Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2019, Тошкент вақти: 08:20

Ozodlik surishtiruvi: Musulmonlar idorasi qoshidagi "Vaqf" fondi mablag‘lari qaerga sarflanmoqda?


O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov "Vaqf" fondi non sexiga duo bermoqda. (Muftiyat saytidan olingan foto)

2019 yilning aprel oyida ​"Vaqf" xayriya jamoat fondining raisi Iskandar Xalilov taqriban 32600​ dollar turuvchi Malibu-2 rusumli xizmat mashinasi sotib olgani ijtimoiy tarmoqlarda kuchli bahslarni uyg‘otdi.

Tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pi xayriya hisobiga faoliyat yurituvchi tashkilot rahbariyatini isrofgarchilik uchun tanqid qildi.

"Malibu mojarosi" unitilayozgan bir paytda “Vaqf” xayriya jamoat fondining bir-biridan mustaqil ikki xodimi Ozodlik bilan muloqotlar davomida fond rahbarlarini xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilayotganlikda, xayriya mablag‘larini nazorat qilish va sarflashda shaffoflikni ta’minlamayotganlikda ayblab chiqdi.

Ularning iddaolari o‘ta jiddiy bo‘lgani uchun Ozodlik mavzu yuzasidan surishtiruv o‘tkazishga qaror qildi.

Surishtiruv davomida quyidagi savollarga javob izlandi:

O‘zbekistondagi masjidlarga fuqarolardan tushayotgan sadaqa, zakot, fitr va boshqa mablag‘lar qaerga sarflanmoqda?

O‘zbekistondagi yuzlab muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarda qoldirilayotgan xayr-ehsonlarchi?

Yiliga to‘planadigan milliardlab so‘m qanday nazorat qilinadi?

"Vaqf"

"Vaqf" fondi Adliya vazirligi ro‘yxatidan 2018 yilda o‘tgan edi
"Vaqf" fondi Adliya vazirligi ro‘yxatidan 2018 yilda o‘tgan edi

2018 yilning 18 aprelida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat musulmonlarining zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘larini to‘plash va sarflashga mas’ul yagona tashkilot - "Vaqf" xayriya jamoat fondini ta’sis etish haqida farmon chiqardi.

Oradan bir oy o‘tib Adliya vazirligi rasman ro‘yxatga olgan “Vaqf” xayriya jamoat jamg‘armasiga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 avgustdagi 708-F-sonli farmoyishiga muvofiq, O‘zbekistondagi 189 ta muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar “tekin foydalanish shartnomasi asosida” biriktirib berildi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi qoshida ish boshlagan “tashkilotning asosiy maqsadi ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fan va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, xalqimizga azal-azaldan xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni davom ettirishga ko‘maklashish hisoblanadi”.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi "tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirishga mas’uldir".

Jamg‘arma faoliyati, shuningdek, "aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash"ni qamrab oladi.

O‘tkan salkam 1,5 yil ichida...

Ozodlik ixtiyorida mavjud rasmiy hujjatlarga ko‘ra, "Vaqf" xayriya jamoat fondi "xayriya", "vaqf", "masjid", "ziyoratgohlar" singari 16 ta hisob raqami ochgan.

2018 yilda fondning birgina "ziyoratgohlar" hisob raqamiga vaqf ixtiyoriga o‘tgan 137ta ziyoratgoh va qadamjodan 3,5 milliard so‘mdan ko‘proq (salkam 4 million AQSh dollari) kelib tushgan.

“Vaqf” xayriya jamoat fondining bir-biridan mustaqil ikki xodimi Ozodlik bilan muloqotlar davomida fond mutasaddi rahbarlarini xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilayotganlikda hamda xayriya mablag‘larini nazorat qilish va sarflashda shaffoflikni ta’minlamayotganlikda ayblab chiqdi.

