Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:50

OzodDayjest: Deputat “Artel” shirkati monopoliya borasida rasman “krisha”li bo‘lganini iddao qildi


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Deputat Kusherbayev “Artel” shirkati monopoliya sari intilishda rasman siyosiy suyanchiqqa ega bo‘ldi, degan fikrda. Hukumat parlamentga byudjetnomani taqdim etishni paysalga solmoqda. Prokuratura erkaklarga ham homiladorlik nafaqasi to‘langanini aniqladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

“Artel” monopoliyasi haqida gapirgan deputat “kundoshlarcha munosabat”da ayblandi


Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli “Artel” shirkati monopoliya sari intilishda rasman siyosiy suyanchiqqa ega bo‘ldi (www.kun.uz, 14 oktabr). Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qilgan.

“Artel” monopolist emasligiga ishongimiz keladi, haqiqatan de yure u monopolist emas va bunga intilmayapti, biroq de fakto intilyapti. Buni import mahsulotlariga qo‘yilayotgan turli to‘siq va oshirilgan bojlar misolida ko‘rsa ham bo‘ladi… Kuni kecha “Artel” “Milliy tiklanish” partiyasini tanlaganini angladim, partiya emas, “Artel” tanladi va monopoliya sari intilishda rasman siyosiy “krisha”ga ega bo‘ldi. Endi lobbizm bilan rasman shug‘ullanish va qonunchilik orqali de yure monopol bo‘lishga harakat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi”, deydi R. Kusherbayev.

Deputatga ko‘ra, monopoliya sharoitida bir inson yoki bir guruh shaxslarning boyishi, yaxshi yashashi uchun boshqalar qurbon qilinadi. Monopoliya erkinlikni cheklaydi, raqobatni o‘ldiradi, rivojlanishni ortga qaytaradi, u jamiyatni iqtisodiy qullikka yetaklaydi.

R. Kusherbayevning mazkur bayonotiga “Milliy tiklanish” partiyasi munosabat bildirib, uni “kundoshona munosabat” va “siyosiy jazava”da aybladi.

Hukumat bu yil ham parlamentga byudjetnomani vaqtida taqdim etmadi


Vazirlar Mahkakamasi bu yil ham parlamentga byudjetnomani vaqtida taqdim etmadi, deb xabar berdi Telegramdagi Davletov.uz kanali. “Byudjet kodeksiga ko‘ra, hukumat 15 oktabrga qadar parlamentga 2020 yilning byudjetini taqdim qilishi kerak edi. Hukumat byudjetnomaga qo‘shib, “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashrini ham taqdim qilishi kerak”, deya eslatadi kanal.

Qayd etilishicha, bu yildan O‘zbekistonda davlat byudjeti qonun sifatida qabul qilinadigan bo‘ldi. Qonun jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinishi kerak. Moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qonun loyihasi esa qup-quruq, unda na bir raqam bor, na bir ilova. “E’lon qildingmi – e’lon qilding” qabilida ish tutilgan.

“Darvoqe, o‘tgan yili ham deputatlar hukumatga byudjetnoma bilan bog‘liq qonunni kechiktirib taqdim qilgani uchun dashnom bergan edi. Davlat byudjeti xalqning puli. Uning taqsimoti ochiq-oshkora, shaffof bo‘lishi kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashishning ilk talabi ham shu o‘zi”, deb yozadi Davletov.uz kanali.

Jizzaxda erkaklarga homiladorlik nafaqasi to‘langani fosh etildi


Bosh prokuratura byudjet tashkilotlarida homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash borasida yuzlab qonunbuzarliklarni aniqladi (“Huquq”, 17 oktabr). Mamlakat bo‘ylab byudjet tashkilotlari homilador bo‘lmagan va homiladorlik ta’tiliga chiqmagan ayollarga soxta ma’lumotlar asosida 3,1 milliard so‘m noqonuniy nafaqa to‘lagan. Qayd etilishicha, hatto erkaklarga soxta ma’lumotlar asosida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi berilgan. Masalan, Jizzax viloyati teri-tanosil kasalliklari iqtisodchisi 2,1 million so‘m homiladorlik nafaqasi olgan. O‘rganishlar yakunida prokuratura bu kabi holatlar tizimli tus olgan, degan xulosaga kelgan. Tekshiruvlar jarayonida 61 kishi intizomiy, 141 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Qo‘pol qonun buzilishlari yuzasidan jinoyat ishlari ham qo‘zg‘atilgan.

XS
SM
MD
LG