyati hokimligiga xat yuborilgani ma’lum qilingan.

Buxoroda tibbiyot va ta’lim sohasi vakillari jinoyatlarga qo‘l urayotgani qoralandi

Buxoro viloyatida tibbiyot va ta’lim sohasi vakillari jinoyatlarga qo‘l urayotgani achinarli holat, deb baholandi (“Postda”, 27 iyul). Masalan, Jondor tuman tibbiyot birlashmasi akusher-ginekologi B. N. xizmat xonasida fuqaro R. H.ning homiladorligini ro‘yxatga qo‘yish evaziga 400 ming so‘m olayotganda ushlangan.

Ta’lim sohasi vakillari orasida ham huquqbuzarliklar ko‘p uchramoqda. Masalan, G‘ijduvondagi 24-maktab o‘qituvchisi A. I. Buxoro davlat universitetiga o‘qishga kirish uchun hujjatlar topshirgan. Hujjatlar orasida Buxoro pedagogika kolleji tomonidan uning nomiga berilgan diplom ham bo‘lgan. Ammo tekshirish chog‘i diplom soxta ekani aniqlangan. IIV nashri holatni tanqidiy baholab, zarur chora-tadbirlar ko‘rishga undagan.

XS
SM
MD
LG