Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:25

Xususiy agentlik turistik viza bilan Bolgariyaga ishga yuborganlar Istanbulda ko‘chada qoldi


Work in World agentligining Telegram kanalidagi so‘nggi reklamasida ham Bolgariyaga suvoqchilikka yuborish¸ buning uchun 680 yevro oylik¸ aviachipta¸ tekin turar-joy va sug‘urta va’da qilingan.
Work in World agentligining Telegram kanalidagi so‘nggi reklamasida ham Bolgariyaga suvoqchilikka yuborish¸ buning uchun 680 yevro oylik¸ aviachipta¸ tekin turar-joy va sug‘urta va’da qilingan.

Toshkentdagi vositachi shirkatga 1000 dollar xizmat haqi to‘lab Bolgariyaga ishga kelgan besh o‘zbekistonlik ko‘chada qoldi.

Work in World xususiy bandlik agentligi 800 yevrolik oylik¸ kamida bir yillik mehnat shartnomasi¸ tekin turar-joy va oziq-ovqat va’dasi bilan ularni Bolgariyaga yuborgan.

O‘z vaziyati haqida Ozodlikka hikoya qilgan bu yigitlar Bolgariyaning Burgas shahriga kelgandan keyingina turistik viza bilan yuborilgani, bunday viza bilan ishlash mumkin emasligidan xabar topgan.

Aldanganlarning aytishicha¸ agentlik bu voqea uchun mas’uliyatni zimmasiga olish va o‘zlarini O‘zbekistonga qaytarish xarajatini to‘lash talabini rad etgan.

Work in World xususiy agentligi rahbari voqea yuzasidan Ozodlik savoliga javob berishni istamadi.

Bu agentlikka litsenziya bergan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi esa¸ aldanganlarga prokuraturaga ariza bilan murojaat qilishni tavsiya etdi.

Jozibali ish taklifi

Qo‘qonlik 27 yashar oddiy usta Mirjalol Xudoyberganov Bolgariyaga tom yopuvchilikka ish taklifini birinchi marta Work in World agentligining Telegramdagi kanalida joriy yil iyun oyida ko‘rib qolgan.

800 yevro oylik¸ tekin turar-joy¸ aviachipta¸ sug‘urta va’da qilgan agentlik¸ o‘zining Bandlik vazirligidan rasmiy litsenziyasi borligi¸ faoliyati to‘lig‘icha qonuniy ekanini aytganidan so‘ng¸ Mirjalol ular orqali Bolgariyaga ketishga qaror qilgan.

- Buning uchun iyulda ular bergan shartnomaga qo‘l qo‘ydim¸ aytilgan bank raqamiga 8 million so‘m o‘tkazdim. Bu pulning ichida ular bir tomonga bilet olishdi¸ Bolgariyaning Burgas degan joyida bizni kutib oluvchi “ish beruvchi”ning WhatsApp nomerini berishdi. Bolgariya vizasi uchun alohida 60 yevro berdim. Elchixonaga umuman borganim yo‘q – qaerdaligini hatto bilmayman ham¸ deydi 30 avgust kuni Ozodlikka Istanbuldan bog‘langan Mirjalol.

Uning aytishicha¸ ish beruvchigacha bo‘lgan yo‘lni qoplashi aytilgan agentlik¸ ularga faqat Istanbulgacha aviabilet olib bergan¸ Istanbuldan Burgasgacha avtobusda yonlaridan pul to‘lab yetib olishni aytgan.

- 5 avgust kuni men va yana to‘rt yigitga Bolgariya vizasi qo‘yilgan pasportimizni berishdi. Work in World agentligi vakili¸ ish beruvchi shoshirgani uchun¸ uch oylik turistik viza olingani va bu viza keyin ish vizasiga uzaytirilishini aytdi. “Uch oy ishlab qaytib kelasizlar¸ ungacha bir yillik ish vizasi tayyor bo‘ladi¸ yana ketasizlar”¸ deyishdi.

Ko‘chada qolgan ustalar

Work in World agentligi va’dasiga ishonib¸ Bolgariyaga yo‘lga chiqqan besh o‘zbekning sarguzashtlari Istanbuldayoq boshlangan.

- Ish beruvchi deyilgan odam bilan umuman bog‘lana olmadik. Bir necha kun qidirib yarim kecha topganimizdan keyin¸ bizga falon joyga yetib kelinglar¸ dedi. Borsak¸ chekka bir joy ekan. Pasportimizni ko‘rib¸ turistik viza bilan ishlash mumkin emas¸ sizlargayam¸ mengayam shtrafi katta¸ dedi. Keyin bizga tosh kesish uchun kar’yerga borib ishlasanglar¸ 400 yevro berishimiz mumkin¸ yotoqxona beramiz¸ lekin¸ ovqat¸ kommunal to‘lovlar o‘zlaringdan¸ dedi. Agentlikka telefon qilsak¸ Istanbulga qaytib¸ vakilimiz bilan uchrashinglar¸ deyishdi.

Mirjalolga ko‘ra¸ tayin ish va oylikka ketayapmiz¸ deb o‘ylaganidan¸ yonida deyarli pul olib kelmagan o‘zi va sheriklari bir kecha ko‘chada qolib¸ so‘ngra mahalliy odamlar to‘plagan pul yordamida Istanbulga qaytib kelgan.

