Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:55

Toshkent aeroportida DXX reydi: Dehliga uchayotgan samolyotdan 39 tijoratchi tushirib qoldirildi


Toshkent xalqaro aeroportidagi yangi terminal
Toshkent xalqaro aeroportidagi yangi terminal

11 sentabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) o‘ndan ziyod xodimi Toshkent xalqaro aeroportida reyd o‘tkazib, Dehliga parvoz qilayotgan samolyotdan 39 nafar tijoratchini tushirib oldi va Toshkentdagi Gvardeyskiy ko‘chasidagi DXX hibsxonasida bir yarim sutka davomida ushlab turdi.

Bu haqda Hindistonga qatnab «chelnok biznesi» bilan shug‘ullanuvchi erkak va ayollarning 7 nafari Ozodlikka 16 sentabr kuni so‘zlab berdi.

Tijoratchilarning aytishicha, DXX xodimlari ularning tilla taqinchoqlari, valyutalari, qo‘l telefonlari va pasportlarini olib qolgan.

Reyd bo‘yicha Ozodlik DXXdan izoh ololmadi.

Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroport xodimiga ko‘ra, DXX reydiga Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallar olib chiqib ketilayotgani haqidagi ma’lumot sabab bo‘lgan.

"Samolyotda narkotik"

Ozodlik bilan suhbatlashgan tijoratchilarga ko‘ra, 11 sentabr, soat 19 da O‘zbekiston Havo Yo‘llari aviakompaniyasiga qarashli NY-425 raqamli reys parvoziga 15 daqiqa qolganda samolyot bortiga 10 nafardan ziyod fuqaroviy kiyimdagi shaxslar bostirib kirgan va ba’zi yo‘lovchilardan samolyotdan tushishni talab qilgan.

Hindistondan Toshkentga avtomobil zaxira qismlari keltirib savdo qiluvchi 35 yashar Komiljon Qalandarovning aytishicha, yo‘lovchilar samolyotga o‘tirgach, o‘zini tanishtirmagan shaxslar yo‘lovchilarga samolyotda narkotik moddalar olib ketilayotgani haqida ma’lumot kelib tushganini ma’lum qilgan:

- Samolyotga chiqdik, lekin 10 minutdan keyin 10-15 kishi grajdan formasida kelib, "siz tushing, siz tushing," dedi. Nimaga? - degan gapimizgayam qaramadi. "Samolyotni bo‘shatinglar, samolyot bo‘shashi kerak. Bu yerda qora dori, keyin mumkinmas narsalar bor, tushinglar", dedi. Umumiy hisobda 39 odam tushirib qoldirildi.

Komiljon Qalandarovning qo‘shimcha qilishicha, samolyot tungi soat 23 da Dehliga hindistonlik yo‘lovchilarni olib parvoz qilgan, o‘zbekistonlik yo‘lovchilar esa, aeroportning aviaxavfsizlik xonasida bir necha soat davomida ushlab turilgan.

"Qaroqchilardek"

Toshkentning Uchtepa tumanidan bo‘lgan 43 yashar tijoratchi Zulfiya Komilovaga ko‘ra, barcha yo‘lovchilarning pasportlari, valyutalari, tilla taqinchoqlari va qo‘l telefonlari birma-bir olib qo‘yilgan:

- Aeroportning milliy xavfsizlik xonasida ikki tomondan qulflab, ertalab soat 3 gacha olib o‘tirishdi. Bizga na suv berishdi, na hojatxonaga chiqishga ruxsat berishdi.

- Aeroportning milliy xavfsizlik xonasida ikki tomondan qulflab, ertalab soat 3 gacha olib o‘tirishdi. Bizga na suv berishdi, na hojatxonaga chiqishga ruxsat berishdi. Sumkamizni ag‘darib - chet elga ketayapmiz - milliy valyutamiz bormi, bo‘ynimizdagi zanjir bormi, zirak bormi hammasini yechtirib, papkaga solib, telefonimiz, pasportimiz, xullas hamma narsamizni olib qo‘yishdi xuddi qaroqchilardek.

