Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 01:53

Sirdaryoda paxta terimiga chiqarilgan ikki askar traktor tagida qolib halok bo‘ldi


O‘zbekiston Qurolli Kuchlari askarlari aravaga paxta ortmoqda. 2019 yil paxta terimi mavsumida kelgan surat.

Sirdaryo viloyat, Boyovut tumaniga paxta terimiga olib chiqilgan harbiylardan ikki nafarini 13 oktabr kuni traktor bosib ketdi. Harbiy xizmatga Farg‘ona vodiysidan chaqirilgan bu ikki askar voqea joyida halok bo‘ldi.

Ozodlikka voqea guvohlaridan kelgan ushbu xabarni Sirdaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari tasdiqladi.

Boshqarmasi mulozimining ma’lum qilishicha, ikki mayitni harbiylar ayni kunning o‘zida viloyat morgidan Farg‘ona vodiysiga olib ketganlar.

Uyqudagi o‘lim

Sirdaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimasining bildirishicha, harbiy xizmat chog‘ida paxta terimiga Boyovut tumaniga olib chiqilgan ikki askar "baxtsiz hodisa" tufayli halok bo‘lgan:

"Bizga ma’lum qilishlaricha, yoshlari yigirmalardan oshgan ikki yosh askar paxta maydonida, ariq ichida uxlayotgan bo‘lgan. Paxta tashuvchi traktor ularni bosib ketgan. Yigitlar harbiy kiyimda bo‘lishgan. Baxtsiz hodisa-da, shunday bo‘lishini kimam xayoliga keltiradi!",

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bo‘limlaridan biri mudirining aytishicha, hodisa yuz bergan joyda halok bo‘lgan askarlar zudlik bilan viloyat morgiga keltirilgan, morgdan esa, tug‘ilgan yurtiga jo‘natilgan:

"Kechaning o‘zida harbiylar kelib ularni Farg‘ona vodiysiga olib ketishdi".

Boshqarma mulozimi qurbonlarning yoshi va shaxsiga oid boshqa ma’lumotlarni bera olmasligini bildirdi.

Boyovut tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi Olim Bekmurodov mazkur hodisa haqida eshitgani, ammo harbiylar xavfsizligi uchun mas’uliyat paxta shtablarida faoliyat yurituvchi harbiy shifokorlar zimmasida ekanini bildirdi.

U ikki harbiy o‘limi Boyovut tumanida bu yil paxta terimi paytida yuz bergan ilk baxtsiz hodisa ekanini qo‘shimcha qildi.

Ommaviy terim

O‘zbekistonning aksar hududlarida sentabr boshidan paxta terimiga start berildi.

Hukumat joriy yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligiga va’da qilganiga qaramay, ishchi-xizmatchilar paxtaga majburan haydalgani kuzatilmoqda..

Viloyatlardagi ko‘plab tashkilotlar xodimlaridan "o‘z xohishi bilan paxtaga chiqishi" haqida majburiy tilxatlar olindi.

Tashkilotlar xodimlariga paxtaga chiqmasa, ishdan haydalish bilan tahdid qilinmoqda.

Paxta terimiga harbiylar, ichki ishlar xodimlari va mahkumlar ham jalb etilgan.

Bir oylik harbiy xizmatga yuborilganlarning ayrimlari, harbiy xizmat o‘rniga paxta terimiga chiqarilganidan shikoyat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG