Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:16

"Uyatmen", "O‘ynash hokim" va boshqalar. Yangi davr hodisasiga oid viktorina


OzodMaktub ruknida o‘zbekistonlik bloger Tili Biyron Indamasovdan (har holda imzo shunday) 17 oktabr kuni Ozodlikka kelgan matnni quyida e’tiboringizga havola qilayapmiz.

Matn tahrirsiz, imlosi va stilistikasi saqlangan holda berilmoqda.

***

Islom Karimovning Muz davri tugab, muzlar eriy, kunlar isiy boshlagach, o‘z inlarida un chiqarmay chorak asr jon saqlagan o‘zbek mulozimlari inlaridan birin-ketin bosh chiqqara boshladi, ba’zilari nafaqat bosh chiqara, hatto bo‘y ko‘rsata boshladi, tillarining tugunlari yechilib, tillay boshladilar.

Issiqqina inlardan avvaliga imomlar, so‘ng davlat va jamoat arboblari chiqdi. Oz fursatda ulardan ba’zilari tilli-jag‘li ekanini ko‘rsatishga ulgurdi - Yangi Zamon Notiqlariga aylandi.

Notiqlar irod etgan nutqlardagi ayrim xos unsurlar xalq oralab qanot qoqib uchdi. Qanot qoqib uchdiyu o‘z egasiga qaytdi - egalariga brend bo‘lib yopishdi.

Quyida o‘sha brendlardan ba’zilarini keltiramanki, ular kimlarga tegishli ekanligini topishga urinib, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan voqea-hodisalardan qay darajada xabardor ekanligingizni tekshirib ko‘ring. Ya’ni brendni o‘qiysizu uning yoniga ism-familiyani "yozasiz":

"Ginekolog imom - ..."

"Dangasa imom - ..."

"Horromi hokim - ..."

"Dumbul hokim - ..."

"Lyubaya biznes xorosha hokim -..."

"Uyatmen - ..."

"Tungi Shumaxer - ..."

"Qovurilgan muovin - ..."

“Ma’naviy senator - ..."

"Ariqqabosar vazir - ..."

"O‘ynash hokim - ..."

Bu ruyxat yangi va yangi xilma-xil, lekin keltirganlarimizday beo‘xshov emas, balki "o‘xshov" brendlar bilan to‘lib borsa ajabmas.

Har holda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Alter Ego Yutyub kanaliga bergan intervyusi "ajabmas" deyishga izn berguday.

Allamjonov Karimov davrida ko‘zga ko‘rinmas mulozimlar faoliyati faqat bir shaxs hukmida bo‘lganini aytib, joriy vaziyat tubdan o‘zgarganiga ishontirishga urindi.

Komiljon aka hozirda jamoatchilik tanqidi o‘qidan yaralanayotgan davlat mulozimlari uchun “tarbiyaviy jarayon” borayotganini aytgan va vaqt o‘tishi bilan ular o‘z ustida ishlay boshlashiga umid bildirgan.

O‘tgan qisqa davr mobaynida jurnalistlar va blogerlar tomonidan "gril-o‘choqqa ilib qo‘yilib, obdon qovurilgan mulozimlarning ba’zilari jarimaga tortildi, Prezidentdan tanbeh eshitib, kechirim so‘radi. Bir nechasi ishdan haydaldi. Hatto qamaldi ham!

Xo‘sh, bunday tarbiya usulidan O‘zbekistonda hayot yengillab qoldimi? Ha, devorish mushkulov!

Ammo voqealarni kuzatayotganlar uchun hayot zavqliroq bo‘lib qolgani rost. Prikolniyroq deysharmidi?

Tili Biyron Indamasov

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

Алоқадор

XS
SM
MD
LG