Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:00

Bloger: "Prezidentning IIB mulkiga oid topshirig‘i kog‘ozda qolib ketmoqda"


OzodMaktub ruknida samarqandlik bloger Mirzo Subxanovdan 23 oktabr kuni Ozodlikka kelgan maktub-maqolani e’tiboringizga havola qilayapmiz. Maqolaga ilova qilingan hujjatlar nusxasi va fotolar ham bloger tomonidan taqdim etildi.

Ozodlik blogerning maqolasida keltirilgan faktlarni, OzodMaktub rukni formatidan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rganmadi.

E’tiboringizga havola qilinayotgan quyidagi matn tahrirsiz, muallifning sarlavhasi, imlosi va stilistikasini saqlagan holda berilmoqda.

***

Prezident Mirziyoyevning ichki ishlar mulkining talon-taroj qilinganligi yuzasidan qonuniy choralar ko‘rish bo‘yicha bergan topshirig‘i kog‘ozda qolib ketmoqda

Joriy yilning 12 iyul kuni Samarqand shahrining Yevropa uslubida qurilgan tarixiy qismidagi Otaturk ko‘chasi 13-uyda joylashgan 3-sonli shahar militsiya bo‘limi binosi o‘zboshimchalik bilan buzib tashlanib o‘rnida navbatdagi noqonuniy uy-joy qurilishi boshlab yuborilganligi bo‘yicha Kun.uz nashri orqali xabar bergan edik.

Oradan ikki hafta o‘tib Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Samarqand shahri Otaturk ko‘chasi 13-uyda olib borilayotgan noqonuniy qurilish ishlariga shaxsan e’tibor qaratgan edi. Prezidentning Samarqandga tashrifi yuzasidan rasmiylashtirilgan 30-sonli majlis bayonining 41-bandida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovga Bosh prokuror N. Yo‘ldoshev bilan birgalikda «YuNESKOning murojaatlarida aks ettirilgan, bugungi kunda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan Samarqand shaxridagi Otaturk ko‘chasi 13-uyda olib borilayotgan qurilish ishlarini batafsil o‘rganib chiqib, qonuniy choralar ko‘rilishini ta’minlash» buyurilgan:

30- majlis bayoni
30- majlis bayoni

Ichki Ishlar Vazirligi tasarrufidagi davlat mulki bo‘lgan 3-sonli shahar militsiya bo‘limi o‘zboshimchalik va shoshma-shosharlik bilan buzib tashlanganligi, uning quruvchi tashkilot MChJ «Buran Quruvchi Servis» tomonidan noqonuniy egallab olinganligi (sud qarori mavjud) va bino hududidan 4 ming kub metr tuproq olib chiqib ketilganligi o‘zining rasmiy tasdig‘ini topdi.

Shunga qaramasdan davlat strategik ob’ekti bo‘lgan shahar militsiya bo‘limini buzib tashlaganlar javobgarlikka tortilmagan, militsiya bo‘limini noqonuniy egallab olgan quruvchi esa bor yo‘g‘i bir million so‘m ma’muriy jariga tortilgan xolos. Samarqand shahar ma’muriy sudi raisi O.Pardayev tomonidan chiqarilgan hal qiluv qarorida militsiya bo‘limi noqonuniy egallab olinganligi o‘z tasdig‘ini topgan, lekin buning natijasida davlatga yetqazilgan yuzlab million so‘m moddiy zarar sudyaning e’tiboridan chetda qolib ketgan:

Oradan ikki oy o‘tib ham Prezident Mirziyoyevning topshirig‘i mavjudligiga qaramasdan 3-sonli shahar militsiya bo‘limining buzib tashlanganligi, uning noqonuniy egallab olinganligi va uning hozirgi holati shahar ko‘rkini buzayotgan vayron holati bartaraf etilmaganligi yuzasidan na mulk egasi Ichki Ishlar Vazirligi va na prezident topshirig‘iga mas’ul Samarqand viloyat hokimligi bilan Bosh prokuratura rasmiy munosabat bildirganlar:

Ob’ektning shu kundagi holati
Ob’ektning shu kundagi holati

Davlat mulkini talon-taroj qilib bir million ma’muriy jarima bilan qutilgan «Buran quruvchi servis» MChJ blogerning Kun.uzda e’lon qilgan maqolasi yuzasidan uni sudga bergan va undan ma’naviy zarar to‘lab berishni talab etib kelmoqda. «Bizning or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘-e’tiborimizni haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli bizga ma’naviy zarar yetkazildi, ushbu ma’naviy zararimizni 500.000.000 (besh yuz million) so‘m miqdorida baholaymiz», deyilgan kuruvchi arizasida.

Davlat mulkini noqonuniy egallab olib talon-taroj qilgan quruvchi o‘z «or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘-e’tibori»ni yarim milliard so‘mga baholagan ekan, davlatimizning «or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘-e’tibori» qancha turar ekan?

Prezident Mirziyoevning Samarqand shahridagi Otaturk ko‘chasi 13-uyda joylashgan ichki ishlar mulkining noqonuniy egallab olinib talon-taroj qilinganligi yuzasidan qonuniy choralar ko‘rish bo‘yicha shaxsan bergan topshirig‘i ijrosi bo‘yicha Ichki Ishlar Vazirligi, Samarqand Viloyat Hokimliga va Bosh prokuraturadan rasmiy munosabat kutib qolamiz.

Mirzo Subxonov

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

XS
SM
MD
LG