46 yashar tijoratchi Iroda Ahmedova xavfsizlik xodimlari hojatxonaga borishiga ruxsat berishdan oldin uni boshdan-oyoq tekshirganini aytdi:

- To‘rt soatdan keyin oldiga borib dod solib yig‘ladim. "Mening buyragim kasal, o‘zi lechenie olaman Hindistonda, operatsiya yozib bergan" dedim.

- To‘rt soatdan keyin oldiga borib dod solib yig‘ladim. "Mening buyragim kasal, o‘zi lechenie olaman Hindistonda, operatsiya yozib bergan" dedim. Yuzim qizarib ketganidan keyin, "avval tekshiramiz keyin borasiz hojatxonaga" deyishdi va alohida xonaga olib kirib, ayol xodimlarga jinsiy a’zolarimgacha tekshirtirib, keyin qo‘yishdi.

Dehliga davolanish uchun borayotganini aytgan Aziza Gaipova, aviaxavfsizlik xonasida barcha yo‘lovchilar va ularning yuklari qayta tekshiruvdan o‘tkazilganidan shikoyat qildi.

"Haq bo‘lsangiz qaytariladi..."

46 yashar tijoratchi Matluba Eshmirzayevaga ko‘ra, 12 sentabr tongida samolyotdan tushirib olingan barcha yo‘lovchilar ikkita avtobusdan Toshkentning Gvardeyskiy ko‘chasidagi DXX hibsxonasiga olib ketilgan va ularning har biri alohida-alohida kameralarda tongga qadar ushlab turilgan.

38 yashar tijoratchi Dilorom Esanovaning qo‘shimcha qilishicha, Gvardeyskiyga keltirilgan yo‘lovchilarning barchasi 12 sentabr, soat 22 ga qadar so‘roq-javob qilingan.

Ozodlik suhbatlashgan “chelnok biznesi” vakillari DXX xodimlari xatti-harakatlari qonunga zid ekanini urg‘ulashdi.

Tijoratchilarning da’vo qilishicha, DXX xodimlari ularning mol-mulkini olib qo‘yarkan, rasmiy tartib qoidalarga rioya qilmagan.

24 yashar tijoratchi Abdunazar Qalandarov ulardan olib qo‘yilgan shaxsiy buyumlar qaytariladimi- yo‘qmi - hozirgacha qorong‘u qolayotganini aytdi:

- Paketga o‘xshagan, qog‘ozli xaltaga solib, pasportlarni ham ichiga solib, hammasini birma-bir qadoqlab chiqdi. Tergov jarayonida "agar haq bo‘lsangiz qaytariladi, nohaq bo‘lsangiz musodara bo‘ladi" deb aytishdi.

Yo‘lovchilarga ko‘ra, DXX xodimlari oradan bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, na ularning shaxsiy buyumlari va na pasportlarini qaytargan.

Tijoratchilar DXX xodimlarining reydi tufayli ularning har biri bir necha ming dollardan zarar ko‘rganini aytdi.

Ular 16 sentabr kuni DXX xodimlari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Prezidenti qabulxonasi, DXX raisi, Bosh prokuratura va Ombudsmanga shikoyat qilgan.

"... fuqarolaringiz sifatida konstitutsion erkinligimizni himoya qilishingizni va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishingizni so‘raymiz" deyiladi maktubda.

Kombinat oltinlari?

Ozodlik O‘zbekistondagi eng yopiq tashkilot - Davlat Xavfsizlik Xizmatidan izoh ololmadi.

Toshkent aeroporti xodimi Ozodlikka haqiqatan ham 39 nafar O‘zbekiston fuqarosi 11 sentabrda Dehliga parvoz qilgan samolyotdan tushirib qoldirilganini tasdiqladi.

Matbuotga gapirish vakolatiga ega bo‘lmagan xodimning ma’lum qilishicha, DXX xodimlari reydiga Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqilgan qimmatbaho metallar olib chiqib ketilayotgani haqidagi ma’lumot sabab bo‘lgan.

"DXXda Navoiy kon-metallurgiya kombinati oltinlari Toshkent aeroportidan olib chiqilayotgani haqida tezkor ma’lumot kelib tushgan. Go‘yoki yo‘lovchilar sumkasida olib o‘tilishi kerak bo‘lgan ekan. Tekshiruv davom etayapti" dedi aeroport xodimi.

XS
SM
MD
LG