Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:46

"Ruhiy kasal"ga chiqarilib, majburiy "davolangan" sovet dissidenti vafot etdi


Dissident, huquq himoyachisi va yozuvchi Vladimir Bukovskiy.
Dissident, huquq himoyachisi va yozuvchi Vladimir Bukovskiy.

Dissident, huquq himoyachisi va yozuvchi Vladimir Bukovskiy Buyuk Britaniyada 76 yoshida vafot etdi. Uning nomi bilan ataladigan markazdan xabar qilishlaricha, Kembrijdagi kasalxonada yuragi urishdan to‘xtab qolgan.

Bukovskiy 1942 yil 30 dekabrda Belebey (Boshqirdiston ASSR) shahrida yozuvchi va jurnalist oilasida evakuatsiyada tug‘ilgan edi. Moskvada o‘qidi. 14 yashar o‘smir Xrushchyovning XX qurultoydagi ma’ruzasini eshitgach, kommunistik mafkuraning ashaddiy dushmaniga aylandi. 1959 yili qo‘lyozma jurnalni chop qilishda qatnashgani uchun maktabdan haydaldi. Ta’lim olishni kechki maktabda davom ettirdi.

1960 yili Yuriy Galanskiy, Eduard Kuznetsov va boshqalar bilan birga Moskva shahridagi Mayakovskiy haykali poyida yoshlarning doimiy yig‘inlari tashkilotchilaridan biriga aylandi. O‘shanda Moskva universitetining biologiya va tuproqshunoslik fakultetidagi o‘qishidan haydalib ketdi.

1963 yili ilk marta yugoslaviyalik siyosatchi Milovan Jilasning «Yangi sinf» kitobini ko‘paytirishga uringani uchun hibsga olindi. Es-hushi joyida emas deb topilib, Leningraddagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburiy davolashga jo‘natildi. 1965 yil boshida yozuvchilar Andrey Sinyavskiy va Yuliy Daniel himoyasiga «oshkorlik mitingi»ni tayyorlashda faol qatnashdi va buning uchun yana hibsga olinib, kasalxonaga joylashtirildi.

Uchinchi marta 1967 yili Pushkin maydonida ziyolilar Aleksandr Ginzburg, Yuriy Galanskov va boshqalarning hibsga olinishiga qarshi norozilik namoyishini tashkil qilgani uchun qo‘lga olindi va uch yilga kesildi. 1970 yil yanvarida Moskvaga qaytib keldi va o‘zi qamoqdalik paytida tashkil bo‘lgan dissidentlar davrasi yetakchilaridan biriga aylandi. O‘sha payti «Ozodlik» radiosi eshittirishida ishtirok etib, CBS telekanaliga intervyu berdi.

Bukovskiy 1972 yil 5 yanvarida 7 yillik qamoq va 5 yillik surgunga kesildi – bu uning so‘nggi qamoq muddati edi. 1976 yili siyosiy mahbusni ozod qilish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro kampaniya natijasida hokimiyat idoralari uni Chili kommunistik partiyasi rahbari Luis Korvalanga almashtirdi.

U Buyuk Britaniyada Kembrij universitetini neyrofiziologiya ixtisosi bo‘yicha tugatdi, asarlar yozdi, huquqni muhofaza qilish va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullandi. 1980 yili SSSRda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarini boykot qilish kampaniyasi tashkilotchilaridan biri bo‘ldi. 1983 yili Vladimir Maksimov va Eduard Kuznetsov bilan birga “Qarshilik ko‘rsatish internatsionali” xalqaro aksilkommunistik tashkilotiga asos soldi va prezidenti etib saylandi. Afg‘onistonda asirga tushgan sovet askarlarini ozod etish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Bukovskiy 1991 yil aprelida mamlakatdan chiqarib yuborilganidan so‘ng ilk marta Moskvaga keldi. 1991 yili RSFSR prezidenti saylovi chog‘ida Boris Yeltsin shtabi uni vitse-prezidentlikka nomzodlikka ham mo‘ljallayotgan edi. 1992 yili huquq himoyachisi Rossiya hokimiyat idoralari taklifi bilan RF Konstitutsion sudida “KPSS ishi” bo‘yicha rasmiy ekspert sifatida qatnashdi.

U 2004 yilda ijtimoiy-siyosiy “2008 yilgi saylov qo‘mitasi: Erkin tanlov”ning hammuassislaridan biri bo‘ldi, uning tarkibiga yana Garri Kasparov, Boris Nemsov, kichik Vladimir Kara-Murza, Yevgeniy Kiselyov va Rossiyaning boshqa muxolif siyosiy arboblari kirgan edi.

2007 yilda Bukovskiy 2008 yilgi prezident saylovda demokratik muxolifat guruhi nomidan nomzod qilib ko‘rsatildi. Markaziy saylov komissiyasi, so‘nggi 10 yilda Rossiya hududida yashamagan va nima ish bilan shug‘ullanishi noma’lum, degan bahona bilan uning arizasini qabul qilmadi.

2014 yil martida Rossiyaning Londondagi elchixonasi konsullik bo‘limi Bukovskiy Rossiya vatandoshi ekanini isbot qila olmasligini aytib, unga pasport berishdan bosh tortdi.

Bukovskiy necha o‘n yillar davomida “Ozodlik” radiosi eshittirishlari mehmoni bo‘ldi. So‘nggi yillarda og‘ir xastalikka chalinib qoldi, lekin axborot vositalariga maqolalar yozish va intervyular berishni davom ettirdi.

“Men pessimistman va bunga xotirjam qarayman. Chunki hammasi o‘tkinchi ekanini bilaman. Sovet Ittifoqi tugab ketdi. Putin Rossiyasi ham tugaydi”, deb yozgan edi 75 yoshga to‘lgan kuni

XS
SM
MD
LG