Линклар

Шошилинч хабар
19 август 2019, Тошкент вақти: 19:20

OzodTarmoq: Mulozimlari Karimovni umurtqasiz tanqid bilan ura boshladi


OzodTarmoq - Ozodlikning yangi rukni. Unda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan, Ozodlik tinglovchisi (o‘quvchisi, tomoshabini) qiziqishini uyg‘otishi mumkin matn, audio va videolarni berib boramiz.

OzodTarmoqning bugungi sonida sotsiolog va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining Feysbukida 9 avgustda e’lon qilgan matnni e’tiboringizga havola qilayapmiz. Matn tahrirsiz berilmoqda. Stilistika va imlo muallifniki.

***

Tanqidning mantiqiy asosi

Kamoliddin Rabbimov
Kamoliddin Rabbimov

​O‘zbekistonda oliy hokimiyat almashgach, oldingi paytda rejimning ustunlari sifatida ko‘rilgan u-bu yuqori mulozimlar Karimov boshqaruvini tanqid qilib turishibdi. Yaqinda Akmal Saidov “Jasliq” qamoqxonasini tanqid qilib, uni yopilishini olqishladi. Lekin hamma Saidovni Karimov rejimining halqaro maydondagi eng so‘zamol advokati sifatida tanirdi. Bugun Karimovning ko‘p yillik matbuot kotibi Azamat Ziyo ham sobiq davlat rahbarini jiddiy tanqid qilib Xalq so‘zi gazetasida maqola chop qilibdi.
***
Tanqid qilishlari – to‘laligicha o‘rinli va asosli. Aslida, O‘zbekiston mulozimlari oldingi rejimni keng va tizimli tanqid qilishlari, uni qusur va jinoyatlarini to‘laqonli ochib berishlari lozim bo‘ladi. Lekin, o‘ylantiradigan boshqa jihati bor. Tanqid – mantiqiy tizimga, umurtqaga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni, oldingi rejimni tanqid qila turib, “mana, hozir hammasi olam guliston bo‘lib ketdi” deyishlari – juda achinarli hol. Siyosatchilar oldingi vaziyatni tanqid qila turib, ular davlat va jamiyat oldiga, avvalo o‘zlari oldiga markaziy savollarni qo‘yishlari kerak bo‘ladi: “nima qilsak, diktaturadan xolos bo‘lamiz? Diktaturadan qutulganimiz aniqmi? Diktaturani qayta tiklanish xavfi butkul yo‘qoldimi? Nima qilsak, Konstitutsiyamizda buyurilgan huquqiy-demokratik davlat bo‘lamiz? Nima qilsak, erkin va farovon jamiyat qura olamiz?” va h.k.
***
Ya’ni, tanqid samimiy bo‘lishining asosiy sharti – oldingi boshqaruvni tanqid qila turib, hozirgi boshqaruvni ham kamchiliklarini ko‘rsata bilishdir. Oldingi rahbarni tanqid qilishning ma’naviy asosi – hozirgi rahbarni ham nuqson va xatolarini bildirib turish bo‘ladi. Oldingi tizim diktatura bo‘lgan ekan, demak, siyosatchilarning markaziy vazifasi – hozirda demokratiyani real parvarishlash bo‘ladi. Oldingi rahbarga nisbatan “u iflos edi” deyish bilan birga, jamiyat oldiga chiqib “ming bor uzr xalqim, men ham o‘sha iflos bilan birga bo‘ldim, unga doim ortig‘i bilan labbay deb javob berdim” deya, kechirim so‘rash bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG