Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 18:24

OzodDayjest: XTV hijobli o‘quvchilarga bosim o‘tkazishga buyruq berilganini rad etdi


Illyustrativ surat.

Prezidentning sobiq matbuot kotibi yozuvchi-shoirlarning siyosatga aralashuvini yutqiziq, deb atadi. Xalq ta’limi vazirligi hijobli o‘quvchilarga bosim o‘tkazishga topshiriq berilganiga oid xabarni rad etmoqda. Qoraqalpog‘istonlik oila boshlig‘i xotiniga 19 marta pichoq urdi.

_____________________________________________________________

Murod Muhammad Do‘st yozuvchi-shoirlarning siyosatga aralashuvini yutqiziq o‘laroq baholadi

Keyingi chorak asrda yozuvchi va shoirlarning siyosat bilan mashg‘ul bo‘lganidan faqat siyosat yutdi, adabiyot esa yutqazdi, deb hisoblaydi taniqli adib Murod Muhammad Do‘st (www.kun.uz, 29 avgust).

“Shoiru yozuvchilarning siyosatga aralashganidan adabiyot yutqizdi. Siyosat hech narsa yutqizgani yo‘q, aksincha – yutdi. Abdulla Oripov yoki Erkin Vohidovlarning millionlab muxlislari bor edi. Shu sabab, ularning nomlari siyosiy bozordagi nedir ehtiyoj tufayli qisqa vaqt ichida bayroq etib ko‘tarildi, keyinroq, yangi bayroqlar topilgach, yana pastga tushirib qo‘yildi”, degan u.

Bir paytlar birinchi prezident matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan adibga ko‘ra, adabiyot ahli bilan siyosat ahlining o‘ylash tarzi bir-biriga mos kelmaydi. “Siyosatda mahramlik – yasoq tushuncha, yot tushuncha. Siyosatda lutf ko‘p, lekin do‘st yo‘q. Do‘stlik – kamyob va bebaho davlat, lutf esa juda arzon, to‘yda kelin-kuyov ustidan sochiladigan qand-qurs kabi mo‘l... Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, siyosat yozuvchi yoki shoirning yoinki olimning ishi emas”, degan Murod Muhammad Do‘st.

Hijobli o‘quvchilarga bosim o‘tkazishga topshiriq berilgani haqidagi xabar rad etildi

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hijobli o‘quvchilarga bosim o‘tkazishga buyruq berilgani haqidagi xabarni rad etdi. “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi yaqin vaqt ichida bu yoki boshqa masala yuzasidan xususiy maktab rahbarlari bilan hech qanday majlis o‘tkazmagan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Gap shundaki, bir necha kun avval Facebook tarmog‘ida Toshkent shahridagi xususiy maktab rahbarlari xalq ta’limi vazirligiga chaqirtirilgani haqida ovoza tarqaldi. Unga ko‘ra, prezident devoni va din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiylari ishtirok etgan yig‘ilishda xususiy maktab direktorlaridan yangi o‘quv yilida maktabga hijobda keladigan o‘quvchi qizlarni ota-onasiga bosim o‘tkazish talab qilingan.

Xotiniga 19 marta pichoq urgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida yashovchi erkak xotinini shafqatsizlarcha o‘ldirdi (“Darakchi”, 29 avgust). Qayd etilishicha, voqea 11 avgust – Qurboni hayiti kuni ro‘y bergan. Ismi oshkor etilmagan erkak ayoli bilan janjallashib qoladi. G‘azabga mingan er xotini uxlab yotgan paytda unga 19 marotaba pichoq bilan zarba beradi. Ayol Xo‘jayli tuman kasalxonasida vafot etadi. Qotillikda ayblanayotgan erga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bo‘yicha ish ochilgan. Tergovni Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi nazoratga olgan. Qayd etilishicha, ushbu oilaning 4 va 1 yoshli qizlari bor. Ular hozirda marhuma tug‘ilib o‘sgan uyda. Ikki qizaloq onasiga nima bo‘lganidan bexabar.

XS
SM
MD
LG