Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2020, Тошкент вақти: 02:58

Farg‘onada bog‘chaning 20 ga yaqin bolasi ovqatdan ommaviy zaharlandi


Bolalar bog‘chasi (illyustrativ surat)

Farg‘ona shahrida ovqatdan zaharlangan 20 nafarga yaqin bog‘cha tarbiyalanuvchisi kasalxonaga yotqizildi. 22, 23 oktabr kunlari sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risidagi bu norasmiy xabarni zaharlangan bolalar qatnaydigan MTM tarbiyachisi va kasalxona vrachi tasdiqladi.

Ozodlik suhbatlashgan kasalxona shifokori bolalarning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekanligini ma’lum qildi.

Zaharlanish hodisasi ortidan Farg‘ona shahar sanitariya va epidemiologiya stansiyasi guruhi bolalar bog‘chasini dezinfeksiya qilgan.

"Qusish va ich ketish"

Farg‘ona shahridagi 9- maktabgacha ta’lim muassasasida 22 va 23 oktabr kunlari ovqatdan zaharlangan 20 ga yaqin tarbiyalanuvchi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi.

"Seshanba va chorshanba kunlari ovqatdan zaxarlanishgan. Bolalarning ayrimlari 23 oktabrda, ayrimlari 24 oktabr kuni kasalxonaga yotqizildi" dedi bog‘cha tarbiyachilaridan biri.

Farg‘ona viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi Sultonali Boyyigitov zaharlanish hodisasi bo‘lganini Ozodlikdan yashirishga urindi.

Ammo aynan shu kasalxona davolovchi vrachilaridan biri 20 nafarga yaqin bog‘cha tarbiyalanuvchisining hozir ham kasalxonada davolanayotganini tasdiqladi.

"Ularda qusish, ich ketish, isitma ko‘tarilishi kuzatilgan. Bizga bolalarni 23 oktabrda olib kelishdi. 24 oktabrda ham 3 nafar bola keltirildi. Hammasi bo‘lib 20 ga yaqin bola keldi. Zaharlanganlar alohida palatalarda yotishibdi" dedi davolovchi vrachlardan biri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bolalar ahvoli "o‘rta og‘irlikda". Vrachning aytishicha, zaharlangan bolalarga kasalxonadan qachon javob berilishi hozircha noma’lum.

Ayni davolovchi vrach va bog‘cha tarbiyachilaridan biri so‘zlariga ko‘ra, zaharlanish hodisasi ortidan Farg‘ona shahar sanitariya va epidemiologiya stansiyasi guruhi 9-MTMni dezinfeksiya qilgan.

"SES xodimlari kelib, bog‘chani dezinfeksiya qilib ketishdi", dedi bog‘cha tarbiyachilaridan biri.

Ayrim ota-onalar, zaharlanish hodisasi ortidan bolalarni bog‘chaga yubormayotir.

"Mani xam farzandim shu bog‘chaga qatnaydi. Bu voqeadan keyin bolamni bog‘chaga yuborishga qo‘rqib, yubormayapman" dedi farzandi 9-bog‘chaga qatnovchi onalardan biri.

"Bog‘cha tashkiliy ishlarining ota-onalar u yoqda tursin, hatto, davlat nazorati tashkilotlari uchun xam yopiqligiga ota-onalar chidab kelayotgandi. Bolalarning ovqatdan zaxarlanib shifoxonaga yotqizilgani hammasidan o‘tib tushdi," dedi farzandi ayni bog‘chaga qatnovchi boshqa bir ona.

Ozodlik 24 oktabr kuni O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilaridan bu voqeaga izoh olishga harakat qildi, ammo ochiq manbalarda keltirilgan vazirlik telefonlariga qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.

Bog‘chalarda ommaviy zaharlanishlar

O‘zbekistonda bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlangani haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

9 oktabrda Ozodlik ​Toshkent shahridagi 433-sonli bog‘chada o‘nlab bolaning ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani haqida xabar bergandi.

11 oktabrda Samarqandda bitta oziq-ovqat yetkazib beruvchisi xizmatlaridan foydalanuvchi uchta maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlangani to‘g‘risida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib mahalliy nashrlar xabar qilgan edi.

O‘tgan yil noyabrida Toshkent viloyat, Bekobod tumanida muzlatgich ishlamagani bois, 59 bola va 3 xodim ovqatdan zaharlangan edi.

Bog‘chada bolalarning ovqatdan zaharlanishi bilan bog‘liq eng og‘ir voqea to‘rt yil avval Andijon viloyatining Baliqchi tumanida bo‘lgan edi.

O‘shanda bog‘chaning kamida 30 nafar tarbiyalanuvchisi o‘tkir ichakli diareya tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgandi.

XS
SM
MD
LG