Линклар

Шошилинч хабар
22 август 2019, Тошкент вақти: 06:07

Mirziyoyev "xiyonatchi" hokimlarni jazolashga buyruq berdi (AUDIO)


Prezident Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga siyosatiga xiyonat qilgan Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyati hokimlarini ishdan olish masalasini ko‘rib chiqish haqida topshiriq berdi. Shavkat Mirziyoyev toshpirig‘i 2 avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yangradi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:31 0:00
Бевосита линк

Do‘stlikka xiyonat va siyosatga dushmanlik qilgan hokimlar ish masalasi ko‘rib chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev internet nashrlarida bu viloyatlardagi buzilishlarga fikr bildirgan o‘zbekistonliklarning yozganlarini dastak qilib keltirib, u ishongan hokimlar unga "katta dushmanlik" qilganini aytdi.

-Aripov bilan Nizomiddinovga topshiriq, qaysi viloyat hokimini ishdan olishni taklif bering. Menga kerak emas! Yana bir marta aytyapman, bu siyosat bilan biz uzoqqa bora olmaymiz — zo‘ravonlik siyosati bilan! Agar zo‘ravonlik siyosati zo‘r bo‘lganda 30 yilda zo‘r bo‘lib ketardik", - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

"Sen noinsof, buzishdan oldin kallang bilan o‘ylab ko‘rmaysanmi?"

Prezident uylari buzilib ko‘chada qolgan, oylab tovon pulini ololmagan minglab odamlarning ko‘chaga chiqib avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani uchun, Xorazm viloyati hokimi Ermanovni qattiq tanqid qiladi:

- Mening siyosatimga eng katta dushmanlik qilganlardan biri - Xorazm viloyati hokimi janob Ermanov. Ermanovga internetdagi izohlardan senga va senga o‘xshagan noinsoflaringga «tabrik» jo‘nataman.

Urganch shahar hokimi [Shuhrat Abdullayev - tahr.]ni jinoiy javobgarlikka tortamiz, desam, advokat bo‘lib, bosh vazirimizga iltimos qilding. Mana, sening menga qilgan "do‘stliging". Sen va mening siyosatim to‘g‘risidagi bugun chiqqan izohlarni o‘qi.

Sen noinsof menga do‘st bo‘lsang, buzish qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan u yerni buzib? Mana, izohlarni o‘qi. Bosh vazir borganidan so‘ng odamlar nima deb yozayapti? Sening surating yo‘q bu yerda. Bosh vazirniki turibdi va prezidentning siyosatiga la’nat aytishyapti.

Atrofingda o‘tirgan odamlaring bilan mana menga qilgan dushmanliklaring. Buzishdan oldin kallang bilan o‘ylab ko‘rmaysanmi, buzgandan foyda bormi yoki yo‘q? U noinsoflarga shuncha pul berdik 30-50 milliardlab, nima qilasan u pulni? Katta xolangning pulimi u moliya vazirligining puli? Yo O‘zbekistonga o‘tkazib qo‘ygan joying bormi?

Birovni ishdan olish, jinoiy javobgarlikka tortish kerak bo‘lsa darrov advokatga aylanasizlar.

Bularni o‘qib men qanday kabinetimda tinch o‘tira olaman? - dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ozodlik Xorazm viloyat, Urganch tuman, Ashxobod ko‘chasida istiqomat qilgan minglab odam 26 iyul kuni kechasi Urganch-Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani, odamlar hokimlik uyi buzilganlarga tovon pulini bermayotganiga, qurilish materiallari narxi haddan ortiq oshib ketganiga norozilik bildirgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan edi.

Bu voqeani eshitgan prezident Bosh vazirni shoshilinch tarzda Urganchga yuborgan, Abdulla Aripov norozi aholi bilan uchrashib, o‘sha kunning o‘zida tovon pulini to‘lattirgan edi.

"Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim?"

Prezident Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevni ham qattiq tanqid qilib, uni prezident siyosatini butun dunyoga sharmanda qilganini aytdi:

- Qashqadaryoning vallomati bor, Ro‘ziyev degan, 5 yil qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan noinsof. DXX rahbari borganidan so‘ng chiqqan izohlarni o‘qi. Bitta jinnining qarindoshi bilan janjal qilib, mening siyosatimni butun dunyoga sharmanda qildi. O‘zimni tumanim, u qilaman, bu qilaman, deysan. Bitta tuzukroq kadring yo‘q, yana Dehqonobodga tirmashasan. Mana, sening menga qilgan "do‘stliging". O‘zbekistondagi hozirgi oshkoralik, shaffoflikni ta’minlay, deb kechayu-kunduz yuritayotgan siyosatimga atrofingdagilar bilan qilgan "do‘stliging," - dedi Shavkat Mirziyoyev.

U odamlar uyini buzishga topshiriq bermaganini qo‘shimcha qildi.

- Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan o‘tirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman.

Mana, sening "do‘stliging", janob Ro‘ziyev! O‘zingni o‘sha tumanga hokim qilib yuboraman, aytib qo‘yay!", - dedi prezident Yakkabog‘da bo‘lib o‘tgan voqealarga o‘z munosabatini bildirar ekan.

