Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:10

"Fojiamiz qonun-qoidalarni bilmasligimizda, qiziqmasligimizda!"


OzodTarmoqda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan, Ozodlik tinglovchisi (o‘quvchisi, tomoshabini) qiziqishini uyg‘otishi mumkin matn, audio va videolarni berib boriladi.

OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda voqea-hodisalarga berilayotgan baholar mutlaqo mualliflar pozitsiyasidir. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida bloger Bahodirxon Eliboyev 23 sentabrda o‘z Facebook sahifasida e’lon qilgan​ post e’tiboringizga havola qilinadi. Matn tahrirsiz berilmoqda. Stilistika va imlo muallifniki.

***

Xorazmda ba’zi odamlar mahalliy rasmiylarning ayrim qarorlaridan norozi bo‘lib Toshkentga piyoda borishga ahd qilishibdi. Rosti bir kulgim keladi, bir yig‘lagim keladi. Eh, mayli....

Inson o‘z haq-huquqini talab qilishda turli ko‘rinishdagi namoyishlardan foydalanishi mumkin. Misol uchun:

Yakka tartibdagi piket

Yakka tartibdagi piket uchun, odatda, tegishli idoralardan ruxsat olinmaydi. Bunday paytda IIB xodimlari uning piket qiladigan joyida masofani belgilab berishlari kerak bo‘ladi. Misol uchun 50 qadam radius ichida piket qilavering deyilishi mumkin.

Ommaviy piket.

Biz hozirda Xorazm misolida ommaviy piketning "ko‘cha yurishi" ko‘rinishini kuzatmoqdamiz. Lekin tadbirni fikri kimdan chiqqan bilmadimu, xatolar mavjud. Xalqaro tashkilotlardan yordam so‘rayotgan ayol kishi qonuniy piket qilish darsliginiyam so‘rasa bo‘larkan.

Kelajakda meni o‘qiyotganlargayam kerak bo‘lishi mumkin deb ayrim qoidalarni sanab o‘taman:

1. Avvalo, ommaviy piketga chiqishdan oldin, boshqa barcha choralarni qo‘llab ko‘rganmisiz-yo‘qmi, shuni aniqlab oling. Sud qaroridan norozimisiz, yuqori instansiyalargacha bordingizmi? Zarur deb hisoblagan tashkilotlarga huquqingiz buzilayotgani haqida xabar berdingizmi? Qanday javoblar keldi? Mahalliy OAV bilan bog‘landingizmi? Ya’ni "muammomi? Qani tur, ketdik piketga!" deyishni maslahat bermayman.

2. Qo‘lingizda barcha harakatlaringiznin puchga chiqqanini isbotlovchi hujjatlar bor va siz ommaviy piketga chiqmoqchisiz. Ma’qullayman! Gap yo‘q! Lekin bu haqda IIBni xabardor qilish kerak. Aks holda ish chatoq. Noqonuniy bu! Hokim qonunlarni buzdi degani sizning ham buzishingiz mumkin degani emas. Hokimdan aqlli bo‘lishingiz kerak! Hokim o‘zini himoya qilib oladi, siz qanday himoyalanasiz? Faqat qonuniy harakat bilan.

3. Mayli, hech kimni xabardor qilmadingiz. 1-2 ta jurnalist va bloggerlarni aytib yo‘lga chiqdingiz. Tushunarli. Pasport bormi? Shaxsingizni aniqlaydigan hujjatlar yoningizdami? Chunki IIB xodimlari kelib shaxsingizni tasdiqlaydigan hujjat so‘rashi mumkin. Pasport yo‘qmi, olib ketishadi.

4. Bunisi endi bevosita Xorazmdagi voqeaga daxldor. Qaysi yo‘ldan yuryapsiz, e’tibor bering. Ko‘rgan videomda xorazmliklar serqatnov yo‘lning o‘rtasida borishyapti. Yosh bolalar bor. Sizning nima haqqingiz bor, ularning hayotini havf ostiga qo‘yishga? Ommaviy piketning qoidalaridan biri hayot uchun xavfsiz hudud bo‘lishidir. Xorazmliklar, nima qilyapsizlar?! Sizning huquqingiz buzilsa, endi siz boshqalarning ham huquqini buzishingiz kerakmi? Yo‘l harakati qoidasini buzdingiz-ku. Yo‘lovchilar uchun maxsus yo‘lak bor. Bu oddiy qoida-ku! Endi nima bo‘ladi? Olib ketishadi.

5. O‘zbekistonda 35 mln aholi bor. Hammasi siz o‘ylagandek o‘ylashga majbur emas. G‘oyaviy raqiblaringiz ko‘chada sizga qarshi chiqdilar. Misol uchun, "yo‘qolsin hokim!" degan shior bilan boryapsiz. Lekin qarshingizdan bir guruh fuqarolar chiqib "o‘zing yo‘qol! Hokim yaxshi odam" deb qoldi. Nima bo‘ladi? Ommaviy piket ommaviy tartibsizlikka aylanadi. Bu ehtimolni hisobga olganmisiz? Yo‘qmi? IIBdan kelishadi va olib ketishadi.

Bu yuqoridagi gaplar odamlar uchun edi. Endi hukumatga ham bir gap aytib qo‘ysam:

Sizlar piket, miting, ommaviy namoyishlar haqida qonun paketini qachon ma’qullaysizlar? O‘zi umuman shakllanganmi bu paket?

Konstitutsiyamizning 33-moddasi tinch namoyishlar huquqini kafolatlaydi. Lekin qonunosti hujjatlar, protokollar nega hanuz yo‘q? Yoki sizlar 33-moddani aza, to‘y, tug‘ilgan kunlar, choyxonalar deb o‘ylaganmidingiz?

Qachon bu masalani ko‘rib chiqasizlar? Manaman degan rivojlangan davlatlarda ham odamlar nimadandir shikoyat qiladilar, nimadandir ko‘ngli to‘lmaydi. Nima siz boshqarayotgan davlatda hammasi chiki-chikimi? E’tiroz bo‘lmaydi deb o‘ylaganmidingiz?

Menimcha, bu qonunni atayin qabul qilmayapsizlar. Chunki namoyish qilish huquqini ommaviy tartibsizlik deb baholab jazo berish oson-da a? Bu yaxshimas, o‘rtoqlar. Bu huquqiy davlatning ishi emas.

Xorazmda sodir bo‘layotgan holat keyinlarda yana yuz berishi mumkin. Bunday harakatlarni esa qonuniy kafolatlab qo‘yish kerak. Sizlarga gapim shu.
...
Hurmatli hamyurtlar, iltimos, ozgina huquqiy kitoblargayam qarab qo‘yinglar. Ichkariga osonlikcha olib kirishmasdi shunda. Internetdagi fikrlar o‘z yo‘liga, kitob ham o‘qib turinglar. Pliz.

O‘qiganingiz uchun rahmat!

XS
SM
MD
LG