Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2019, Тошкент вақти: 02:58

Tahlilchi: O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish o‘ta qiyin ekanini tushunib yetmoqda


Afg‘oniston doim o‘zbek jangarilari uchun xavfsiz boshpana bo‘lib kelgan (illyustrativ surat).

Tinchlikni mustahkamlash – murakkab jarayon va O‘zbekiston yaqinda yaxshi niyat nomaqbul harakat sifatida talqin etilishi mumkinligiga oid kuchli mujda oldi.

Toshkent Afg‘onistonda boshqa tomonlar qatori tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashishga intilmoqda. Afg‘onistondagi voqealar O‘zbekistonga ham ta’sir qilmay qolmaydi, chunki uning bu janubiy qo‘shnisi bilan 160 kilometrcha umumiy chegarasi bor.

O‘zbekiston 2017 yil noyabrida asosan Afg‘oniston masalasi muhokama qilingan mintaqaviy xavfsizlik va rivojlanish konferensiyasiga mezbonlik qildi, yana 2018 yil martida Afg‘oniston bo‘yicha alohida konferensiya o‘tkazdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston hukumati rasmiylari hamda “Tolibon” vakillari bilan uchrashish uchun Kobul bilan Qatar poytaxti Doha o‘rtasida serqatnov bo‘lib qoldi. Bundan maqsad har ikkala tomonni O‘zbekistonda tinchlik muzokarasi o‘tkazishga ko‘ndirish edi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mart oxirida shunga rozi bo‘lgan.

‒ Agar “Tolibon” harakati Afg‘oniston hukumati bilan bevosita muzokaraga hozir bo‘lsa, O‘zbekiston unga mezbonlik qilishga tayyor, ‒ dedi Komilov ko‘hna Samarqandni muzokara joyi sifatida tilga olar ekan.

Keyingi qadam “Tolibon”ni ushbu muzokaraga vakillarini yuborishga ko‘ndirishdir.

8 avgust kuni “Tolibon”ning Dohadagi siyosiy idorasidan uning rahbari o‘rinbosari Mulla Birodar Oxund boshchiligidagi delegatsiya A. Komilov bilan Toshkentda uchrashdi.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi 10 avgust kuni tarqatgan bayonotida rasmiy Kobul xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni yuksak qadrlashini urg‘ulash bilan birga: “O‘zbekiston Respublikasining “Tolibon” vakillarini rasmiy qabul qilishi va muzokara dinamikasi Afg‘oniston Islom Respublikasining “Tolibon” bilan tinchlik muzokarasi o‘tkazishiga yordam bermaydi”, deya bildirdi.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi Toshkentni mamlakat hukumatining tinchlik muzokaralaridagi yetakchiligini hurmat qilishga chaqirdi.

“Tolibon” delegatsiyasini Toshkent aeroportida A. Komilov kutib olgan. Keyin ular bilan Tashqi ishlar vazirligida muzokara o‘tkazilgan.

Delegatsiya 9 avgust kuni Samarqand va Buxorodagi qadamjolarni ziyorat qildi. Rasmiy Kobul o‘zi bilan kurashayotgan “Tolibon”ga ko‘rsatilmish bu izzat-ikromni ortiqcha, deb bildi.

Lekin O‘zbekiston nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan ayrim masalalar bor. Tinchlikka erishilish-erishilmasligidan qat’i nazar, “Tolibon” yaqin kelajakda Afg‘oniston siyosiy sahnasida qolishi tayin.

90-yillarda “Tolibon” O‘zbekistonning qo‘shnisi bo‘lgan. O‘shanda u Toshkent o‘zining Afg‘oniston shimolidagi O‘zbekiston chegarasiga yaqin hududlarni qo‘lga kiritishiga qarshilik qilganini iddao qilgandi. 2001 yili AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari “Tolibon”ga hujum qilgan paytda O‘zbekiston harbiy bazalarini koalitsiya kuchlariga bergan Markaziy Osiyo mamlakatlari qatorida bo‘lgandi.

“Tolibon” Afg‘oniston shimolini nazorat qilgan bir necha yil davomida “O‘zbekiston islom harakati”ga (O‘IH) mamlakat hududidan joy bergan. Mazkur harakatning maqsadi O‘zbekistonning amaldagi hukumatini ag‘darib tashlash edi. Shu sababli O‘zbekiston hukumati “Tolibon” bilan o‘sha harakat vakillarini Toshkentga topshirish yuzasidan muloqot yuritgan.

Hozir Afg‘onistondagi vaziyat 90-yillar oxiridagidan ko‘ra murakkabroqdir. Endi O‘IH yo‘q, ammo uning jangarilari Shimoliy Afg‘onistonga tarqalib ketgan. Ayrimlari “Tolibon”, ba’zilari esa boshqa guruhlar , jumladan, “Xuroson Islom Davlati” safiga qo‘shilganlar.

O‘zbekiston “Tolibon” bilan bundan 20 yil oldingidan ko‘ra boshqacharoq muomalada bo‘lishi tabiiy. Rasmiy Toshkent Afg‘oniston hukumati bilan “Tolibon” vakillari Samarqand shahrida tinchlik o‘rnatish masalasini muhokama qilishidan umidvor. “Tolibon” delegatsiyasi ham O‘zbekistonga safari chog‘ida bunga qiziqish bildirgan edi.

Kobul “Tolibon” delegatsiyasining yaqinda O‘zbekistonga qilgan safarini rasmiy Toshkent o‘z xavfsizligini toliblar bilan munosabatlarni yaxshilash hisobiga mustahkamlashga intilayapti, deb hisoblashi mumkinligi ham tushunarli.

Bryus Pannier,

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha tahlilchisi

XS
SM
MD
LG