- Istanbulda agentlik ish boshqaruvchisi bilan uchrashdik¸ nima bo‘lganini tushuntirdik¸ hatto Bolgariyada ko‘chada uxlaganimizgacha aytib berdik. Agentlik vakili bizga Xorvatiyada ish bor¸ jo‘natamiz¸ dedi. Lekin men rozi bo‘lmadim¸ odam savdogarlari qo‘liga tushib qolmaslik uchun¸ xarajatlarimni qoplab berish va O‘zbekistonga qaytish bileti olib berishini so‘radim. Shundan beri ular mendan qochib yuripti¸ men esa¸ ko‘chada qolib¸ aeroportda uxlashgacha majbur bo‘layapman¸ deydi Mirjalol.

Shart va majburiyatlar

Ozodlik gaplashgan muhojirlar Work in World xususiy bandlik agentligi rahbari D. Abzalova bilan tuzilgan 7 sahifalik shartnoma nusxasi¸ shuningdek¸ 5 avgsut kuni Bolgariya elchixonasi tomonidan berilgan viza nusxasini taqdim qildi.

Shartnomaning “Ijrochi (agentlik-tahr.)ning huquq va majburiyatlari” deb nomlangan 5-bobida Work in World agentligi¸ chet el davlati “ish beruvchi”sining fuqaro bilan imzolash uchun yuborgan mehnat shartnomasi loyihasini fuqaroga taqdim etish va uning shartlari bilan fuqaroni batafsil tanishtirish¸ fuqaroni chet el davlatiga tashkillashtirilgan tartibda yuborish¸ chet eldagi mehnat sharoitiga tayyorlash va ko‘niktirish¸ shuningdek¸ uning mehnat haqlari buzilgan taqdirda¸ huquqiy yordam ko‘rsatish mas’uliyatini zimmasiga olgan.

Ozodlik gaplashgan agentlik mijozlari¸ shartnomadagi bu majburiyatlarning bajarilmagani – ish beruvchi tomonidan yuborilishi aytilgan mehnat shartnomasini umuman ko‘rmaganlari¸ hech qanday tayyorgarlik kurslari bo‘lmagani¸ eng muhimi¸ ish vizasini olib berish (fuqaroni chet el davlatiga tashkillashtirilgan tartibda yuborish) shartining qo‘pol ravishda buzilib¸ o‘zlarining ishlashga ruxsat berilmaydigan turistik viza bilan yuborilganini aytadi.

Agentlik va ularga lizentsiya bergan Bandlik vazirligi nima deydi?

30 avgust kuni Ozodlik ayni kunlarda Bolgariyaga ishga ketish uchun pul to‘lab¸ Istanbulda muallaq qolayotgan o‘zbekistonliklar bilan shartnoma tuzgan Work in World xususiy bandlik agentligi direktori bilan bog‘landi.

Murojaat tafsilotlarini eshitgan Abzalova¸ bu masalada izoh bermasligi va o‘z yuristiga murojaat qilishni aytib¸ suhbatni qisqa qildi.

Agentlik rahbari va uning yuristi bilan bog‘lanish urinishlari kun davomida samarasiz qoldi.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xususiy shirkatlarga lizentsiya berishga mas’ul boshqarmasi rasmiysi Istanbuldagi o‘zbek muhojirlari vaziyati haqida Ozodlik bergan tafsilotni obdon eshitdi.

Work in World agentligi bizdan lizentsiya olgan. Lekin ular xususiy tadbirkorlik sub’ekti bo‘lgani uchun vazirlik ular faoliyatini tekshirish vakolatiga ega emas. Aldangan fuqarolarimiz prokuraturaga ariza yozishlari kerak. Buni ularning O‘zbekistonda qolgan yaqinlari ham qilishi mumkin. Bu voqea odam savdosi deb tasniflanishi ham mumkin. Ish sudga oshirilsa va ularning aldamchiligi sudda tasdiqlansa¸ o‘shandagina ular lizentsiyasi bekor qilinishi mumkin¸ dedi Ozodlikka izoh bergan Bandlik vazirligi mutasaddisi.

Ozodlik¸ YI viza rejimidan bxabar o‘zbekistonliklarning turistik viza bilan ishga yuborilayotganiga munosabat so‘rab Bolgariyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan bog‘landi.

Turistik viza bilan ishlash YI hududida qat’iyan man etilishini ta’kidlagan konsullik rasmiysi¸ voqeaga oid tafsilotlar yo‘qligini aytib¸ jiddiy o‘rganib chiqqandan so‘nggina¸ unga munosabat bildirish mumkinligini bildirdi.

20 kundan beri pulsiz¸ joysiz¸ ishsiz holda xorijda qolayotgan Mirjalol va uning sheriklari O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulligiga ham murojaat qilgan.

Elchilik¸ bunday vaziyatga tushgan o‘zbekistonliklarga moliyaviy yordam berish imkoni yo‘qligini aytib¸ ularga agentlikni sudga berishni tavsiya qilgan.

Ozodlik bilan suhbatda Mirjalol¸ O‘zbekistonga qaytishi bilan o‘z haqlarining buzilgani yuzasidan prokuraturaga ariza berishini aytadi.

XS
SM
MD
LG