Bosimga uchrash va intizomiy jazoga tortilish ehtimolidan qo‘rqib, o‘z ismini oshkor etmaslikni so‘ragan fond ikki xodimidan biri quyidagi da’volarni ilgari surdi:

  • “Vaqf” fondi shtatida bo‘lgan 24 shaxsning 12 nafari “yo umuman ishga kelmaydi yoki ora-sirada ko‘rinish beradi”;
  • “Vaqf” xodimlari qurilish va dala ishlariga jalb qilinmoqda;
  • “Vaqf” fondiga qarashli Toshkent vilooyati Qibray tumani Salam ShFY hududidagi 16 gektar yer maydoniga ekilgan gul va ko‘chatlar qarovsiz ahvolda yotibdi;
  • “Vaqf” fondiga berilgan ayni yer maydonida barpo etilgan non va non mahsulotlari sexi bir necha kun ishlab, yana berkitilgan;
  • “Vaqf fondi” Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Oqtepa” masjidi hududida ochgan "Vaqfmed" dorixonasi “nomiga ishlamoqda”.

Ayni da’volarni quvvatlagan “Vaqf”ning ikkinchi xodimi isbot sifatida fondning o‘nlab ichki hujjatlari, buyruqlari, yo‘riqnomalari, moliyaviy hisobotlari, foto, audio va video fayllarini Ozodlikka yo‘lladi.

Kadrlar muammosi

“Vaqf” fondi xodimining iddao qilishicha, jamg‘armadan maosh olayotgan 24 nafar xodimning yarmi “yo umuman ishga kelmaydi yoki ora-sirada ko‘rinish beradi”.

Barcha pul bilan bog‘liq ishlarda samarqandlik yoxud Samarqandning Urgut tumanidan ish boshqaruvchilar qo‘yilgan. Ular bevosita fond rahbari yoki musulmonlar idora kadrlar bo‘limi boshlig‘ining qarindoshlari bo‘lib chiqadi,” dedi “Vaqf” fondi xodimi.

“Vaqf”ning ikkinchi xodimi tomonidan Ozodlikka yo‘llangan ro‘yxatda fondda ishlayotgan mas’ul xodimlarning aksar xodimlari Samarqand viloyatidan ekanini ko‘rish mumkin.

"Vaqf" xodimlari
"Vaqf" xodimlari

“Vaqf” xayriya jamoat fondi xodimining qo‘shimcha qilishicha, tashkilotda hozirga qadar ish taqsimoti mavjud emas.

Misol uchun, Vaqfning uch nafar xodimi o‘z ish joyida funksional vazifalarini bajarish o‘rniga, Surxondaryoda qurilish ishlariga jalb qilingan. Bu ishlarni soha mutaxassisi bir necha kunda bajarishi mumkin. Lekin xodimlar oylab u yerda ishlashyapti - ham “o‘z ishlarini” bajarishmayapti, ham ishxonadan oylik olishyapti,” dedi u.

Vaqf xodimlari qurilish ishlarida
Vaqf xodimlari qurilish ishlarida

Ozodlik ixtiyorida mavjud suratda fond kotibining vaqfning qurilish ishlarida qatnashayotganini ko‘rish mumkin.

Vaqf yeri va non sexi

2019 yilning mart oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati Qibray tumani hududidagi jami 16 gektar yer maydoni hamda ushbu hududda qurilishi boshlangan binolar O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘ziga qarashli "Ziroat baraka" xo‘jalik jamiyati yerlarini "Vaqf" xayriya jamoat fondiga vaqf mulki sifatida beg‘araz o‘tkazib berdi.

Ushbu yer maydonlarida barpo etilgan issiqxonalarga gul va limon ko‘chatlari o‘tkazildi, ekin yerlariga kartoshka ekildi.

16 gektar yer va non sexi "Vaqf" fondiga topshirilgan edi
16 gektar yer va non sexi "Vaqf" fondiga topshirilgan edi

15 aprel kuni ayni hududda “Vaqf” o‘zining non va non mahsulotlari sexi tantanali ravishda ochilganini e’lon qildi.

