Линклар

Шошилинч хабар
17 август 2019, Тошкент вақти: 17:53

Prezident Mirziyoyev Jasliq koloniyasini tugatishga qaror qildi


Jasliq koloniyasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2 avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarori bilan Qoraqalpog‘istonning Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish belgilandi.

Bu haqda 3 avgust kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Xabarda prezidentning mazkur qarori "tarixiy" deya qayd etilgan.

"Mazkur tarixiy qaror ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarda qonunga itoatkor xulq-atvorni, shaxs va jamiyatga hurmat munosabatini shakllantirishga yo‘natirilgan axloqan tuzatish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq davlatimizning xalqaro arenalarda ijobiy mavqeini ilgari surish maqsadida qabul qilinganligi qayd etilgan," deyiladi xabarda.

Diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Xalqaro komissiyasi 29 aprel kuni jamoatchilik e’tiboriga taqdim etilgan hisobotida O‘zbekistonga diniy motivlar bilan qamalganlarning asosiy qismi saqlanayotgan Jasliq qamoqxonasini yopishni ham maslahat bergandi.

Komissiya, shuningdek, O‘zbekiston hukumatiga 1998 yilda qabul qilingan din to‘g‘risidagi qonunni qayta ko‘rib chiqib, isloh qilishni, dindorlarning huquqlarini xalqaro inson huquqlari me’yorlariga tenglashtirishni taklif qilgandi.

Prezident Mirziyoyev 2017 yilning 1 sentabrida mamlakatda “diniy-ekstremist oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 ming nafari nazoratdan chiqarilgani, ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini ham aytgan edi.

2018 yilning may oyida AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonda diniy erkinliklar vaziyatini yaxshilashga qaratilgan qadamlarni olqishlagan holda, bu jarayon sekinlik bilan olib borilayotganini e’tirof etgandi.

Davlat departamenti 2018 yilning dekabrida O‘zbekistonni "alohida xavotirga molik davlatlar" ro‘yxatidan chiqarib, “maxsus nazorat qilinadigan davlatlar” ro‘yxatiga kiritgan edi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi O‘zbekistonga 2002 yildan buyon Jasliq koloniyasini yopishni tavsiya etib kelayotgandi.

XS
SM
MD
LG