Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:40

OzodDayjest: Odamlardan pul olib ishga jo‘natmayotgan xususiy agentliklar taftish qilinadi


O‘zbek blogeri dronlar xavfli ekaniga oid farazlarni “ahmoqona” deb atadi. Qalampir.uz nashri qo‘polligi uchun ishdan bo‘shatilgan hukumat xodimiga “advokatlik” qildi. Odamlardan pul olib ishga jo‘natmayotgan xususiy agentliklar tekshiriladi.

_____________________________________________________________

Bloger dronlar xavfli ekani haqidagi farazni “ahmoqona” deb atadi

Vazirlar Mahkamasi uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar, ya’ni dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishni taklif etmoqda. 20 avgust kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga qaror loyihasi joylashtirilgan.

Bloger Feruzxon Yoqubxo‘jayev Telegramdagi sahifasida dronlar xavfli ekani haqidagi farazlarni “ahmoqona” deb atagan. “Uchuvchisiz boshqariladigan fuqaroviy qurilmalarga oid vahima va jazavaning boisi nima ekanini hech tushuna olmadim. Nahotki, butun boshli hukumatda kuchishlatar tuzilmalarning yalpi vasvasasi ta’siri tushmagan ma’rifatli insonlar topilmasa?” degan F. Yoqubxo‘jayev.

Blogerning kuyunib yozishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘z mamlakatida dronlardan foydalanib, erkin videotasvirga ololmaydi. Xorijda s’yomka qilib vataniga qaytgan taqdirda ham qurilmadan ruxsatsiz foydalangani uchun javobgarlikka tortiladi.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalardan ruxsatsiz foydalanganlik uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jinoiy jazo belgilangan.

Qo‘polligi uchun ishdan bo‘shatilgan hukumat xodimiga “advokatlik qilgan” nashr keskin tanqidga uchradi

Qalampir.uz nashri joriy yil 16 avgust kuni tadbirkorga qo‘pollik qilgani hamda uni haqoratlagani ortidan ishdan bo‘shatilgan Vazirlar Mahkamasi xodimi E.N.ni oqlab chiqdi (www.qalampir.uz, 21 avgust). Maqolada hukumatning ijtimoiy tarmoqdagi videotasvirga asoslanib o‘z xodimini ishdan bo‘shatishi yanglish qaror, deya baholangan. “Bu xuddi tumov bo‘lgan burunni kesib tashlashdek gap. Shu ketishda axborot maydonida shaxsiy manfaatlari yo‘lida ish olib boruvchi “korchalonlar” ko‘payib, tashkilot yoki idora vakilini sharmanda qilish yo‘li bilan o‘z maqsadiga erishish osonlashadi. Axir qachongacha xodimni bo‘shatish bilan masalani uzil-kesil hal qilish mumkin?! Bu holat davom etaversa, davlat idoralarida ishlaydigan xodim qoladimi?!” deb yozadi internet nashr.

Mazkur maqola ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidga uchradi. Ko‘p sonli foydalanuvchilar ushbu materialni “buyurtma maqola”, “safsata”, “xushomadgo‘ylik” deya baholadi. Muallif esa noma’qul xatti-harakati uchun adolatli tarzda ishdan bo‘shatilgan mas’ul xodimga advokatlik qilishda ayblandi. “Davlat xizmatchisi o‘z nomi bilan xizmatchi bo‘lishi kerak. Chet elda hatto prezidentlarni ham bundan battar ahvolga solishadi. Lekin o‘shalar ham bunchalik kalondimog‘ emas. Eplasa ishlasin, agar fuqarolarning murojaati yoqmasa, uyida tovuq boqsin”, deb yozdi foydalanuvchilardan biri.

“Sizdek mansabdorga advokat qiladigan jurnalistlar bor ekan, hech qachon fuqarolik jamiyati qura olmaymiz”, deb yozdi boshqa bir foydalanuvchi.

Odamlardan pul olib ishga jo‘natmayotgan xususiy agentliklar taftish qilinadi

O‘zbekistonda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanayotgan ayrim xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarni norozi qilish holatlari kuzatilmoqda, deb xabar beradi “Darakchi” nashri. Ba’zi agentliklar ishga joylashtirish uchun odamlardan 100 foiz to‘lovni undirib, va’dasini bajarmayapti. Fuqarolar xususiy agentlikdan pulini qaytarishni talab qilsa, mablag‘ qaytarilmayapti yoki xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da mablag‘ning bir qismi ushlab qolinmoqda. Qayd etilishicha, Toshkent, Samarqand, Navoiy va Farg‘ona viloyatidagi 8 ta xususiy agentlik faoliyati yaqin kunlarda taftish etiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ishga joylashtirish bilan bog‘liq qonunbuzarlik haqida (71) 200-06-00 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishni so‘ragan.

XS
SM
MD
LG