Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:45

Tramp Eronning Saudiya neft inshootlariga hujum qilgani hozircha taxmin ekanini bildirdi


AQSh prezidenti Donald Tramp dam olish kunlari Saudiya Arabistonining neftni qayta ishlash inshootlariga amalga oshirilgan hujumlar ortida Eron turgan “bo‘lishi mumkinligi” xususidagi taxminlar ortib borayotgani, ammo bu ishonch komil bo‘lishi uchun yetarli emasligini aytdi.

Prezidentga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar urush qilishni istamaydi, biroq mamlakatining Fors ko‘rfazi mintaqasidagi asosiy ittifoqchisiga hujumlarni qaytarishda yordam berishga tayyor.

Uning fikricha, buning uchun, avvalo, kim aybdor ekani haqida “yakuniy” qaror qabul qilinishi kerak.

‒ Men kim bilandir urishishni istamayman, ammo biz urushga tayyormiz, ‒ dedi Tramp jurnalistlarga Vashingtonda.

Prezident shuningdek AQSh biror zarba berishdan oldin Fors ko‘rfazi mintaqasi va Yevropadagi ittifoqchilari bilan ushbu masalani muhokama qilajagini aytdi.

‒ Yevropa mamlakatlari bilan ham muzokara qilayapmiz, ‒ dedi Tramp, ‒ biz hamkorlik qilayotgan ko‘pgina mamlakatlar¸ xususan¸ Fransiya, Germaniya ¸ shuningdek, boshqa odamlar bilan gaplashib, bu haqdagi fikrini o‘rganayapmiz.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eronni ayblab chiqdi. AQSh Mudofaa vaziri Mayk Esper ham 16 sentabrda aynan shunday bayonot berdi. Bundan oldin Qo‘shma Shtatlar sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni e’lon qilgan¸ hamda 14 sentabrdagi hujum ortida Eron turishi mumkinligini tasdiqlash uchun razvedka ma’lumotlarini ochiqlagan edi.

Eron ushbu havo hujumiga aloqasi borligini rad etmoqda, ammo Yamanning Tehron qo‘llab-quvvatlayotgan xutiy isyonchilari hujumlarni uyushtirganini va buning uchun dronlardan foydalanganini iddao qilmoqda.

17 sentabrda Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Qo‘shma Shtatlar bilan muzokara o‘tkazilishini istisno qildi.

− Eron xalqiga qarshi “imkon qadar” ko‘proq bosim o‘tkazish siyosati befoyda. Eron Islom jumhuriyati rasmiylari Qo‘shma Shtatlar bilan hech bir darajada muzokara bo‘lmasligiga yakdil ishonadi, − deya Xomanaiyning so‘zlaridan iqtibos keltiradi uning rasmiy sayti.

O‘tgan hafta Oq uyda Tramp bilan prezident Ruhoniy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini xususida gap-so‘zlar paydo bo‘lgan va bu Amerika bilan Eron munosabatlarini kutilmagan tarzda iliqlashtirishi mumkin edi.

Ayni hujum Saudiya Arabistonida neft qazib olishni teng yarmiga kamaytirib yubordi va bu jahonning neft yetkazib berish tarixidagi eng katta uzilish bo‘ldi.

Vashington bilan Tehron o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan yili Tramp Eronning yadro dasturi bo‘yicha bitimdan chiqib ketgani va Tehronga qarshi sanksiyalarni qaytadan joriy qilganidan so‘ng yomonlashdi.

Tramp Pompeo va boshqa rasmiylar tez orada Saudiya Arabistoniga safar qilishini bildirdi.

Hujumlar oqibatida dunyoda neft qazib olish hajmi 5 foizga qisqardi, jahon bozorida neft narxi esa 19 foiz ortib ketdi.

XS
SM
MD
LG