Ozodlik Qashqadaryo viloyat Yakkabog‘ tumanidagi tadbirkor kreditga qurilgan ikki qavatli yangi do‘koni va sexini buzishga kelgan tuman hokimi o‘rinbosarining ustiga benzin sepib¸ yoqib yuborgani haqida 22 iyul kuni xabar bergan edi. Bu voqea ortidan tuman hokimi va uning o‘rinbosari ishdan olingan edi.

"Mana, sening menga "do‘stliging", G‘aniyev degan vallomat!"

Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga ham alohida to‘xtalib, prezident tarbiya qilib yurgan hokim "qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘yganini" aytadi:

- Mana, internet foydalanuvchilarining Rishton tumanidagi ko‘chmas mulk buzilishlariga nisbatan izohlari. Men sizlarga tayyor pul berayapman, pulni "Obod qishloq" qilinglar, deb berayapman. Mana, sening menga "do‘stliging", G‘aniyev degan vallomat! - dedi Shavkat Mirziyoyev.

U Farg‘ona viloyatining amallari ortidan xalqning prezidentga bo‘lgan ishonchiga putur yetayotganiga ishora qildi.

- Mana, odamlar izohlarda yig‘layapti, sening rasming yo‘q, prezidentning rasmi bor. Sen noinsof borib, Ermanovga o‘xshab ahmoqlarcha "buza, buz" deysan. Buzishdan avval sen o‘z boshingni buz. Men seni shuning uchun tarbiya qilib yuruvdimmi? Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib, butun O‘zbekistonni...

Bolalar mehnati bor edi, endi u yo‘q bo‘ldi, endi butun internet prezident topshiriq bergan, buzish, odamlarni norizo qilish bilan to‘lib toshdi.

Ey noinsof, Rishton bo‘yicha ham senga pul berib aytdimki, Rishtonni yangilash kerak, biroq odamlarni rozi qilib qilish kerak, deb. Janob G‘aniyev, tajribali hokim! Mayli, Ermanov kecha kelgan hokim, Ro‘ziyev ikkalang xiyonatchisan! Sizlar bilan katta-katta ishlarni amalga oshira olamizmi? Hech qachon oshira olmaymiz! Chunki sizlarga bir topshiriq berishga odam qo‘rqadi! Nega desangiz, saviyang yo‘q, biliming yo‘q, kitob ham o‘qimaysan, prezidentning qarorini ham, - dedi O‘zbekiston prezidenti.

"Sizlar rozi qilish uyoqda tursin, qilgan ishing odamlarda norozilik uyg‘otish bo‘lmoqda"

Mirziyoyev e’tirozli vaziyatlarni keltirib chiqargan viloyat rahbarlariga qanday choralar ko‘rilishini ham aytib o‘tdi:

- Shularning hammasini inobatga olib, bosh vazir to‘rtta sektorning ishini o‘rganib, ularning mas’uliyati va javobgarligi bo‘yicha menga qaror taklif qiladi. To‘rtta sektor ishlamayapti.

Ikkinchidan, mas’uliyat va javobgarlikni his qilish yo‘q.

Uchinchidan, men birinchi kunimdan takrorlab kelmoqdaman: odamlarni bugun rozi qilaylik, deb. Sizlar rozi qilish uyoqda tursin, qilgan ishing odamlarda norozilik uyg‘otish bo‘lmoqda.

Sizlarga o‘xshagan noinsoflar bilan ishlaganim uchun O‘zbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayapsizlar. Ermanov, G‘aniyev, Ro‘ziyev va shunga o‘xshagan odamlar.

Agar miqdorini olsak, ikki yarim yilda tadbirkorlik uchun ajratgan pulimiz 30 yilda berilmagan. Buning natijasi iqtisodiyotda, odamlarning kayfiyatida, yalpi ishlab chiqarishda aks etishi kerak. Ajratgan kreditlarimizning 60 foizi hali iqtisodiyotda o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsata olgani yo‘q, janob Qo‘chqorov. Bu qip-qizil sening aybing!

"Internet orqali xalqdan kechirim so‘rasin!"

Prezident uch hokimdan Internet orqali chiqish qilib, ahmoqligini tan olishi haqida topshiriq beradi:

Ermanovning qilgan qilig‘i, Ro‘ziyevning qilgan xiyonati — bu madaniyatsizlik.

Endi uchovi Internet orqali murojaat qilsin, Abdulla Negmatovich! Ro‘ziyev ham, Ermanov ham, G‘aniyev ham — hammasi. Qanday qilib murojaat qilishini siz o‘zingiz ayting.

Butun elga aytsin: O‘zbekistonni unday deb o‘ylamanglar, men ahmoqlik qilganman, men xiyonat qilganman, deb. Millat emas, mamlakat emas, davlat emas, deb. Kerak bo‘lsa o‘sha blogerlarni yig‘sin, blogerlarga o‘zlari hisobot berishsin, - dedi Shavkat Mirziyoyev videoselektorda.

XS
SM
MD
LG