Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:23

Beslan fojiasi: jabrdiydalar 15 yildan beri haqiqat izlaydi (VIDEO)


26 ayol farzandlari bilan Beslandagi garovdan ozod qilgandan so‘ng askar chaqaloqni ko‘tarib ketmoqda, 2004 yil 2 sentabr.
26 ayol farzandlari bilan Beslandagi garovdan ozod qilgandan so‘ng askar chaqaloqni ko‘tarib ketmoqda, 2004 yil 2 sentabr.

2004 yil 1 sentabrda Shimoliy Osetiya markazidagi 1-maktab o‘quvchilarini yozgi ta’tildan so‘ng quchoq ochib kutib oldi.

1128 nafar ota-ona, o‘qituvchi va o‘quvchi yangi o‘quv yili uchun qo‘ng‘iroq chalinishi marosimiga soat 9 da yig‘ilganida, hammaning ko‘nglida asabiylik va hayajon bor edi.

Qurollangan 30 ga yaqin chechen va ingush bo‘lginchisi – yig‘in ahli bexabar – bir necha soat oldin Shimoliy Osetiya chegarasidan o‘tgan edi.

Ular yig‘in paytida hujum qilgach, 1000 dan oshiq kishini maktab sport zaliga qamab olib, Rossiyadan qo‘shinlarini Chechenistondan olib chiqish talabini qo‘ygan edi.

Xavfsizlik kuchlari bilan qarama-qarshilik 52 soat davom etdi. Ular garovga olingan kishilarni – 800 ga yaqini bola edi – oziq-ovqat va suvdan mahrum qildi. Ertasi kuni terrorchilar bir necha erkakni otib tashladi va maktabni minalashtirilgan istehkomga aylantirdi.

Kunduzi soat 1 lar atrofida zalda ikkita portlash ro‘y berdi. Garovdagi kishilar u yerdan qochib chiqa boshlagach, Rossiya maxsus kuchlari tartibsiz qutqaruv amaliyotini boshladi. Oqibatda 334 kishi, jumladan 186 bola halok bo‘ldi, yuzlab kishi yaralandi.

37 000 aholisi bor Beslanda fojia daxl qilmagan oila kam qoldi. Qabristonda joy yetmagani sababli shahar tashqarisidan “Farishtalar shahri” deb atalgan yangi qabriston ochildi.

Dunyoni larzaga solgan o‘sha fojiadan so‘ng oradan 15 yil o‘tib, undan omon qolganlar va halok bo‘lganlarning oilalari hamon haqqoniy tergov o‘tkazilishini talab qilmoqda. Talabgorlar nega shturm uyushtirilgani va xavfsizlik kuchlari garovga olinganlarni qutqarish uchun nega bunchalik ko‘p qurbon beradigan usulni tanlaganiga oid savollarga javob axtarmoqda.

Amaliyot vaqtida bir kishidan boshqa barcha terrorchilar o‘ldirildi, omon qolgan chechenistonlik duradgor Nurpashi Kulayev umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Fojiadan so‘ng jabrdiydalarga tovon puli berildi, hukumat komissiyasi davlatning shunchalik ko‘p odam o‘limiga sabab bo‘lgan amaliyotiga ziddiyatli baho berdi. Berilgan javoblardan juda kam kishi qanoat hosil qildi.

Hokimiyat haqqoniy tergov o‘tkazish uchun hech narsa qilmadi, ‒ deydi o‘sha payt 13 yoshida qattiq yaralangan bo‘lsa-da, omon qolgan Aguna Vatayeva. Uning onasi o‘sha yerda yaralanib halok bo‘lgan edi.

Shundan so‘ng Vatayeva Moskvaga borib davolandi. Hukumat uning davolanish xarajatlarini qoplash bilan birga onasining o‘limi uchun 1 million rubl (37 ming AQSh dollariga yaqin) tovon puli berdi.

Farzandlari va eri bilan Vladikavkazda yashayotgan Vatayevaning boshida hamon portlagan yarog‘ parchalari bor. U o‘zining yaralanishi va onasi o‘limiga Rossiya xavfsizlik kuchlarining keragidan ortiq kuch ishlatgani sabab, deb bilishini aytadi.

2007 yili Vatayeva omon qolgan, halok bo‘lgan yoki yaralanganlarning qarindoshlari bo‘lmish 400 ga yaqin kishi bilan birga Rossiya hukumatini fojia uchun javobgarlikka tortish uchun Yevropa inson huquqlari sudiga (EIHS) murojaat qildi.

Sud hukmi chiqqaniga ancha bo‘ldi, ammo 2017 yil aprelida EIHS Rossiya hokimiyat idoralarining bo‘hronni bartaraf etish borasidagi xatti-harakatlariga keskin baho berdi. Uning hisobotida terrorchilik amali oldini olish uchun “yetarli ehtiyot choralari ko‘rilmagani”, maktab xavfsizligi kuchaytirilmagani va jamoatchilikni undan ogohlantirmagani aytiladi.

Sud Rossiya hukumati bajarishi uchun jabrdiydalarga yana 3 millon yevro (3,3 million dollar) tovon puli to‘lash kerakligi to‘g‘risida hukm chiqardi. Rossiya Adliya vazirligi ushbu hukmga apellyatsiya berdi, biroq keyinchalik uni bajarishini e’lon qildi. Vatayeva yana 7000 yevro oldi va bu davolanish xarajatlarini qoplashda yordam berdi.

Biroq Beslanda o‘sha terrorchilik hujumi bo‘yicha hammaning ham fikri yakdil emas. Ayrim kishilar hokimiyat qo‘lidan kelgan hamma ishni qildi, deb hisoblaydi va EIHS hukmiga qarshi chiqadi.

Rossiya Chechenistondagi isyonchilarga qarshi ikki marta urishdi, zo‘ravonlik esa butun mintaqaga yoyildi. Beslanda odamlarni garovga olish o‘tgan 10 yil ichidagi to‘rtinchi terrorchilik amali bo‘ldi. Terrorchilar hatto o‘sha voqeadan ikki yil oldin Moskvadagi Dubrovka teatrida ham odamlarni garovga olgan va bu ularni ozod qilish bo‘yicha aniq amaliyot rejasi yo‘qligi sabab kamida 130 kishining o‘limi bilan tugagan edi.

Ekspertlar fikricha, Rossiyaning Shimoliy Kavkazdagi respublikalar: Checheniston, Ingushetiya va Dog‘istonga oid mavqei hanuz xavfli bo‘lib qolmoqda, chunki u yerda haligacha sovetlardan meros bo‘lib qolgan va hal etilmagan muammolar bor. Ular yangi mojarolarga aylanib ketishi mumkin, degan xavotir ham bor.

Garovdan omon qolganlar va halok bo‘lganlarning qarindoshlari o‘qlaru portlagan yarog‘ parchalari bilan ilma-teshik sport zalini asrab qolish uchun oyoq tirab turib olmaganida, u tekislab tashlanishi turgan gap edi.

Endi uning xarobalari oltin sarkofag bilan qoplangan. Mudhish muhit hukmron zalga istagan kishi bemalol kirib chiqishi mumkin. Devorga halok bo‘lgan maktab xodimlarining va bolalarning ma’sum yuzlari aks etgan suratlari ilib qo‘yilgan. Ular ostida bolalar o‘yinchoqlari va har yili xotirlash kuni olib kelinadigan guldastalar yotibdi.

XS
SM
MD
LG