Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 05:49

OzodDayjest: “Milliy tiklanish” partiyasi sudlarning ochiqligiga doir qonunga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqdi


Illyustrativ surat.

Mehnat vaziriga Toshkentda ishlayotgan viloyatliklar huquqlarini himoya qilish lozimligi eslatildi. “Milliy tiklanish” partiyasi sud majlislarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn translyatsiya qilinishiga doir qonun loyihasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqdi. Samarqandda onalar va bolalar o‘limi yuqori bo‘lib qolmoqda.

_____________________________________________________________

Deputat: Ma’muriy javobgarlik kodeksining pasport tizimiga doir moddasi korrupsiyaga yo‘l ochmoqda


Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi bahs-munozaralarni keltirib chiqardi (www.kun.uz, 22 oktabr). Deputat Rasul Kusherbayev fikricha, qonun loyihasida aholini ish bilan ta’minlashdagi hozirgi real muammolar to‘la aks etmagan. Shu bois deputat Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi (pasport tizimi qoidalarini buzish) yuzasidan murojaat qildi.

“Har kuni aynan shu modda asos qilinib, respublikaning turli hududlaridan Toshkentga ish izlab kelgan yuzlab kishilar avtobuslarni to‘ldirib, IIB bo‘limlariga olib kelinadi va jarimaga tortiladi. Ular ishlagan pulini faqat jarimalarni to‘lashga sarflashmoqda”, degan R. Kusherbayev.

Deputatga ko‘ra, mazkur modda fuqarolarning erkinliklarini cheklash bilan birga, korrupsiyaga keng yo‘l ochib, yangidan-yangi qonunbuzarliklarga huquqiy asos bo‘lib qolmoqda.

“Ayrimlar bu moddaning buzilishi va undan keladigan jarima tushumlaridan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Janob vazir, agar haqiqatda odamlarni o‘ylasangiz, ikkala vazirlik (Ichki ishlar vazirligi nazarda tutilmoqda) eng avvalo shu masalaga yechim toping”, deya ta’kidlagan R. Kusherbayev.

“Milliy tiklanish” parlamentda ayyuhannos soldi


Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi muhokamada “Milliy tiklanish” partiyasi sud majlislarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn translyatsiya qilinishiga doir qonun loyihasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqdi, deb yozadi Davletov.uz. Xususan, deputat Akmal Umrzoqov “Biz bunyodkorlik ishlari avj olgan, shiddatli islohotlar davom etayotgan davrda yashamoqdamiz. Aholimizning ruhiyatini ko‘tarish, ertangi kunga ishonchini oshirish ustuvor masalaga aylangan bugungi kunda sud majlisida ko‘rilayotgan ikki taraf o‘rtasidagi turli muammolar”ni elga ko‘rsatish yaxshi emas, degan. Qayd etilishicha, partiya fraktsiyasi ayyuhannos solishi ortidan qonun loyihasi yalpi majlis muhokamasidan chiqarilgan. Davletov.uz’ga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya sud majlisi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlagan holda amalga oshiriladi, agar taraflar yo‘q desa – translyatsiya ham bo‘lmaydi.

“Sudni tomosha qilish milliy qadriyatga to‘g‘ri kelmasa, u holda sudlashish ham milliy qadriyatga to‘g‘ri kelmasligi kerak. Bu yerda jamiyatga, bugungi islohotlarga, ochiqlikka tayyor bo‘lmagan bitta institut bor. U ham bo‘lsa – deputatlar”, deb yozgan bloger.

Samarqandda onalar va bolalar o‘limi yuqori ekani sabablari ma’lum bo‘ldi


Samarqand viloyatida onalar va bolalar o‘limi yuqori bo‘lib qolmoqda (“Darakchi”, 24 oktabr). Joriy yilning 8 oyi davomida bir yoshgacha bo‘lgan 345 nafar bola va tug‘ish paytida 13 nafar ona o‘limi qayd etildi. Viloyat hokimligi tuzgan ishchi guruhi tuman va shaharlarda ko‘plab kamchiliklarni aniqlagan. Xususan, o‘rganishlar jarayonida noto‘g‘ri tashxis qo‘yish, kasalliklar tarixi noto‘g‘ri yuritilayotgani, dori vositalari taqchilligi, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan sun’iy nafas berish apparati yetishmasligi, tug‘ruqxonalarning to‘lib ketgani kabi holatlar fosh etilgan. Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida 270 nafar tibbiyot xodimiga turli ma’muriy jazolar tayinlangan.

XS
SM
MD
LG