Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 17:41

OzodTarmoq: "Ruhiy kasalxonada qolayotgan bloger qamalganidan beri kiyimini almashtirmagan"


OzodTarmoqda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan, Ozodlik tinglovchisi (o‘quvchisi, tomoshabini) qiziqishini uyg‘otishi mumkin matn, audio va videolarni berib boriladi.

OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda voqea-hodisalarga berilayotgan baholar mutlaqo mualliflar pozitsiyasidir. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati rahbari, jurnalist Abdurahmon Tashanov Feysbukdagi sahifasida 24 oktabrda e’lon qilgan​ post e’tiboringizga havola qilinadi. Matn tahrirsiz berilmoqda. Stilistika va imlo muallifniki.

***

Xudo tashvishingni aritsin, Shabnam!

21 oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili, Ombudsman boshchiligidagi jamoatchilik komissiyasi Xorazm viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasida blogger Nafosat (Shabnam) Olloshukurova bilan suhbat o‘tkazdi. 165 daqiqa davom etgan suhbat davomida biz jamoatchilik vakillariga Olloshukurovaga muassasa ma’muriyatining munosabati, unga yaratilgan shart-sharoitlar va shifoxonadagi umumiy vaziyatga doir ahvolni monitoring qilish vazifasi yuklatilgandi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining halqaro kvalifikatsiyaga ega ikki nafar psixiatr-ekspertiga esa uning salomatligi bilan bog‘liq savollarga javob topish va xulosa berish majburiyati berilgan.

Shabnam komissiya tarkibidagi mendan boshqa shaxslarni tanimagani uchun o‘zaro suhbatimiz qiyinroq boshlandi. Hamma baravariga uning ahvolini so‘rashi, shart-sharoitlar haqida savollarga ko‘mishi uni o‘ng‘aysizroq ahvolga soldi. Darrov ijtimoiy tarmoqlardagi “Uni sabzavotga aylantirishgan”, “Uni jinni qilishgan” degan iddaolar xayolim o‘tdi, ammo yanglishgan ekanman. “Abdurahmon aka, sizni kelganizdan juda xursandman, hammasi yaxshimi?” dedi. Men: “Sizning masalangizdan boshqa hammasi yaxshi...” dedim. Shu tariqa suhbatga biroz jon kirdi.

Men darrov ochlik aksiyasi haqida so‘radim. U bu protestni ma’muriy jazoni o‘tgan izolyatorda qilgani, bu yerda ovqatlanayotgani, bu yerga kelganidan beri norozilik o‘laroq biror harakat qilmaganini aytdi. “Aka, uyga telefon etishga ruxsat etmayotirlar, hech gim bilan go‘rishishiga bermayotirlar” dedi. Ombudsman vakili oraga kirib, darhol o‘z telefonidan uning uyini terib berdi. U taxminan 10 daqiqa ota-onasi bilan gaplashdi. Takror-takror onasini tinchlantirdi, yaxshiman, tez orada bu yerdan chiqib boraman, dedi.

Suhbatning katta qismida Ombudsman vakili va Xotin-qizlar qo‘mitasi mulozimi Shabnamga bu yerdan chiqqach, ish topib berishga, hatto o‘quv markazi qurish uchun kredit olib berishga va’da berishdi. Chunki Shabnam suhbat davomida bir necha marta bu yerdan chiqsa, ta’lim yo‘nalishida ishlamoqchi ekani, o‘zining 3 tilda mutaxassis ekanini aytdi. Akasi Murodjonni olib kirdik, birga o‘tirdi, suhbatlashishdi.

Keyin psixiatrlar unining ruhiyatini o‘rganish, salomatlik darajasini aniqlash uchun bizning ishtirokimizsiz test va muolajalar o‘tkazishdi. O‘z xulosalarini berishdi va yaxshi tomonga juda katta o‘zgarish borligini aytishdi. “Krizis paytida keltirilgan, hozir yaxshi, simptomatikalar bor” dedi ekspertlarning kattasi. Men: “Menda ham siz aytgan simptomatika bo‘lsa kerak, ba’zan bo‘layotgan ishlardan dunyoim qorong‘i bo‘lib qoladi” dedim, kulishdik. Psixiatrning aytishicha, u tez orada ozod qilinishi mumkin, albatta, oylik komissiya ko‘riklarida ijobiy natija ko‘rsatsa.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlashim kerakki, Xorazmga borishdan avval ham, keyin ham ko‘plab hamkasblarim menga Shabnamning kasal emasligini uqtirishga urinishdi. Ehtimol, o‘zim ham shu fikrdadirman, ammo mutaxassis bo‘lmasam, mening bu boradagi fikrlarimning qiymati bo‘lmasa, nima farqi bor qanday fikrda qolishimning? Men huquq faoli va jamoat vakili sifatida ko‘rganlarimni aytyapman, men bilan muloqotda u o‘zini anchayin yaxshi tutdi, u jinnixonada bo‘lmaganida, u yerda uchrashmaganimizda hatto uni kasal deb, ham o‘ylamasdim ehtimol. Faqat bir narsadan g‘azablanibdi: bu yerga olib kelishganida, kasalxona kiyimini kiydirishga erkak kishi ham ko‘maklashibdi.

