Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2019, Тошкент вақти: 20:04

OzodDayjest: San’atkorlar mustaqillik bayramida qo‘shiq aytish uchun pora bergani fosh qilindi


2012 yildagi mustaqillik bayramidan lavha (illyustrativ surat).

Keksa er-xotin fuqaroligi yo‘qligi sabab hajga bora olmayapti. Rejissyor Rustam Hamidov mustaqillik bayramida chiqish uchun ayrim san’atkorlar pora bergani, yana ayrimlari mansabdor tanishlarini ishga solganidan bahs etdi. Xotin-qizlar qo‘mitasiga foydali ishlar bilan shug‘ullanish taklif etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonda yashayotgan keksa er-xotin fuqaroligi yo‘qligi bois haj safariga bora olmayapti

70 yashar G‘oyibnazar Ernazarov va uning ayoli 66 yoshli Bahriniso ayaning haj safari haqidagi orzulari necha yilki amalga oshmayapti (www.eurasianet.org, 19 avgust). Muqaddas ziyoratga O‘zbekistonda 27 yildan buyon yashayotgan keksa er-xotinning fuqaroligi yo‘qligi to‘siq bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, asli so‘g‘dlik bo‘lgan Ernazarovlar oilasi Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida - 1993 yili O‘zbekistonga kelgan. O‘tgan yillar davomida ular O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun davlat idoralariga ariza bergan, ammo hozircha urinishlar natija bermagan. Qayd etilishicha, fuqarolik orzusida yurgan bunday oilalar juda ko‘p.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, fuqaroligi yo‘q shaxslarga O‘zbekiston vatandoshligini berish amaliyotiga qayta yo‘lga qo‘ydi. Advokat Shuhrat G‘aniyevga ko‘ra, 2019 yilda 2000 ziyod kishi O‘zbekiston vatandoshligini olgan, ammo bu daryodan tomchi, xolos. BMT hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonda 87 mingga yaqin fuqaroligi yo‘q shaxs bor. Ularning aksariyati Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida O‘zbekistondan qo‘nim topgan o‘zbeklardir.

Atoqli rejissyor mustaqillik bayrami tantanalaridagi korrupsiya haqida gapirdi

O‘zbekiston mustaqilligi bayram tantanalariga chiqish uchun ayrim san’atkorlar pora bergan, yana ayrimlari yuqori mansabdagi tanishlarini ishga solgan (www.uza.uz, 26 avgust). Bu haqda bayram tantanalariga uzoq yillar bosh rejissyorlik qilgan Rustam Hamidov ma’lum qildi. Qayd etilishicha, madaniyat va san’at sohasiga yaqin bo‘lgan ba’zi rahbarlar pora evaziga iste’dodi o‘rtamiyona san’atkorlarning prezident ishtirok etadigan bayram dasturida qatnashishini ta’minlagan.

Rejissyor, shuningdek, bayram tantanasi uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilish o‘sha paytda gazak olib ketganini ham qayd etgan. “Aslida hamma narsaning narx-navosi bor, bitta ko‘ylak, deylik, o‘sha paytda 70-80 ming so‘mga tushsa, ular bu narsalarni 200 ming so‘mdan olgan. Ko‘rdingizmi? Bu ishga nafaqat o‘rtada yurgan, balki kattaroq rahbarlar ham aralashgan”, degan O‘zbekiston xalq artisti Rustam Hamidov.

Xotin-qizlar qo‘mitasiga “bozorlarda Zulfiya she’rlarini o‘qish”dan ko‘ra foydali takliflar berildi

Oxirgi paytlarda ancha xira tortgan Xotin-qizlar qo‘mitasi imijini yaxshilash borasida takliflar berildi (www.xabar.uz, 29 avgust). Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyevga ko‘ra, qo‘mita avvalo tug‘ruq ta’tiliga chiqqan barcha ayollarga 2 yoshga to‘lgunga qadar “bola puli” berilishini ta’minlashi lozim. 2013 yilgacha ushbu nafaqa hamma ayol xodimlarga berilgan. Ammo o‘sha yili Moliya vazirligi talabi bilan byudjet tashkilotida ishlaydigan ayollar uchun “bola puli”ni ish joyidan emas, mahalladan olish tartibi joriy qilindi. “Mahalladan bola pulini olish qay darajada qiyin va korrupsiyalashgan tizim ekanini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak”, deb yozadi huquqshunos.

Xotin-qizlar qo‘mitasiga, shuningdek, davlat bog‘chalarida bolalarni qabul qilish yoshini 3 yoshdan 2 yoshga tushirish, tug‘ish ta’tilidagi ayollarning dekret pulini to‘liq olishini ta’minlash kabi vazifalar tavsiya etilgan.

Qayd etilishicha, ushbu muammolar hal etilsa, millionlab ayollarga “bozorlarda Zulfiya she’rlarini o‘qib berish”dan ko‘ra (qo‘mita raisi E.Bositxonova tashabbusi) ko‘proq amaliy foyda keltiradi.

XS
SM
MD
LG