Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 21:24

OzodDayjest: O‘zLiDeP bo‘lajak saylovdagi g‘alabasi naqd ekanini iddao qildi


Illyustrativ surat.

Oliy sud raisi o‘rinbosari buyurtmasi bilan qamalgan tadbirkor adolat so‘radi. O‘zLiDeP mamlakat siyosiy sahnasida o‘z o‘rnini bosa oladigan partiya ko‘zga tashlanmayotgani aksioma ekanini iddao qildi. Jurnalistika universiteti rektori millat tilini inson DNKsiga mengzatdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Samarqandlik tadbirkor Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari buyurtmasi bilan nohaq qamalganini aytmoqda


Og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib mahkamaga tortilgan samarqandlik tadbirkor Sherzod Burhonov adolat istaydi (www.daryo.uz, 24 oktabr). Sud 2017 yil fevral oyida unga 12 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Mahkama yakunida, shuningdek, 6 ta avtomashina va 4,5 milliard so‘mga baholangan “Almaz zolotoy dvorets” restorani musodara qilingan.

Tadbirkor iddaosiga ko‘ra, uni tuhmat bilan qamashga Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Bahodir Dehqonov ko‘rsatma bergan. “Bilasizmi, sud qanday o‘tdi, xuddi teatrdek. Bo‘ynimga nohaq ayblovlarni qo‘yishdi”, deydi u.

Qayd etilishicha, Sherzod Burhonov qamalgach, 350 kishi ishlab kelgan “Almaz Mastura Almos” baxmal sexi faoliyati ham to‘xtagan va ishchilar tirikchilik uchun chet elga ketib qolgan.

Sherzod Burhonov aybsizligini aytib, prezident Shavkat Mirziyoyevdan o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni qaytadan ko‘rib chiqishda yordam so‘ragan.

Saylovda liberal-demokratik partiya g‘alaba qozonishi “aksioma” deya iddao qilindi


O‘zbekistonda 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy kengashlar saylovida liberal-demok­ratik partiya (O‘zLiDeP) g‘alaba qozonadi, deb yozdi mazkur partiyaning rasmiy nashri (“XXI asr”, 24 oktabr). Qayd etilishicha, saylov kampaniyasiga start berilganidan buyon turli internet platformalarda tashkil etilgan rasmiy va norasmiy ijtimoiy so‘rovlarda liberal partiya ko‘p ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. O‘zLiDeP bo‘lajak saylovda g‘alaba qozonishi, umuman, siyosiy sahnada uning o‘rnini bosa oladigan partiya ko‘zga tashlanmayotgani aksiomadir, deb iddao qiladi partiya nashri.

O‘zbekistonda 20 sentabr kuni saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilindi. Unda “Milliy tiklanish”, “Adolat”,Liberal-demokratik, Ekologik va Xalq demokratik partiyalari qatnashmoqda.

Qudratxo‘jayev: Erkak ayolini rashk qilganidek, o‘zbeklar o‘z tilini boshqa tillardan qizg‘anishi kerak


O‘zbekistonda o‘tgan davr mobaynida o‘zbek tilining rivoji uchun juda kam ish qilindi, deydi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosiy fanlar nomzodi Sherzodxon Qudratxo‘jayev (www.uza.uz, 21 oktabr). Suhbatdoshga ko‘ra, millat uchun til bu har bir insonning DNKsi kabidir. Shunday ekan, inson tilini o‘zgartirsa, nafaqat til, balki millat ham halokatga yuz tutadi.

“Soxta sotsializm davrining salbiy ta’siridan to‘la-to‘kis xoli bo‘lganimizcha yo‘q. Bayramlarni yaxshi ko‘ramiz. Yaxshi bayramlarimiz ham bor… Lekin 364 kun o‘zbek tiliga loqaydlik ko‘rsatib, faqat 21 oktabrnigina bayram qiladigan bo‘lsak, bu noto‘g‘ri”, degan Sh.Qudratxo‘jayev. U, shuningdek, o‘zbeklar bag‘rikeng millat sifatida nom chiqargani, ammo bu borada ham chegara bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

“Erkak ayolini rashk qilgani kabi, biz ham o‘z tilimizni boshqa tillardan qizg‘anishimiz, unga gard yuqtirmasligimiz lozim”, degan rektor Sherzodxon Qudratxo‘jayev.

XS
SM
MD
LG