Линклар

Шошилинч хабар
16 сентябр 2019, Тошкент вақти: 11:28

OzodDayjest: Bloger prezidentdan nega xiyonatchi hokimlarni hadeb kechiraverishi haqida so‘ramoqchi


Prezident topshirig‘i bilan xalqdan uzr so‘ragan viloyat hokimlari (illyustrativ surat).

Sudyalar orasida poraxo‘rlik kamaymayotgani tanqid qilindi. Bloger prezidentdan hokimlarni qachon xalq saylashini so‘rash niyatida. Sud-tibbiy ekspertiza markazi sirli tarzda vafot etgan mahkum ishi bo‘yicha bosimga uchradi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Sudyalar oliy kengashi rahbari tizimda poraxo‘rlik kamaymayotganidan yozg‘irdi

Sudyalar oliy kengashi raisi Ubaydulla Mingboyev mamlakat sudyalari orasida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar kamaymayotganidan yozg‘irdi (“Inson va qonun”, 13 avgust). Qayd etilishicha, korrupsiya masalasida sudyalar bilan yig‘ilishlar o‘tkazilgan, ammo noxush holatlar kamaygani yo‘q. O‘tgan 6 oy davomida Kengash tomonidan 89 nafar sudyaga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atildi va chora ko‘rish uchun tegishli malaka hay’atlariga yuborildi. 11 nafar sudyaning vakolati muddatidan oldin tugatildi. Bosh prokuror tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani sababli 2 nafar sudyaning javobgarlikka tortilishiga rozilik berildi.

“So‘nggi paytlarda sudlarda ko‘rilayotgan ishlar sifat jihatdan qoniqarli darajada emas. Yuqori sudlar tomonidan quyi sudlarda ko‘rib chiqilgan ishlarning bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi holatlari ko‘p uchrayotgani achinarli”, degan Sudyalar oliy kengashi raisi U. Mingboyev.

Mashhur blogerlar prezidentni bilan uchrashsa, undan nimani so‘rashi ma’lum bo‘ldi

“Agar prezident bilan uchrashsangiz, undan nimani so‘ragan bo‘lar edingiz?” degan mavzuda aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi (www.togri.uz, 13 avgust). So‘rov jarayonida respondentlarni asosan oylik kamligi va narx-navo oshib borayotgani tashvishga solayotgani ma’lum bo‘lgan. So‘rov ishtirokchilarining asosiy qismi prezidentga maishiy va iqtisodiy muammolar bo‘yicha murojaat qilish istagini bildirgan.

Ushbu masalada mahalliy blogerlar ham o‘z fikrini aytgan. Masalan, Nurbek Alimov prezidentni uchratib qolsa, “Nima uchun sizga va xalqqa xiyonat qilgan hokimlarni kechiraverasiz; ularni qachon xalq saylaydi? Nima uchun bizda yana oligarxat paydo bo‘lmoqda; bu zararmi yoki foyda?” kabi savollar berishini yozgan.

Bloger Muhrim A’zamxo‘jayev esa prezidentdan Toshkentda propiska tartibini tezroq bekor qilishini so‘rashini aytgan.

Prokuratura “zona”da vafot etgan mahkum ishi bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza idorasiga bosim o‘tkazmoqda

Bosh prokuratura Navoiydagi 47-son jazoni ijro etish muassasasida sirli tarzda vafot etgan mahkum ishi yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza idorasiga bosim o‘tkazmoqda (www.kun.uz, 9 avgust). Marhumning vafot etish sabablarini aniqlash maqsadida bir necha bor ekspertiza o‘tkazilgan. Ekspertiza xulosalari esa bir-biridan farq qilgan. Bir-birini inkor etuvchi ekspertiza xulosalari bois sud tomonidan ekspertiza o‘tkazish Respublika sud-tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markaziga topshirilgan. Markaz mutaxassislari o‘rganishlar natijasida marhumning o‘limiga sepsis (qon infeksiyasi) kasalligi emas, balki jarohat sabab bo‘lganini aniqlagan. Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi bo‘lim mudiri Shohsanam Yodgorovaga ko‘ra, sud ular bergan xulosa asosida marhum tirikligida unga jarohat etkazgan shaxslarga surishtiruv-tergov o‘tkazilishi uchun ishni prokuraturaning o‘ziga qaytargan. Biroq prokuratura jinoyatni ochish o‘rniga sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga bosim o‘tkazmoqda. Qolaversa, bosh prokuratura sog‘liqni saqlash vazirligiga ekspertiza o‘tkazgan mutaxassislarning xatti-harakatlariga nisbatan taqdimnoma kiritgan. “Bosh prokuratura xodimlari tibbiyotni shu soha vakillaridan-da yaxshiroq tushunadimi?” deb savol qo‘yadi Kun.uz nashri.

XS
SM
MD
LG