Xullas, ancha gaplar gapirildi, xorazmcha aytganda ko‘pisi ijobiy gaplar. 1-2 oyga qolmay, Shabnamning o‘zi kelsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi ham aytar. “Aka, menda shamollash bilan bog‘liq kasalliklar ham bor ekan, pochkam shamollagan ekan, ularni ham davolashyapti” dedi u menga. “Kuch-g‘ayratga to‘lib chiqing, davom ettiramiz” dedim hazillashib.

Xullas, muassasa ma’muriyati uning qarindoshlari bilan tez-tez ko‘rishib turishi, telefonda gaplashishiga va’da berdi. Ombudsman va Xotin-qizlar qo‘mitasi bu yerda chiqqach, ishga joylashtirish, Toshkentdagi ijara uyi pulini to‘lashga ko‘maklashish, o‘quv markazi qurishi uchun kredit olishga yordam berishga tayyorligini bildirishdi. Shu gaplar, boshqa e’tiborga molik so‘z yo‘q.

Toshkentga qaytayotgan paytimizda aeroportda uzoq kutib qoldik va psixiatrlarning birini “verbovka” qilmoqchi bo‘ldim. “Balki kasalmasdir, aka, sizdayam bola-chaqa bor...” dedim ilmoqli qilib. “Oka, bir narsani tushunish kerak. Uzoq muddatli asabiylik holatlari, muttasil yuklamalar kasallik chaqiradi. Shukrki, qizniki og‘ir emas” dedi psixiatr. “Abdurahmon akaning aytganini qilmaganim uchun qamaldim, “Ezgulik”ka borganimda u kishi menga sanksiyasiz piketlar qamoqqa olib boradi, iltimos, sanksiyasiz piket qilmang, degandi. Endi uni ustoz deyman” debdi psixiatrga Shabnam. (Chiqqach, o‘zidan so‘raymiz bu gaplarni aytgan-aytmaganini).

Psixiatr mendan: “Shunaqa piketlar qilish qancha turadi? Men pulga muhtojligim uchun qildim, deyapti Olloshukurova. Masalan, 5-6 million turadimi?” deb so‘radi psixiatr mendan. Juda hayron bo‘ldim, “Menimcha, bu gap yolg‘on, hatto Shabnam aytgan bo‘lsa ham” deb gapni qisqa qildim. “O‘zimcha o‘yladim, kim pul beradi, xalqaro donorlar qurib-qaqshab yotgan bo‘lsa, muxolifatchi vallomatlarimizga birovga pul berish tuyg‘usi begona bo‘lsa” deb o‘yladim.

Xorazmdan yaxshi kayfiyatda qaytdim, sababi vaziyat men o‘ylaganimdan yaxshi ekan. Shabnam ijtimoiy tarmoqdagi barcha do‘stlariga salom aytdi, ularning qo‘llab-quvvatlovini his qilayotganini aytdi.

Mana shu qoralamalarni yozayotgan paytimda Ombudsmanning rasmiy saytida kichik bir bayonot va yuqorida Shabnamning ikki hamkasbi bilan o‘sha paytda olingan surati chiqdi. Mening tashabbusim va iltimosim bilan olingan suratda ko‘rinib turibdiki, Shabnam bir oy oldin hamshaharlari bilan Toshkentga qilgan “yurishi” davridagi ust-boshda. Chunki u qamalganidan beri deyarli hech kim bilan ko‘rishmagan, ust-boshlarini almashtirmagan. Hech bo‘lmasa shuni qilishsa bo‘lardi..Ming afsuski, uyidagilar xam ortidan kiyim obkelishmagan.

XS
SM
MD
LG