Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2019, Тошкент вақти: 01:30

“Talabalar birlashaylik” Telegram kanali stipendiya ozayganidan norozilar platformasiga aylandi


Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiysining 11 sentabr kungi matbuot anjumanida qilgan bayonoti o‘zbekistonlik talabalarni virtual maydonda birlashishga undadi.

Vazir o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan tadbirda kontrakt va byudjet asosida tahsil olayotgan talabalar uchun 400 ming so‘m miqdorida stipendiya belgilanganini e’lon qildi.

Bunday o‘zgarishdan norozi bo‘lgan talabalar o‘sha kuniyoq o‘zaro fikr almashish maqsadida Telegram kanalida ochgan guruh a’zolari soni 3 kunda 51 mingdan oshdi (13 sentabr kuni maqola yozilayotgan soatda 51 737 nafar a’zo -tahr.).

Guruh “Talabalar birlashaylik!” deb nomlandi. Unga qo‘shilganlar hukumatning sentabrdan to‘lov-kontrakt miqdorini 18 foizga oshirgani¸ tabaqalashtirilgan stipendiya tizimini bekor qilib¸ qat’iylashtirilgan 400 ming so‘mlik stipendiya joriy qilganiga nisbatan o‘z noroziligini ifodalay boshladi.

Bu guruh faqat fikr almashinish uchun ochilgan edi. Guruhda boshida 4-5 ta odam edik¸ talabalarning o‘zi kelib qo‘shila boshladi”¸ deydi guruh tashabbuschilaridan biri Ozodlik bilan Telegram orqali yozishuvda.

Guruh ma’murlari¸ uning kutilmaganda ommalashib ketgani ortidan bo‘layotgan ayrim tahdid va bosimlar tufayli¸ anonim qolish istagini bildirdi.

Guruh a’zolariga tashlangan dastlabki taklif stipendiya masalasining qayta ko‘rilishiga munosabat bildirish bo‘ldi.

Talabalar o‘z fikringizni bildiring va manfaatlaringizni himoya qiling”¸ degan chaqiruv ortidan kanalga qo‘shilgan yuzlab talaba 2019 o‘quv yilidan joriy etilgan o‘zgarishlarning o‘z hayotiga ta’siri haqida yoza boshladi.

Talabalar e’tirozlari

Stipendiyaga kun ko‘radigan talabalar soni kam emas. 11 mln kontrakt og‘izga oson. Eng katta summani to‘layotgan shartnoma asosida o‘qiyotganlarning aybi nima? Kontrakt summasi 18% foiz oshirilib¸ nega endi stipendiya summasi 400 ming qilib qo‘yildi? Talabalarga nisbatan haqorat kamsitish emasmi bu? Masalan, meni o‘qishimga uydagilarim qarshi edi. Ota-onamga shartnoma pulini to‘lab bering, qolganini o‘zim yaxshi o‘qib, stipendiyamga qoplayman, degandim. Hozir yigitlar darsdan keyin hech bo‘lmaganda ofitsiantlik yoki yuk tashuvchi bo‘lib ishlab¸ 30-40 ming topishadi¸ biz qizlar qanaqa ish qila olamiz uyimizdan uzoqda? Hukumatimiz shularni ham o‘ylasa yomon bo‘lmasdi”.

Men aynan tabaqalashtirilgan stipendiya orqali kontraktimning yarmidan ko‘pini to‘lashga ota-onamga yordamlashardim. Afsuski¸ yangi qonun nohaqlik bo‘ldi. Hamma narsaning narxi oshdi¸ jumladan kontrakt ham¸ lekin stipendiya tushdi. Tasavvur qilaylik¸ bog‘bon harbiy yoki prokurordek maosh olsa¸ tenglik bo‘ladimi? Hozirgi yangi qonun xuddiki o‘qigan va o‘qimaganni teng qilib qo‘yishdek gap. Aynan tabaqalashtirilgan stipendiya olish uchun yanada bilimni oshirishga harakat qilayotgan edik. Bu qonun¸ birinchidan¸ o‘qish sifatini tushiradi¸ ikkinchidan¸ byudjetda o‘qiyotganlar uchun korrupsiyani kuchaytirib beradi¸ uchinchidan¸ o‘qishda raqobat bo‘lmaydi. Raqobat yo‘q joyda esa¸ rivojlanish bo‘lmaydi”.