Muftiy "Vaqf" fondi ochgan non sexiga duoi fotiha bermoqda
Muftiy "Vaqf" fondi ochgan non sexiga duoi fotiha bermoqda

“Vaqf” matbuot xizmati dastlabki non mahsulotlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimovning “duoi xayrlari bilan” chiqarila boshlanganini xabar berdi.

Qiymati 492 million so‘mdan oshiqroq bo‘lgan ushbu sexda tayyorlangan mahsulotlar Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Respublika bolalar ruhiy-asab kasalxonasida davolanayotgan bolalarga xayriya sifatida ulashilgani qayta-qayta ta’kidlandi.

“Vaqf” matbuot xizmati tayyorlagan videorolikda sexda to‘qqiz turdagi non mahsulotlari ishlab chiqarilib, do‘konlar orqali sotilishi va tushgan foyda hisobidan mehribonlik, qariyalar va nogironlar uylariga xayriya sifatida tarqatilishi ma’lum qilindi.

"Vaqf" nonvoyxonasi berkilgan
"Vaqf" nonvoyxonasi berkilgan

Ammo Ozodlikka shikoyat qilgan xodimlarining aytishicha, “ikki-uch marta” buxanka non chiqargan sex hozir berkilgan.

Buxanka va non mahsulotlari, aslida, shahar aholisi ehtiyojidan kelib chiqib, tashib yetkazish kabi holatlarni hisobga olib, tashkil qilinadi. Sex haligacha bekor yotibdi. Piar uchun ikki uch marta non chiqarishdi, nonni nima qilishni bilmay tekinga tarqatvorishdi. Vaholanki, bemaslahat, hisob-kitobsiz qilingan “biznes”dan boshqacha natija kutmasa ham bo‘lardi. Asosiysi, “piar” kuchli bo‘lgani uchun hech kim so‘ramaydi ham natijani?! Talon-toroj - bu xalqning omonatiga xiyonat emasmi?” deya yozg‘irdi fond xodimi.

Sex joylashgan hududga borgan Ozodlik muxbiri korxonaning haqiqatan ham berk turganiga shohid bo‘ldi.

"Вақф" ўтказиб берилган экин ерлари ва нон цехи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:01 0:00

Mobil muxbir yo‘llagan videotasvirlardan sexning yopiq ekani, issiqxonaga ekilgan gul va limon ko‘chatlari qarovsiz turganini ko‘rish mumkin.

Videotasvirlardan vaqf erlarining ba’zi joylari bo‘sh yotgani ham namoyon bo‘ladi.

“Vaqf” xodimi ekin yerlari vaqf tomonidan ijaraga berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi degan fikrda.

Biriktirilgan yerda fond xodimlari 3-4 oy ishladi. Fond xodimlari gul, limon ko‘chatlari toptirib kelib o‘zlari ekishdi. Qolganiga kartoshka ektirdi. Kartoshka xosili yig‘ib olindi. Hech kim nima qilishni bilmasdi. Issiqda chiriy boshlagandan rahbar birinchi o‘rinbosari kartoshkani yangi qurilayotgan masjidlarga avval saralab tarqattirdi. Yerni o‘z egasiga ijaraga berish kerak edi. Essiz yerga shuncha pul tikildi. Xodimlarga berilgan oyliklarchi?

“Vaqfmed”

Vaqfmed ochilish marosimi
Vaqfmed ochilish marosimi

2019 yil 23 iyulda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida “Vaqfmed” dorixonasi tashkil etildi.

Dorixonani O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimovning shaxsan o‘zi ochib berdi.

