Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2019, Тошкент вақти: 21:29

OzodDayjest: “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini “ikkinchi SSSR” deb atadi


Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi logosi (illyustrativ surat).

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi milliy suverenitetga tahdid o‘laroq baholandi. Buyragi transplantatsiya qilingan bemorlar sog‘liqni saqlash vazirligi binosi yonida namoyish o‘tkazdi. Rasmiylarga autizmga chalingan bolalarga e’tibor qaratish lozimligi eslatildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonning Kreml yetakchiligidagi tuzilmaga qo‘shilishi “nihoyatda qaltis qadam” deb baholandi


“Ma’no” tadqiqotchilik tashabbuslari markazi direktori, siyosatshunos Baxtiyor Ergashev O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishini milliy suverenitetga tahdid, deb baholadi (“Yoshlar ovozi”, 9 oktabr).

“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish de-fakto O‘zbekiston tashqi siyosatida shu kungacha ustuvor bo‘lib kelgan muhim tamoyilning zavol topishiga olib keladi. Gap shundaki, O‘zbekiston dunyodagi ulkan va qudratli davlatlar – AQSh, Rossiya va Xitoy bilan hamisha masofa saqlab kelgan. Na u tomon, na bu tomonga yon bosgan. Bunday oqilona siyosat tashqi munosabatlarning boshqa sub’ektlari tomonidan hurmat qilingan va qadrlangan. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish esa o‘z-o‘zidan muayyan tomonga og‘ishni anglatadi. Bu esa siyosiy imijimizga putur yetkazishi mumkin”, degan siyosatshunos.

Ekspertga ko‘ra, Markaziy Osiyoda har jihatdan markaziy o‘rin tutadigan O‘zbekistondek davlatning Rossiya yetakchiligidagi geosiyosiy tuzilmaga qo‘shilishi nihoyatda qaltis qadam hisoblanadi.

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov ham Kun.uz nashriga YOII borasida tanqidiy mulohaza bildirgan.

“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi – nomi bilan iqtisodiy bo‘lgan, ammo ortida yashirin siyosiy maqsadlarni ham ko‘zda tutgan tashkilot. Buni bugun hech kimdan yashirib bo‘lmaydi… Buni keskinroq tarzda ikkinchi SSSR desa ham bo‘ladi”, degan partiya yetakchisi.

Doridan ahvoli og‘irlashgan o‘nlab bemor sog‘liqni saqlash vazirligiga “yurish” qildi


Buyragi transplantatsiya qilingan bemorlar O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligiga shikoyat bilan bordi (www.togri.uz, 3 oktabr). Bir muddat avval vazirlik bemorlarga odatda tekin beriladigan “Pangraf” dorisini “Poligraf”ga alishtirgan. Ammo yangi dorini ichgan 20 nafardan ortiq bemorning ahvoli og‘irlashgan. Mamlakatning turli viloyatlaridan norozi bo‘lib kelgan bemorlar “Poligraf” dorisi salbiy ta’sir qilayotganidan arz qilgan. Yig‘ilganlar, shuningdek, tekin dori vaqtida berilmayotganidan ham tashvish bildirganlar.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev vaziyatni o‘rganish uchun vaqt kerakligini aytgan.

Bemorlarga ko‘ra, transplantatsiyadan so‘ng umrining so‘ngigacha ichiladigan dorini uch kun ichmaslik inson hayotini xavf ostida qoldiradi. Doimiy ichiladigan dorining bir yilda uch marta o‘zgartirish esa saratonga olib keladi.

Hukumatga autizmga chalingan bolalarga e’tibor qaratish lozimligi eslatildi


O‘zbekistonda keng jamoatchilik bolalardagi autizm xastaligi haqida hatto eshitmagan (UzAnalytics nashri, 2 oktabr). “Statistik ma’lumotlar yo‘q. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi ro‘yxatiga 400 autist bola kiritilgan, lekin shaxsan o‘zim autist farzandi bor 1000 ga yaqin oilani bilaman. Aslida ular bundan ham ko‘p, ammo ota-onalar bu kabi farzandlarini bekitib yuradi. Eng muhimi, “autizm” sindromiga tashxis qo‘yib beradigan mutaxassislar deyarli yo‘q”, deydi toshkentlik mutaxassis Farhod Ortiqboyev. Autizmga chalingan bolalar maxsus maktablarni bitirgandan so‘ng hatto universitetlarga ham kira olmaydi. F.Ortiqboyevga ko‘ra, bu kamsitishdan boshqa narsa emas.

“Davlat darajasida ko‘p ishlar qilinishi kerak. Mutaxassislar O‘zbekistonda asosan ota-onalar farzandlari inklyuziyasi uchun kurashayotgani haqidagi fikrda yakdildir. Hukumat ularning ovozini eshitishi zarur”, deyiladi maqolada.

XS
SM
MD
LG