Shu kontrakt ko‘tarilgandan beri o‘z ustida ishlab¸ bilimini oshirishga harakat qilayotgan kursdoshlarim ham o‘qishga qiziqishi qolmay¸ ish topishga harakat qilmoqda. Bir xilda 400 ming so‘m etib belgilangan stipendiya miqdorini qayta ko‘rib chiqib¸ kontrakt oshganiga yarasha stipendiyani ham sal ko‘tarishlarini so‘raymiz. Axir hamma student ham 3 bahoga loyiq emasku! Ming orzu havas bilan yaxshi o‘qiyman¸ o‘z chiqimlarimni o‘zim qoplayman¸ deb o‘qishga kirganimizni tushunib yetishlarini so‘rab qolamiz”.

Talab va takliflar

Bo‘lajak ziyolilar sifatida e’tiroz va takliflarni haqorat va tegajoqliksiz ifodalash so‘ralgan “Talabalar birlashaylik” guruhi a’zolari hukumatdan o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi.

Oliy taʼlim muassasalarida tahsil oluvchi talabalarning kontrakt to‘lovlari birdaniga 18 % ko‘tarilgani va stipendiyalarning bir xilda 400 000 so‘m tarzda bo‘lgan haqidagi qaror qayta ko‘rib chiqilib¸ talabalarning tabaqalangan stipendiyalari tiklanishini so‘rayman. Oliygohlar xarajatlari super kontraktlarga kvotalar ko‘payishi hisobiga kompensatsiya qilinishini taklif qilaman”.

Grant asosidagi talabalar fanlardan 30% dan ortiq 3 baho olsa keyingi semestrdan stipendiya olmaydi¸ debdi. Agar bunday bo‘lsa yana korrupsiyaga urug‘ qadaganday bo‘ladiku! Mana shu masalaniyam qaytadan ko‘rib chiqish uchun ovoz to‘plashga chiqaring. Korrupsiyasiz ta’lim - kelajak poydevori!”

Davlat granti asosida ta’lim olaman. Ana endi davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalar korrupsiyaning yangi bosqichini boshlab beradi. Shuning uchun bunday holatda stipendiya hammaga bir xil miqdorda berilsin hamda o‘zlashtirish darajasi 30%dan past bo‘lgan talabalar 1 semestr stipendiya olmaydi¸ degan qaror bekor qilinsin!”

“Talabalar birlashaylik” guruhi va unda bildirilgan e’tirozlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va uning yangi rahbari Alisher Sa’dullayev tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Guruh ma’murlaridan biri Ozodlik bilan muloqotda:

“Yoshlar ittifoqi 12 sentabr kuni bizga Press klubda vazir bilan uchrashuv o‘tkazilishiga platforma yaratib berdi. Ularga katta rahmat¸ xususan Alisher Sa’dullayevga”¸ deb yozdi.

Guruh umri tugadimi?

12 sentabr kuni Yoshlar press-klubida 150 dan oshiq talaba bilan uchrashgan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov e’tiroz va noroziliklar ortidan bu o‘zgarishlar qayta ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Bu uchrashuv ortidan “Talabalar birlashaylik” guruhi ma’murlari 13 sentabr kuni kanalga quyidagi xabarni qo‘ydi.

Kechagi Yoshlar press klubidan so‘ng, vazir Inomjon Majidov qarorni sentabr oyi oxirigacha qayta ko‘rib chiqib, bildirilgan takliflar asosida yangittan e’lon qilishga va’da berdilar. BIZ MAQSADIMIZGA ERIShDIK!

Lekin hammasi shu holatda yopilib ketiladimi yoki ular chora ko‘rishadimi hammani shu savol o‘ylantiradi. Endi hurmatli rahbarlarimizdan javob kutib qolamiz”.

Bu xabar ortidan “Talabalar birlashaylik” kanali yopiladimi¸ degan savolga Ozodlik gaplashgan guruh ma’murlaridan biri¸ “bu masalada hozircha bir fikrga kelinmaganini” bildirdi.

Hukumat qarori bekor qilinadimi?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidovning 12 sentabr kungi baënoti ijtimoiy tarmoqlardagi talabalar noroziligini biroz pasaytirdi.

Ammo vazir bu qayta ko‘rib chiqish yangi tizimning bekor qilinishi bilan tugash-tugamasligi haqida aniq va’da bermadi.

13 sentabr kuni Ozodlik bu jarayonga oid ma’lumot olish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov qabulxonasi bilan bog‘landi.

Bu masala bilan vazirlikning kontrakt-to‘lov bo‘yicha mutaxassislari shug‘ullanayotganini bildirgan o‘rinbosar yordamchisi¸ javob uchun shu boshqarma mutasaddilariga murojaat qilishni tavsiya etdi. Berilgan telefonlarga kun davomida hech kim javob bermadi.

XS
SM
MD
LG