Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2019, Тошкент вақти: 01:51

OzodDayjest: Siyosatshunos o‘zbek tilining davlat tili maqomiga erisha olmaganiga senzurani sabab qilib ko‘rsatdi


Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

O‘zbek tili “choyxona tili”ga aylanib qolganining asosiy sababi aytildi. Qashqadaryoda 16 yashar qiz uylanish fikridan voz kechgan mahbubini o‘ldirdi. Zarmon shahri xarobalari butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida.

_____________________________________________________________

Siyosatshunos: “O‘zbek tili davlat tili maqomiga erisha olmaganining asosiy sababi – senzura”


Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zbek tili o‘tgan 30 yil ichida davlat tili maqomiga erisha olmagani, to‘laqonli rivojlanmaganining asosiy sabablaridan biri cifatida senzurani ko‘rsatdi (www.sof.uz, 27 oktabr). “Avtoritarizmning ko‘rinishlaridan biri – tafakkurni, so‘zni va fikrlashni nazorat qilish hisoblanadi. Nazorat, senzura nafaqat tafakkurni zaiflashtirib, o‘ldirib boradi, balki bu tafakkurning ifodasi va ifodachisi bo‘lgan tilni ham nimjonlatib, holsizlatib qo‘yadi. Til bu –g‘oyalar va hissiyotlarning ifodasiki, tafakkur kengaygan sayin uni ifodalash uchun til ham kengayib, jilolashib boradi. O‘zbekistonda senzura sabab o‘zbek tili va milliy tafakkur, ikki taraflama zarba yedi”, deb yozadi K. Rabbimov.

Qayd etilishicha, tilning qudrati uning kundalik hayotda murakkab jarayonlarni, aniq fanlarni va nozik hissiyotlarni go‘zal ifodalashida namoyon bo‘ladi. Ammo keyingi davrda o‘zbek tili “choyxona tili”, “ko‘cha tili”ga aylanib qoldi.

Siyosatshunos o‘zbek tilining rivoji mamlakatdagi so‘z va fikrlash erkinligining darajasiga uzviy bog‘liq, deya xulosa yasagan.

16 yoshli qiz uylanish fikridan qaytgan yigitini o‘ldirdi


Qashqadaryo viloyati Dehqonbod tumanida qotillik jinoyati ro‘y berdi (“Huquq”, 31 oktabr). Tuman prokurori Laziz Hamroyevga ko‘ra, 2003 yilda tug‘ilgan qiz shu tumanlik yigit bilan sevishib, uchrashib yurgan. Ular bir muddat oshiq-ma’shuq bo‘lib yurgach, yigit qizga uylanish fikridan qaytadi va toshkentlik qarindoshi bilan oila qurishga qaror qiladi. Bundan g‘azablangan qiz yigitni o‘ldirish rejasini tuzadi. Ikkisi yigitning mashinasida o‘tirgan paytda qiz kutilmaganda uni itarib yuboradi, mashina eshigiga yuzi bilan urilgan yigit hushidan ketadi. Jazavaga tushgan qiz esa uning sochidan tortib, boshini joni chiqqunicha mashina kuzoviga uradi.

Qayd etilishicha, sud jarayonida qiz qotillik sodir etganini tan olmagan. Biroq guvohlar va ekspertiza xulosalari asosida qotil ekani isbotlagan va unga 8 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Qadimiy Zarmon shahri vayron etilayotgani haqida bong urildi


O‘zbekistonda arxeologiya merosi ob’ektlarini saqlash ayanchli ahvolda, deydi Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti “Qadimgi davr arxeologiyasi” bo‘lim boshlig‘i Abdisobir Raimqulov (www.kun.uz, 30 oktabr). “Tadbirkorlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan hozirgi kunlarda arxeologiya ob’ektlarini buzish yanada kuchaydi. Tumanlar hokimlari arxeologik yodgorliklar mavjud bo‘lgan hududlarda ishlab chiqarish korxonalari qurish uchun madaniy meros departamentining viloyatlardagi inspeksiyalarini yoki arxeologiya mutaxassislarini xabardor qilmasdan, ularning ishtirokisiz, ruxsatisiz tadbirkorlarga qarorlar chiqarib bermoqdalar. Holbuki, bunday qarorlar chiqarish qonunlarga zid”, deydi mutaxassis. Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi qariyb 20 gektarlik Zarmon shahri xarobalari butunlay yo‘q qilinmoqda. Yodgorlikning g‘arb tomonida joylashgan raboti o‘rni tekislangan va uning o‘rnida g‘isht pishirish xumdoni qurilgan.

XS
SM
MD
LG