Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:26

"Oltin qalam" sohibi: Sudlandim, oqlandim, ayblovni uyushtirganlar qilmishlariga javob bermayapti


Buxorolik jurnalist Jahongir Ismoilov "Oltin qalam" mukofoti bilan.
Buxorolik jurnalist Jahongir Ismoilov "Oltin qalam" mukofoti bilan.

“Oltin qalam” jurnalistika sohasida O‘zbekistonning bosh milliy mukofotidir. G‘olib maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

OzodMaktub ruknida "Oltin qalam" mukofoti sohibi, buxorolik jurnalist Jahongir Ismoilovdan kelgan xatni e’tiboringizga havola qilayapmiz. Xat tahrirsiz, muallifning imlo va stilistikasini saqlagan holda berilayapti.

***

Men — Jahongir Ismoilov, 40 yildan ortiq matbuot sohasida ishladim. 13 yildan ko‘proq viloyatning bosh nashrlari — “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalariga bosh muharrirlik, jamoatchilik asosida esa Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limiga rahbarlik qildim.

Fidoyi mehnatim uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandim. Bosma nashrlardagi chiqishlarim “Oltin qalam” tanlovida birinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosiman. 20 ga yaqin kitoblarim nashr etilgan.

Umrim badiiy ijod va jurnalistikaning zahmatini tortib, metindan ham qattiq halol nonini yeb o‘tdi.

Endi tafsilot:

Menga nisbatan professional faoliyatim bilan bog‘liq buyurtma asosida 2015 yil bahoridan ta’qib olib borildi. Shantaj uyushtirilishidan qo‘rqib 2 sentabrda ishdan ketdim. 29 sentabrda mutlaqo g‘ayriqonuniy jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borildi.

Shahar sudi tomonidan tergov ayblovidagi 5 holatdan ikki holat to‘liq, bir holat qisman asossiz topilsada qolgan uydirma ayblov bilan 2015 yil 2 dekabrda hukm o‘qildi.

Shundan boshlab men tinimsiz shikoyat yozdim. Prezident devoni, Bosh prokuratura va Oliy sudga qariyb 30 ga yaqin shikoyatlarimdan, qabulllarga kirganimdan so‘ng jinoyat ishi arizamga asosan qayta o‘rganildi. Aybsizligim xususida keltirilgan barcha dalillarim asosli topilib Bosh prokuratura Oliy sudga protest kiritdi. Nihoyat OQLANDIM.

Jinoyat ishi nima sababdan, qanday qilib, aynan kimlar tomonidan uyushtirilgani tafsilotlari “Adabiyot gazetasi”ning shu yil 1 aprel sonida chiqqan “Chala tiklangan adolat” maqolasining Sizga aynan nusxasi yuborilgan matnda batafsil bayon etilgan:


Endi muddaom:

Men reabilitatsiya qilindim. Lekin menga nisbatan uyushgan holda jinoyat ishi yasagan Buxoro shahar prokuraturasi tergovchisi A. E., Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti (FJShMQMI) Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari J. B, MXX Buxoro viloyati boshqarmasi OAV kuratori H. Yu. va tezkor vakili K. G‘. o‘sha sohalarda faoliyatlarini davom ettirishmoqda.

Prezident virtual qabulxonasiga, Bosh prokurorga ularni jinoiy javobgarlikka tortishni so‘rab va asoslab bergan arizalarim oqibatsiz qoldirilmoqda.

Ular 30-35 yoshning nari-berisidaligi hisobga olinsa, hali yana kamida 20-25 yil o‘sha tizimlarda ishlashadi. Balki ko‘tarilib, yanada kattaroq vakolatlarga ega bo‘lishadi.

Har yili men singari 2-3 kishiga nisbatan ana shunday jinoiy ishlar uyushtirib javobgarlikka torttirishga erishsalar hali ulardan juda ko‘p fuqarolar jabr-zulm ko‘rishlari mumkin.

Nohaq ayblanadigan fuqarolarning orqasida oilasi, butun boshli avlodlari borligi, adolat va qonunlarga ishonchi nazarda tutilsa jamiyatga qanchalik katta ziyon yetkazilishini bir tasavvur eting!

Bugun fosh etilgan shov-shuvli nomlar ham bir paytlar mening “qahramonlarim” singari faoliyatlarini quyi bo‘g‘indan boshlab kirdikorlari jazosiz qolavergach shu darajada yuqori lavozimlarga erishganlar. Demak, ularni fosh etish va jazo muqarrarligini ta’minlash jamiyat, kelajak, odamlar manfaatlariga xizmat qiladi.

Uyushgan shaxslar taalluqli bo‘lgan tashkilotlar rahbarlari hozirgacha 2-3 martadan o‘zgardi. Lekin shikoyatlarim yuqori rahbarlarigacha yetib bormayotir. Kelgusida murojaatim ulargacha yetishiga va jazo muqarrarligi ta’minlanishiga umid qilaman.

Jahongir Ismoilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Oltin qalam” tanlovi g‘olibi.

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Ozodlik bu mulohazalar uchun mas’ul emas.​

XS
SM
MD
LG