Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2019, Тошкент вақти: 01:41

OzodDayjest: Deputatlarining ayrim huquqlardan mahrum etilgani “katta yo‘qotish” deb baholandi


O‘zbekiston Oliy majlisi yig‘ilishi.

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i o‘zbek tiliga hurmatsizlik qilmoqda. Toshkent xalqaro aeroportida sumka o‘g‘irlagan ayol qo‘lga tushdi Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Parlament deputatlari bir qator huquqlardan mahrum etildi

Joriy yil 4 sentabrda saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarga asosan 1995 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi to‘g‘risida”gi qonuni o‘z kuchini yo‘qotdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Telegramdagi sahifasida parlament a’zolari bir qator huquqlardan mahrum etilganiga e’tibor qaratdi.

Eski qonunchilikka ko‘ra, deputat tegishli hokimiyat vakillik organi nazorati ostidagi tashkilotlarda fuqarolarning muhim manfaatlariga taalluqli bo‘lgan har qanday masala ko‘rib chiqilishida ishtirok etishi mumkin edi.

Endilikda deputat har qanday masala emas, faqat hokimlik va tashkilot ruxsat bergan masalalar muhokamasidagina ishtirok etishi mumkin.

Qayd etilishicha, yangi qonun kuchga kirishi bilan Oliy Majlis deputatlariga xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari eshigi ham yopilgan.

Ilgari parlament a’zolari quyi kengashlar majlislarida maslahat ovozi bilan ishtirok etishi mumkin edi. Endilikdan deputatlar bu huquqdan mahrum bo‘ldi.

R.Kusherbayev deputatlarning vakolatlardan mahrum etilishini adolatni tiklash yo‘lida katta yo‘qotish deb atagan.

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i davlat tilini mensimayotir

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunini buzmoqda (www.uza.uz, 6 centabr).

Qayd etilishicha, ushbu brendga tegishli barcha do‘konlarda narxlar rus tilida ko‘rsatilgan.

“Asosan o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholidan iborat dahalardagi aksariyat Korzinka.uz do‘konlarida ham o‘zbekcha narxnomani uchratmaysiz.

Hatto xalq tilida aytiladigan “yopgan non” ham ushbu do‘konlarda “lepyoshka” tarzida qayd etilgan.

Qizil qovunni esa rus tiliga tarjima qilishda biroz ter to‘kib “dinya krasnomyasko” so‘zini ixtiro qilishganiga “ofarin” deysiz”, deb yozadi muallif.

Ta’kidlanishicha, “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasida narxnomalar davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi lozimligi belgilangan.

Maqolada davlat tilini mensimagan, jamoat joylarida o‘zbek tilini hurmat qilmagan tadbirkorlar qonun oldida javob berishi kerakligi eslatilgan.

Toshkent aeroportida sumka o‘g‘irlagan ayol qo‘lga tushdi

Toshkent xalqaro aeroportida sumka o‘g‘irlagan ayol qo‘lga tushdi (“Huquq”, 12 sentabr).

Qayd etilishicha, Istanbul – Toshkent yo‘nalishida uchib kelgan 35 yoshli ayol aeroportdagi maxsus lentadan avval o‘ziga tegishli yuklarni oladi, so‘ng shayton vasvasasiga uchib, farg‘onalik ayolga tegishli qora sumkani o‘g‘irlab, tug‘ilgan joyi – Andijonga ravona bo‘ladi.

O‘g‘irlik huquq idoralari tomonidan qisqa muddatda ochilgan. Ushbu jinoyatni sodir etgan ayol jabrlanuvchiga 610 dollarlik zararni qoplab bergan.

Xabarga ko‘ra, ayblanuvchining pushaymonligi va jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligi sabab taraflar JPKning 584-moddasiga ko‘ra yarashtirilgan.

XS
SM
MD
LG