Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2019, Тошкент вақти: 13:10

OzodDayjest: Jazirama issiqda archa ekilayotgani ko‘zbo‘yamachilik deb qoralandi


Illyustrativ surat.

Jurnalist Toshkentda oxirzamon haqidagi ilmiy-fantastik kinolardagina ko‘rish mumkin bo‘lgan manzaraga duch keldi. Qashqadaryoda yuqoridan rahbarlar kelishi munosabati daraxt va gul ekish odati hamon davom etmoqda. Qodiriyning avlodlari ko‘chada qolayotganiga oid ma’lumot rad etildi.

_____________________________________________________________

Toshkentning oqova suvlari yillar davomida Bo‘zsuvni ifloslantirayotgani ma’lum bo‘ldi

Toshkent shahrining oqova suvlari tozalanmasdan Bo‘zsuv kanaliga oqizilmoqda. Ifloslangan suv esa yillar davomida poytaxtdan keyin Sirdaryoga qadar 60 km masofada yashayotgan aholini zaharlab kelmoqda (www.gazeta.uz, 12 avgust). “Bo‘zsuv suv emas, insonlar va sanoat chiqindilari oqadigan anhorga aylangan. Bunday manzaralarni oxirzamon haqidagi ilmiy-fantastik kinolardagina ko‘rishingiz mumkin”, deb yozadi muallif. Masalan, Zangiota tumani Nurafshon qo‘rg‘onida yashovchi aholi 1995 yildan buyon bolalar muttasil kasal bo‘lishi, badbo‘y hid sabab kechasi eshik-derazalarni ochib bo‘lmasligini aytgan. “Suvsoz” mutaxassislariga ko‘ra esa, Bo‘zsuvning ifloslanishida kanalizatsiya tarmog‘iga oqova suvni yetarlicha tozalamay chiqarayotgan 600 ta korxona aybdor. Qayd etilishicha, oqova suv nazorati sohasida korrupsiya holatlari ham mavjud.

Muallifga ko‘ra, 1960-yillarda qurilgan tozalash inshootlarini tubdan modernizatsiya qilish va yangilarini qurish zarur. Aks holda, 10-20 yil o‘tib Toshkentning quyi qismida daryo va kanallar oqimida joylashgan tumanlar qishloq xo‘jaligi va qulay yashash uchun yaroqsiz holatga kelib qoladi.

Qashqadaryoda xo‘jako‘rsinga daraxt va gul ekish davom etayapti

Qashqadaryoda yuqoridan rahbarlar kelishi munosabati bilan xo‘jako‘rsinga daraxt va gullar ekish odati hamon davom etmoqda (“Hurriyat”, 14 avgust). Bu holni “Adolat” partiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Gulnoza Rajabova tanqid qilgan. Xususan, jazirama issiqda ariq suvi bormaydigan joylar hamda yo‘l bo‘ylariga archalar ekilmoqda. Holbuki, issiqda archalar qurib qolishi aniq. “Suv bormaydigan, to‘g‘rirog‘i, daraxt ekib, so‘ng sug‘orish sira o‘ylanmaydigan joyga shoshmashosharlik bilan o‘tqazilgan ko‘chatlarni ko‘rib, esiz shuncha mehnat, shuncha mablag‘ deysiz beixtiyor. Daraxtlar, turli-tuman yashnab turguvchi ko‘chalar... Ular faqat buyruqni bajarish uchun qog‘ozlarda qolgan raqamlarga aylanmoqda”, deb yozadi “Adolat” partiyasi vakili.

Abdulla Qodiriyning avlodlari ko‘chada qolayotgani haqidagi xabar inkor qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Abdulla Qodiriydan meros qolgan Toshkentdagi 30 sotix hovlida adibning uy muzeyi qurilishi munosabati bilan uning avlodlari ko‘chada qolayotgani haqida xabar tarqalgan edi (“Darakchi”, 15 avgust). Mazkur xabar rad etildi. Adibning nabirasi Xondamir Qodiriyga ko‘ra, Toshkent shahri hokimi uy muzeyi qurish masalasida takliflarni ko‘rib chiqib, hammani rozi qilish choralarini ko‘ryapti. Loyihaga muvofiq, hovlida Qodiriy haykali, uy muzeyi, kutubxona, ayvon va o‘quv zali qurilishi ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG