Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:53

9 yashar qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi yoppasiga emlash boshlandi. Onalar xavotirda


Joriy oy O‘zbekiston bo‘ylab 9 yashar qizlarni odam papillomasi virusi (OPV)ga qarshi yoppasiga emlash boshlandi.

Ozodlik gaplashgan toshkentlik onalarning aytishicha¸ ayni kunlarda tibbiyot xodimlari maktablarda bu vaksina va uning afzalliklari haqida ma’lumot bermoqda¸ onalardan qizlarining emlanishiga ruxsat beruvchi qog‘ozga qo‘l qo‘yish so‘ralmoqda.

2017 yili OPVga qarshi vaksinani Milliy immunizatsiya jadvaliga kiritgan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra¸ 2019 yili 400 ming nafar 9 yoshli qiz emlanadi.

Ayollardagi bachadon bo‘yni saratonining asosiy sababchisi hisoblangan odam papillomasi virusiga qarshi vaksina davlat hisobidan tekinga qilinmoqda.

Dunyoning aksar mamlakatida tavsiya xarakterida bo‘lgan bu vaksinaning 2010 yilda tug‘ilgan qizlarga yoppasiga qilinayotgani¸ Ozodlikka yuborilgan audio va ayrim onalar bilan suhbatlardan¸ xavotir¸ hatto vahimaga sabab bo‘lmoqda.

Emlatsammi¸ emlatmasammi...

Ozodlik suhbatlashgan onalardan biri 9 yashar qizi o‘qiydigan maktabda o‘tkazilgan majlisga chaqirtirilgani va unda bu vaksina haqida vrachlar ma’lumot berganini aydi.

Bu vaksinani aynan 9 yoshda qilsa¸ ta’sir muddati uzoqroq bo‘larkan. “Bepul paytda qildirib qoling¸ qizingiz 10 yosh bo‘lganda¸ buni pulga ham qildirolmaysiz. Vaksina narxi 100-200 dollar chet elda”¸ deyishdi. Vrachlarga ishonilsa¸ bu juda foydali narsa ekan”¸ deydi Ozodlik gaplashgan toshkentlik onalardan biri.

Bu suhbatdosh¸ maktab yig‘ilishida o‘zini hech kim bunday vaksinaga rozilik berishga majburlamaganini bildirdi.

Lekin¸ bittasi kamida 100 dollarlik vaksinani nega 2010 yilda tug‘ilgan qizlarga yoppasiga bepulga qilishayapti¸ shunisi odamni o‘ylantirayapti. Shuncha yaxshi narsa bo‘lsa¸ nega bepul qilishayapti? Bu vaksinani ishlab chiqarganlar uchun qizlarimizni tajriba quyonchasi qilishmayaptimikin¸ degan xavotir kuchli ichimda. Bizning maktabda 22 oktabrdan emlash boshlanadi¸ rozilik bersangiz¸ deyishdi. Men hozircha bermadim. Ukol qilgan paytidagi reaksiyasi bir taraf¸ 10 yildan keyin nima bo‘lishini bilmaymizku! Emlatish-emlatmaslik haqida haliyam bir qarorga kelmadim”¸ deydi toshkentlik 9 yashar qizning onasi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan audiolarga qaralsa¸ bu suhbatdosh kabi OPV vaksinasining yaqin va uzoq muddatli ta’siri qanday bo‘lishidan xavotirga tushayotgan onalar O‘zbekistonda kam emas.

Xususan¸ Telegram kanalidagi o‘zbekistonliklar orasida tarqayotgan audioda onalardan ikki nafari o‘z gruppadoshlarini bu vaksinaning “qo‘rqinchli “oqibatlaridan ogohlantiradi¸ o‘zi gaplashgan ginekologlarning unga qarshi ekanini aytadi.

Ozodlikka shaxsi ma’lum bo‘lmagan bu onalar o‘z gruppadoshlarini qizlarining OPVga qarshi vaksina bilan emlanishiga ruxsat bermaslikka chaqiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyasi

Joriy yil bahorida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari (hozir Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi) Elmira Bositxonova hukumat AQShdan 7 mln dollarga papilloma virusiga qarshi yangi vaksina sotib olingani va barcha voyaga yetmagan qizlarni bepul emlashini bildirgan edi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda 1660 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Mamlakatimizda yiliga o‘rtacha 585 kishi mazkur kasallik tufayli vafot etmoqda. Ya’ni har kuni deyarli ikki kishi. Ushbu kasallikni odam papillomasi virusi keltirib chiqaradi”¸ degan edi Elmira Bositxonova joriy yil mart oyida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari mahalliy matbuot¸ milliy telekanallar orqali OPVga qarshi vaksinaning uzoq muddatli negativ ta’siriga oid xavotirlarni tarqatishga urinib kelmoqda.

Xususan¸ vazirlik bayonotiga ko‘ra¸ 2010 yilda bir nechta viloyatda 8 ming nafar qiz shu vaksina bilan emlangan va emlashning hech qanday nojo‘ya ta’siri yoki asorati kuzatilmagan.

