Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:55

Dahshatli tush: Vrachlar 1 kun ishlamasa nima bo‘ladi...


OzodMaktubda Abdulazizxon Akramov degan imzo chekilgan maktubni e’lon qilgan edik. Xatda gap tibbiyot xodimlariga nisbatan hurmatsizlik ustida borgan edi.

E’tiboringizga Abdulazizxon Akramovdan kelgan navbatdagi xatni havola qilayapmiz. (Vrachlar kaltaklanganiga oid xabarlarni shu sahifaning o‘ng tomonida "Aloqador" rukni ostida o‘qishingiz mumkin)

Xatni tahrirsiz, muallifning imlo va stilistikasini saqlagan holda berayapmiz.

OzodMaktub ruknida berilayotgan materiallarda voqea-hodisalarga berilayotgan baholar mutlaqo mualliflar pozitsiyasidir. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

***

Tasavvur qiling qo‘rqinchli tush – 1 kun butun O‘zbekistondagi 80 mingdan ortiq vrachlar ishlamadi! Bu qanaqa oqibatlarga olib kelishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Agar O‘zbekistondagi barcha vrachlar 1 kun ishlamasa:

- 27500 tez tibbiy yordamga chaqiruv amalga oshirilmay qoladi

- Bu chaqiruvlarni 70% og‘ir bemorlarga chaqiruv ekanligini xisobga olsak, 19250 ta og‘ir bemor tibbiy yordamsiz qoladi.

- Agar shu bemorlarning 50 % o‘lim havf solgan kasalliklar bilan bo‘lsa, 9625 kishi shu kuni tibbiy yordam olmaganligi sababli olamdan ko‘z yumadi. 9625 ta oilada motam, aza, janoza o‘qiladi.

- 9625 ta olamdan o‘tganlarning 10% (eng kam miqdor) bolalarga to‘g‘ri kelishini hisobga olsak 962 ta bola ShU KUNI vafot etishi mumkin. Urush o‘chog‘i bo‘lgan Suriyada BIR OYDA 90 ta bola vafot etadi!!!

- Bir kunda butun respublikamiz bo‘yicha mingdan ortiq shoshilinch operatsiya o‘tkazilmay qoladi. Bu esa yana 1000 ga yaqin kishini hayotdan ko‘z yumishiga yoki nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin

- Bir kunda respublikamizda 2100 dan ortiq chaqaloq dunyoga keladi. Agar tug‘ruqqa malakali akusherlar yordam ko‘rsatmasa 60% dan ko‘proq chaqaloq nobud bo‘lishi mumkin. Bu 1260 ta chaqaloq nobud bo‘ladi degani.

- 2100 chaqaloqni dunyoga keltirayotgan onalar malakali yordam olmasa ularning 40% tug‘ruq vaqtida vafot etadi. Bu 840 ona vafot etadi degani!

- Shifoxonada yotib davolanayotgan 170 000 dan ortiq bemor nazoratsiz qoladi. Ulardan 5% og‘ir bemor deb xisoblasak, 8500 bemor shu kuni turli asoratlardan vafot etishi mumkin.

- Yuqoridagi holatlardan tashqari qanchadan – qancha og‘ir holatdagi bemor bolalar, homilador onalar, bemor qariyalar, nogiron bemorlar shu kuni malakali tibbiy yordamsiz qolishi o‘ta ayanchli, mudhish holatlarga olib kelishi mumkin!

Qadrli yurtdoshim! Biz shifokorlarimiz bir kun ishlamasa nima holat bo‘lishini tasavvur qilib juda qo‘rqib ketdik. Bunday holat hayotda bo‘lmaydi deyishingiz mumkin – bo‘lmasin ham!!! Lekin Siz azizlar bir tasavvur va tafakkur qilib ko‘ring degan maqsadda ushbu hisoblarni keltirdik. Bu barcha raqamlar rasmiy statistik ma’lumotlarga asoslangan holda hisoblab ko‘rildi.

O‘zbekiston armiyasi xalqni tashqi dushmanlardan himoya qiladi. Agar armiya mustahkam bo‘lmasa tashqi kuchlar yurtimiz tinchligiga rahna solib, urush degan baloga sabab bo‘lishi mumkin! Urush esa qanchadan qancha insonlarni yostig‘ini quritadi. Shunaqangi tashqi balolardan himoya qiladigan harbiylarimizni juda hurmat qilamiz. Nega endi bizni “Kasalliklar” kabi ichki balodan himoya qilayotgan vrachlarimizni hurmat qilishni unutib ko‘ymoqdamiz? Siz-u biz uchun eng bebaho ne’mat bo‘lgan salomatligimiz posbonlarini qadriga yetmayapmiz?

O‘z qadrini bilgan hamkasblarimiz o‘z yurtida hurmat ko‘rmagach, chet ellarga chiqib ketyapti, chet el oliygohlarida shifokor bo‘laman deb o‘qiyotgan farzandlarimiz yurtimizga qaytgisi kelmayapti, shifokor bo‘lishni chorak asr orzu qilgan hamkasblarim o‘z kasbidan bezib qolyapti, sarflagan umriga achinyapti! Barchasiga sizu bizning shifokorlarga bo‘lgan munosabatimiz sabab!

Hurmatli vatandoshim! Tafakkur qiling! Vrachlarimizni, ularning mashaqqatli mehnatlarini qadriga yeting!

Abdulazizxon Akramov

XS
SM
MD
LG