Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2019, Тошкент вақти: 06:59

Eron futbol musobaqasiga ayollarni kiritishga va’da berdi


Eron prezidenti Hasan Ruhoniy (o‘ngda) va FIFA prezidenti Janni Infantino Tehronga 2018 yilgi safari chog‘ida Ruhoniyning nomi yozilgan futbolkani ushlab turibdi.

FIFA prezidenti Janni Infantino jahon futbolini boshqaruvchi idora “ortiq kuta olmasligi”ni va Eron keyingi xalqaro futbol musobaqasini o‘tkazayotganda ayol tomoshabinlarga stadionga kirishga ruxsat etilishiga “va’da bergani”ni aytdi.

Infantinoning 22 sentabrda yozgan izohlaridan oldin FIFA delegatsiyasi konservativ shia rahbariyati bilan uzoq yillardan beri ayollarning erkaklar qatnashadigan sport musobaqalarini tomosha qilishiga taqiqni bekor qilish masalasini muhokama qilish uchun Eronga safar qilgan edi.

Ushbu taqiq fojialarga ham sabab bo‘ldi. Yaqinda bir juvon stadionga erkaklar kiyimini kiyib kirgani uchun jazolangani sabab o‘ziga o‘t qo‘ygan edi.

Musobaqalar taqvimiga ko‘ra, Eron 10 oktabrda Tehrondagi “Ozodi” stadionida 2022 yilgi jahon chempionati saralash o‘yinini Kamboja terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

FIFA delegatsiyasining Eronga safari va Tehrondagi “Ozodi” stadioniga tashrifi natijalariga oid 21 sentabrda tarqatilgan bayonotida shunday deyiladi: “Ushbu foydali muhokamalar davomida FIFA o‘zining qat’iy va aniq pozitsiyasini bayon qildi, unga ko‘ra, ayollarga futbol musobaqalarini bemalol tomosha qilishiga ruxsat berilishi, stadionlarga kiruvchi ayollar soni chiptalar sotilishi natijasida hosil bo‘lgan talablarga qarab belgilanishi shart”.

Yana aytilishicha, FIFA ayol tomoshabinlar kelgusida Eronning futbol ligasi musobaqalariga ham kirishini ta’minlash uchun Eronning milliy futbol federatsiyasi (EMFF) bilan ish olib boradi.

29 yashar eronlik futbol ishqibozi Sahar Xudoyoriy 2 sentabrda ustiga benzin quyib, o‘zini yoqib yuborgandan so‘ng halok bo‘lgani qattiq ijtimoiy aks-sado berdi. Joniga qasd qilishiga mart oyida futbol musobaqasini tomosha qilgani bilan bog‘liq ayblovlar sabab bo‘ldi.

Eron rasmiylari o‘tmishda ham ayrim hollarda ayollarning tanlangan guruhlariga stadionlarning alohida ajratilgan joylarida futbol musobaqalarini tomosha qilishiga ruxsat berib turgan, ammo qariyb qirq yil davomida ayollarga umumiy ruxsat berishni paysalga solib kelayotgan edi.

Sevimli komandasi “Istiqlol”ning ramziy ranglaridan kelib chiqib, “Moviy qiz” nomini olgan Xudoyoriy o‘ziga o‘t qo‘ygandan so‘ng tanasini 90 foizi kuygani xabar qilindi.

Singlisining aytishicha, qiz asab xastaligidan aziyat chekkan, hibsga olingani va 6 oy qamoqda o‘tirishini eshitgandan so‘ng esa ruhiy ahvoli yomonlashgan.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakatining ayrim jihatlarini ochish, ayniqsa, eronlik ayollarni ikkinchi darajalilik maqomidan qutulishiga yordam berishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish xususida va’dalarining asosiy qismini bajara olmadi.

FIFA Eron va boshqa mamlakatlarning jinsiy kamsitishlariga qarshi kurasha olmayotgan tashkilot sifatida tez-tez tanqidga uchrab turadi.

25 avgustda Eron sport vaziri o‘rinbosari Jamshid Tohizoda ayollar Kamboja terma komandasi bilan o‘yinga qo‘yilajagini e’lon qilgan edi. Ammo Eron hukumati o‘tmishda ushbu masalaga e’tibor qaratmagani uchun joriy oyda FIFA delegatsiyasi Tehronga safar qilishga majbur bo‘ldi.

“FIFAning pozitsiyasi qat’iy va aniq, − deyiladi tashkilot yaqinda tarqatgan bayonotda. – Ayollarga Erondagi stadionlarga kirishga ruxsat berilishi shart. Barcha futbol musobaqalariga”.

XS
SM
MD
LG