Odam papillomasi virusiga qarshi emlash mutlaqo xavfsiz, bu vaktsina inson salomatligiga zarar yetkazmaydi, xalqaro tashkilotlarning ijobiy xulosalari bor. Bu vaksina bepushtlikni keltirib chiqarishi, autizmga olib kelishi haqida tarqalayotgan har xil gap-so‘zlar asossiz, noto‘g‘ri ma’lumotlardir”¸ dedi shu kunlarda yana bir bor tarqayotgan vahimalarni aritishga uringan vazirlik Sanitariya-epidemiologiya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova mahalliy matbuotda qilgan chiqishida.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra¸ oktabr davomida 9 yoshdagi 400 ming nafar qiz OPVga qarshi emlanadi¸ 2020 yildan esa¸ 14 yoshgacha bo‘lgan qizlarni ham bepul emlash boshlanadi. 14 yoshdan katta bo‘lgan qizlar va ayollar to‘lov evaziga ushbu vaksina bilan emlanishi mumkin.

Hozircha “bepul” qilinadigan bu vaksinani qaysi shirkat¸ qaysi narx va imtiyozlar bilan O‘zbekistonga olib kirgani va uni Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan milliy immunizatsiya jadvaliga kiritgani haqidagi ma’lumot Ozodlik ixtiyorida yo‘q.

Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytida¸ Telegram kanalida OPVga qarshi vaksina keng targ‘ib qilindi.
Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytida¸ Telegram kanalida OPVga qarshi vaksina keng targ‘ib qilindi.

O‘tgan oy Toshkent shahar hokimligi o‘z rasmiy sayti¸ qolaversa¸ Telegram kanalida bu vaksinani keng reklama qilgan edi. Shahar hokimi¸ O‘zbekistondagi eng yirik biznes strukturalari egasi Jahongir Ortiqxo‘jayev mamlakatdagi eng katta ko‘p tarmoqli Akfa Medline xususiy tibbiyot tizimi mulkdori hamdir.

Ozodlik byudjet mablag‘iga OPVga qarshi vaktsinani olib kirish va tarqatish jarayoniga bu shirkatning aloqasi borligini tasdiqlovchi hujjatga hozircha ega emas.

“Emotsional terror” markaziga tushgan vaksina

Nafaqat O‘zbekiston¸ balki global miqyosda ham bachadon bo‘yni saratoni ko‘krak bezi saratonidan keyingi eng keng tarqalgan o‘sma xastaligi hisoblanadi. Bu saraton tug‘ish yoshidagi ayollar o‘rtasida o‘limga olib keluvchi ikkinchi asosiy sabab sanaladi.

Asosan jinsiy aloqa vositasida yuquvchi odam papillomasi virusiga qarshi global miqësda eng ko‘p qo‘llanilayotgan Gardasil vaksinasini AQShning Merck & Co. Farmatsevtika konglomerati ishlab chiqaradi. AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika agentligi bu vaksinaning 9-14 yoshdagi qiz va o‘g‘il bolalarga emlanishiga 2006 yilda rasman ruxsat bergan.

OPVga qarshi keng tarqalgan Cervarix vaksinasini esa Buyuk Britaniyaning GlaxoSmithKline farmatsevtika kompaniyasi ishlab chiqaradi.

Bu vaksina nafaqat O‘zbekiston¸ balki qolgan dunyoda ham eng keskin qarshilik va munozaraga uchrayotgan vaksinalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Masalan¸ 2009 yili bu vaksinaga ruxsat berib¸ 2013 yilda uni milliy immunizatsiya dasturiga kiritgan Yaponiya hukumati uning nojo‘ya ta’siri haqidagi shikoyatlar nihoyatda ko‘paygani ortidan vaksinani o‘sha yiliyoq milliy dasturdan chiqarib tashlagan edi. 2013 yili yapon o‘smirlarining 70 foizi bu vaksina bilan emlangan bo‘lsa¸ 2019 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1 foizga tushgan. Yaponiya hukumati bu vaksinaning yaqin va uzoq muddatli ziyoni haqidagi xavotirlarni o‘rganib chiqishga qaratilgan ilmiy tadqiqotni moliyalashtirgan – hozircha tadqiqot xulosasi e’lon qilinganicha yo‘q.

Ayni shuningdek¸ maktablarda o‘spirin qiz va o‘g‘il bolalarni OPVga qarshi vaksina bilan bepul emlatishni yo‘lga qo‘ygan Irlandiyada ham¸ bu vaksina atrofida borayotgan keskin munozaralar ortidan emlanayotganlar soni 50 foziga qisqargan.

Bu vaksinani inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiluvchi ilmiy kashfiyot deb taqdim etayotgan ayrim olimlar¸ unga qarshi kampaniyani “emotsional terror” deb atagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra¸ OPV ga qarshi vaksina 100 dan oshiq davlat tegishli tizimlari tomonidan xavfsiz deb topilgan va uning ishlatilishiga ruxsat berilgan¸ 74 davlatda esa¸ bu vaksina milliy emlash jadvaliga kiritilgan.

XS
SM
MD
LG