Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2019, Тошкент вақти: 09:52

OzodDayjest: Ehtiyojmand oilalarga atalgan arzon uylar islovotxonaga aylantirilgani aniqlandi


Illyustrativ surat.

O‘zbekistondagi sug‘oriladigan yerlarning holati yomonlashmoqda. “Xalq banki”ning Payariq tumani bo‘limini o‘marmoqchi bo‘lgan D.T.ga nisbatan hukm o‘qildi. Prezident topshirig‘iga asosan Samarqand shahri “Qorasuv” maskanida ehtiyojmand oilalarga atab qurilgan uylar cho‘ntagi baquvvatlarga sotilgani aniqlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Bosh prokuratura sug‘oriladigan yerlarni sifati yomonlashayotganidan ogohlantirdi

O‘zbekistondagi sug‘oriladigan yerlarning holati yomonlashmoqda (“Huquq”, 5 sentabr).

Bosh prokuratura boshqarma prokurori Murodiljon Mo‘minovga ko‘ra, 2013 yil boshida 347 769 gektar yerning holati yomon deb baholangan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 456 859 gektarga yetdi. Xususan, 191 366 gektar yerning meliorativ holati yomonligi, 205 507 gektar yerda suv yetishmasligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, aholi soni yuqori sur’atda ko‘payishi va global iqlim o‘zgarishi ta’sirida mamlakatda oxirgi 15 yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘oriladigan yer maydoni 24 foiz (0,23 gektardan 0,16 gektargacha) qisqargan.

Bankdan salkam 3 milliard so‘m o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan shaxsga 6,6 yilga kesildi

“Xalq banki”ning Payariq tumani bo‘limini o‘marmoqchi bo‘lgan D.T.ga nisbatan hukm o‘qildi (“Darakchi”, 5 sentabr).

24 yoshli yigit temir eshikni ochishga mo‘ljallangan uchi o‘tkir jism, katta miqdordagi pulni solish uchun maxsus tayyorlangan polietilen qop, oshxona pichog‘i va maxsus qo‘lpoq bilan “qurollanib”, 2019 yil boshlarida tungi soat 12 larda yashirin darvozasi orqali bankka kirgan.

O‘sha kuni bank xazinasida 655 million so‘m, 263 ming dollar va 675 yevro, jami 2,9 milliard so‘m mablag‘ bo‘lgan. Ammo qo‘riqchilarning hushyorligi sabab u o‘g‘rilikni oxiriga yetkaza olmagan.

O‘g‘ri qochayotgan paytda qo‘riqchi ogohlantirish uchun osmonga qarata o‘q uzgan va u qo‘lga olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi raisi Shuhrat Sharipovga ko‘ra, o‘g‘rilik ustida ushlangan yigit 6,6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ehtiyojmand oilalarga atalgan yuzlab uylar cho‘ntagi baquvvatlarga berib yuborildi

Prezident topshirig‘iga asosan Samarqand shahri “Qorasuv” maskanida ehtiyojmand oilalarga atab qurilgan uylar cho‘ntagi baquvvatlarga sotilgani aniqlandi (“Mahalla”, 30 avgust).

Uy-joy taqsimoti komissiyasi nomigagina tashkil etilgan. Oqibatda mazkur maskandagi kam ta’minlangan oilalar uchun mo‘ljallangan 344 ta xonadon uyga mutlaqo ehtiyoji bo‘lmagan cho‘ntagi baquvvat kimsalarga berib yuborilgan.

“Obod maskan” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Do‘stmurod Saidovga ko‘ra, davlatmand oilalar sotib olgan uyini ijaraga bermoqda. Ijara uyda esa islovotxonalar tashkil etilmoqda.

Qayd etilishicha, “Qorasuv” maskanida ehtiyojmand oilalarga berilishi kerak bo‘lgan xonadonlarni islovotxonaga aylantirayotgan kimsalar orasida ichki ishlar idoralari xodimlari ham bor ekan. Jumladan, ismi oshkor etilmagan ichki ishlar xodimiga tegishli 3-uyning 37-xonadonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijliklar yengil tabiatli ayollar bilan ushlangan.

XS
SM
MD
LG