Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2019, Тошкент вақти: 12:50

OzodDayjest: Samarqandlik boyni 70000 dollarga chuv tushirgan ichki ishlar noziri 13 yilga qamaldi


Illyustrativ surat.

Samarqandda IIB binosini sotishga uringan militsiya noziri uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi. Toshkentlik yigit qo‘rqitish yo‘li bilan ma’shuqasini ikkinchi xotin qilishga urindi. Samarqand tumanida tekshiruv o‘tkazilgan bog‘chalar faoliyati tanqid qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Samarqandda militsiya noziri IIB binosini sotib, pulini o‘zlashtirishga urindi

Samarqand viloyati Toyloq tumanida profilaktika katta inspektori lavozimida ishlagan A.S. firibgarlik uchun mahkamaga tortildi (“Darakchi”, 22 avgust). Inspektor IIBga qarashli militsiya tayanch punkti ma’muriy binosini mahalliy boyga 70 ming dollarga sotishga uringan. IIB xodimi aslida sotilishi ko‘zda tutilmagan bino uchun kadastr hujjati to‘g‘rilashga ham so‘z bergan. Sud hujjatlariga ko‘ra, militsiya inspektori A. S. kelishilgan pulning 60 ming dollarini olayotganda ushlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudi raisi Marat Ergashevga ko‘ra, militsiya katta inspektoriga 13 yil ozodlikdan mahrum etish va 40,5 million so‘m jarima jazolari tayinlangan.

Toshkentlik yigit ma’shuqasini behayo videoni tarqatish bilan qo‘rqitib, ikkinchi xotin bo‘lishga ko‘ndirishga urindi

Toshkent shahrida yashovchi yigit oila qurganidan keyin ham ma’shuqasi bilan ishqiy suhbatlarni davom ettirdi (“Huquq”, 22 avgust). Kunlarning birida oilali yigit hali turmushga chiqmagan ma’shuqasi bilan shahar chetidagi dalahovlida ko‘ngilxushlik qilishadi va bir-birlarini sharmandali holatda foto va videoga olishadi. Shundan keyin yigit sevgan qizini behayo videolarini internetda tarqatish bilan qo‘rqitadi va undan ikkinchi xotin bo‘lishini talab qiladi. Qiz ko‘nmagach, sharmandali holatdagi suratlarni qizning onasiga yuboradi. Qizning yaqinlari huquq idoralariga murojaat qilgach, yigitga nisbatan jinoyat ishi ochiladi.

Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksining 136-moddasi (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bo‘yicha ayblangan yigit 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoyat ishiga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Samarqandda bog‘chada bolalarga atalgan go‘shtni “tuya qilish” holati aniqlandi

Samarqand tumanida tekshiruv o‘tkazilgan 4 ta MTMning birortasida ham ijobiy holat kuzatilmadi (“Zarafshon” gazetasi sayti, 21 avgust). Qayd etilishicha, bog‘chalarda taomnomada ko‘rsatilgan barcha mahsulotlar, ayniqsa, go‘sht bolalarga to‘liq yetkazib berilmayapti. Masalan, 1-maktabgacha ta’lim muassasasida taomnoma bo‘yicha 180 nafar bolaning ovqatiga 18 kg go‘sht solinishi kerak bo‘lgan holda bor-yo‘g‘i 5 kg tovuq go‘shti solingan.

Sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etish ham talab darajasida emas. Bog‘chada kanalizatsiya tarmog‘i ishlamayotgani bois hammayoqni badbo‘y hid egallagan. Ipakchi mahallasida joylashgan 13-MTM hovlisida begona itlar daydib yurgani aniqlangan. Qayd etilishicha, tumandagi ko‘pgina maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ahvol o‘ta qoniqarsiz.

XS
SM
MD
LG