“Vaqf” fondi matbuot xizmatiga ko‘ra, “Vaqfmed” dorixonalar tarmog‘i O‘zbekiston bo‘ylab barcha hududlarda tashkil etilishi Fond tomonidan rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu tarmoqlardagi savdo-sotiqdan tushgan mablag‘ vaqf mulkini tasarruf etish va xayriya ishlariga yo‘naltiriladi.

Dorixonalarning “Islom quvvati. Vatan ravnaqi. Xalq manfaatlari uchun” shiori ostida faoliyat yuritishi ta’kidlandi.

"Vaqfmed" aptekasi ochilgan kun
"Vaqfmed" aptekasi ochilgan kun

Vaqf dorixonasiga yuzdan ortiq nomdagi dori mahsuloti keltirilgan bo‘lib, ularning turi kundan-kun ko‘payishda davom etadi. Dorixona zamonaviy hisob-kitob texnikasi bilan ta’minlangan bo‘lib, savdo jarayonini aniqlikda olib borishda muhim ahamiyatga ega,” deya xabar berdi “Vaqf” fondi matbuot xizmati.

Biroq Ozodlik bilan suhbatlashgan “Vaqf” xodimiga ko‘ra, ushbu apteka “ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas”.

Nomiga zararga ishlaydigan firma ochildi. Ko‘rgazma uchun ijaraga dorilar va sotuvchilar olib kelindi. Tadbirdan so‘ng barchasi egalariga qaytarildi. Hozirda to‘rt oydan beri uch nafar xodimga oylik xisoblanmoqda,” dedi u.

Ozodlik mobil muxbiri “Oltintepa” masjidi hududida joylashgan aptekani borib, ko‘zdan kechirdi.

Unga ko‘ra, aptekadagi dori-darmonlar turi barmoq bilan sanagulik.

"Вақфмед" аптекаси
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:22 0:00

Javobsiz izoh

"Vaqf" xodimlari ilgari surgan da’volar va o‘z surishtiruviga oydinlik kiritish maqsadida Ozodlik bir necha kun davomida “Vaqf” jamoat jamg‘armasi boshqaruv raisi Iskandar Xalilovga bog‘lanishga bir necha bor muvaffaqiyatsiz urinib ko‘rdi.

Nihoyat 17 sentabr, kunning ikkinchi yarmida Ozodlikka qayta qo‘ng‘iroq qilgan Iskandar Xalilov ilgari surilgan da’volarga izoh berishga rozilik bildirdi.

Ammo, qisqa suhbat ortidan, vaqf jamoat jamg‘armasi boshqaruv raisi mobil telefonini o‘chirib qo‘ydi va Ozodlik muxbirining ikki kun davomida qilgan qo‘ng‘iroqlarini javobsiz qoldirdi.

"Vaqf" xodimining aytishicha, 18 sentabr kuni Iskandar Xalilov o‘z qo‘li ostidagi xodimlarni yig‘ib, ommaviy axborot vositalariga gapirmaslikni qat’iy tayinlagan.

Lekin aprel oyida “Vaqf” raisi Iskandar Xalilov Ozodlikka O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eng qimmatbaho mashinaning nima uchun sotib olinganiga izoh bergan edi.

O‘shanda Iskandar Xalilov, "Malibu-2" sotib olish zaruratini birinchidan, yaqin va uzoq xorijdan mehmonlarni munosib kutib olish, ikkinchidan, viloyatlarga xizmat safarlari ko‘pligi, shuning uchun qulay va kuchliroq avtomobilga ehtiyoj mavjudligi bilan izohlagan edi.​

"Вақф" хайрия жамоат фонди раҳбари Искандар Халилов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:17 0:00
Бевосита линк


Postskriptum: Hozirda Ozodlik Xalqaro Islom Akademiyasi haqida surishtiruv olib bormoqda. Unda Akademiyadagi korrupsion sxemalarga sherik bo‘lishni istamagan sharqshunos olim, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi Ne’matullo Ibrohimovning ishdan olinish tarixiga batafsil to‘xtaladi.

XS
SM
MD
LG