Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:24

Zelenskiy Ukrainada siyosiy tajribasi kam hukumat tuzdi


Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 29 avgustda Kievda yangi hukumat tuzganini e’lon qilish uchun parlamentga murojaat etdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 29 avgustda Kievda yangi hukumat tuzganini e’lon qilish uchun parlamentga murojaat etdi.

Prezident Volodimir Zelenskiy hokimiyatdagi siyosiy partiyasi bilan birga Ukraina mustaqil bo‘lganidan buyon eng yosh va kam tajribali hukumatni tuzdi.

29 avgustda hukumatning o‘rtacha yoshi 40 dan past bo‘lgan 12 erkak va 6 ayoldan iborat yangi tarkibi e’lon qilindi.

Hukumat a’zolarining ayrimlari prezidentning do‘stlari, sobiq biznes sheriklari va safdoshlari, shuningdek, texnokratlar, fuqarolik jamiyati faollari va 2 nafar oldingi ma’muriyat a’zosidan iborat bo‘ldi.

35 yashar Aleksey Goncharuk mamlakatning eng yosh bosh vaziri bo‘ldi, u o‘tmishdoshi Vladimir Groysmanga tegishli bo‘lgan rekorddan ham o‘zib ketdi.

Siyosatchiga aylangan komik aktyor va Ukrainaning 41 yashar eng yosh prezidenti Zelenskiy mamlakat siyosatidagi “tizimni butunlay o‘zgartirish”ga va’da qildi.

450 nafar parlament a’zosidan 290 deputat Goncharuk nomzodini yoqlab ovoz berdi.

U ko‘p yillar huquqshunos bo‘lib ishlagan, pirovardida ko‘chmas mulk qurilishiga ixtisoslashgan firmaning yetakchi sherigiga aylandi.

Goncharuk 2015 yilda Yevropa Ittifoqi moliyalashtirgan va islohotlar o‘tkazishga ixtisoslashgan BRDO nodavlat tashkilotiga rahbarlik qilgan hamda sobiq prezident Petro Porshenko hukumatida bosh vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Stepan Kubivga maslahatchi bo‘lgan edi.

Ushbu hukumatga juda qiyin bo‘ladi, ‒ dedi u parlamentda so‘zlagan nutqida.

Goncharuk hukumat keyingi haftalarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan yangi dastur yuzasidan muzokara boshlashini aytdi. Bu mavjud 3,9 milliard dollarlik zaxira yordami to‘g‘risidagi bitim o‘rnini bosuvchi uzoq muddatli yangi bitim tuzishni anglatadi.

Mamlakat duch kelayotgan ushbu muammolardan barchangizning xabaringiz bor, ular - bizga meros qolgan qarzlar, − deya qo‘shimcha qildi u.

Ukrainaning NATOdagi elchisi bo‘lib ishlagan Vadim Pristayko tashqi ishlar vaziri bo‘ldi.

U tayinlanishidan oldin Ukrainaning YI va NATO bilan integratsiyalashuv sari yo‘li o‘zgarmasdan qolishini aytdi.

Prezident ma’muriyati boshlig‘i o‘rinbosari Ruslan Ryaboshapka bosh prokuror etib tasdiqlandi.

33 yashar Andrey Zagorodnyuk yangi mudofaa vaziri bo‘ldi.

Ilgari u davlatga qarashli “Ukroboronprom” harbiy konserni kuzatuv kengashi a’zosi edi.

Zelenskiyning sobiq biznes sherigi 45 yashar Ivan Bakanov SBU xavfsizlik xizmati boshlig‘i qilib tayinlandi.

“Xalq xizmatkori” partiyasi raisi Dmitriy Razumkov parlament spikeri etib saylandi.

Mixail Fyodorov 28 yoshida raqamli texnologiyalarga o‘tishga mas’ul bosh vazir o‘rinbosari bo‘ldi.

Ilgari Yevropa kengashida elchi bo‘lgan 38 yashar Dmitriy Kuleba Yevropa va Yevroatlantika tuzilmalari bilan integratsiya bo‘yicha bosh vazirga o‘rinbosari etib tayinlandi.

Ta’lim vaziri Hanna Novosadning yoshi 29 da, u ilgari vazirlikning strategik rejalashtirish va Yevropa integratsiyasi bo‘yicha direksiyasini boshqargan.

55 yashar Arsen Avakov ichki ishlar vaziri va 42 yashar Oksana Makarova moliya vaziri lavozimlarini saqlab qoldi.

O‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Zelenskiyning “Xalq xizmatkori” partiyasi 450 o‘rinlik parlamentda 254 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan edi.

Ushbu misli ko‘rilmagan mandat unga aprel oyidagi prezident saylovi oldi kampaniyasi vaqtida Urainaning siyosiy tizimini butunlay o‘zgartirish haqidagi va’dalarini bajarish imkonini beradi.

Zelenskiy Oliy Radada so‘zlagan nutqida ushbu chaqiriq deputatlari oldida “mumkin bo‘lmagan narsalarga erishish” va oldingi parlamentlar 28 yilda bajara olmagan narsalarni bajarish imkoni mavjudligini aytdi.

U milliy xavfsizlik va mudofaa eng ustuvor vazifa ekanini, Ukraina sharqidagi Rossiyaga suyanayotgan bo‘lginchilarga qarshi “urushni tugatish” va Qrim yarim orolini Ukraina bag‘riga qaytarish kerakligini aytdi.

Zelenskiy yana “reyderlik” – notarius va sudyalar qo‘li bilan boshqalarga qarashli kompraniyalarni tortib olish amaliyotiga barham berish, energetika mustaqilligiga erishishni istayotganini ham bildirdi.

U deputatlarni zalda mushtlashmaslik, majlislarga kelmay qolmaslik yoki ko‘p marta ovoz berishlarda qatnashmaslikka da’vat qildi.

Aks holda “parlament faqat bir yil ishlaydi”, dedi u.

Prezident bilan partiyasi parlamentda ovoz berilishi uchun ro‘yxatdan o‘ztkazgan 37 ta qonun loyihasining bittasi deputatlarning daxlsizlik immunitetini bekor qilishga oiddir.

Buning uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish kerak. Zelenskiyning partiyasi esa bunday ko‘pchilikka ega emas.

Ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, daxlsizlikni bekor qilish korrupsiyaga qarshi kurash yo‘lidagi eng muhim choralardan biri bo‘ladi.

Zelenskiy parlamentga korrupsiyani fosh qiluvchilar va prezident impichmenti to‘g‘risidagi qonun loyihalarini ham kiritdi.

XS
SM
MD
LG