Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:48

OzodDayjest: Oqsaroy majmuasida uyushtirilgan yalang‘och qizlar tomoshasi keskin qoralandi


Shahrisabzdagi Oqsaroy me’moriy yodgorligi.
Shahrisabzdagi Oqsaroy me’moriy yodgorligi.

Ekopartiya bosh vazirlikka “O‘zkimyosanoat” raisi nomzodini ko‘rsatgani zaharxanda ila qarshi olindi. Mamlakat bo‘ylab arxeologik yodgorliklarni vayron qilish avj olganidan xavotir bildirildi. Namanganda qutqarilgan qiz aslida o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lmagani aniqlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Bloger: Siyosiy partiyalar yetakchilari hukumatni boshqara olmaydimi?


O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar joriy yil dekabrda o‘tadigan saylovda g‘alaba qozonsa, bosh vazirlikka kimning nomzodi ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Bu lavozimga “Adolat” partiyasi hozirda adliya vaziri bo‘lib ishlayotgan Ruslanbek Davletov, xalq demokratik partiyasi bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, liberal-demokratik partiya amaldagi bosh vazir Abdulla Aripov, ekologik partiya esa “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov nomzodini ko‘rsatdi. “Milliy tiklanish” partiyasi o‘z nomzodini e’lon qilmadi.

“Nega biror partiya o‘z liderini bosh vazir sifatida ko‘rmaydi? Prezident saylovida qatnashgan (qatnashadigan) partiya lideri hukumatni boshqara olmaydimi? Mantiq dam oladi, xullas”, deb sharhladi Davletov.uz kanali muallifi mazkur hodisani.

“Yashillar” partiyasi bo‘lmish ekopartiya tomonidan hukumat rahbarligiga atrof-muhit tozaligiga daxl qiluvchi “O‘zkimyosanoat” raisi ko‘rsatilishi ham zaharxanda ila qarshi olindi.

“Yashillar yana o‘z repertuarida. “O‘zkimyosanoat” raisini bosh vazir qilmoqchi bo‘lgan ekopartiyaning mantig‘iga izoh kerak emas. O‘sha ro‘yxatga “O‘zatom”ni kiritib qo‘yishsa bo‘lardi yana. Yoki “Navoiyazot” raisini”, deb yozdi bloger.

Yalang‘och qizlar raqs tushgan ziyofatga hokimlikning aloqasi yo‘qligi aytildi


Qashqadaryodagi Oqsaroy majmuasida yarim yalang‘och qizlar raqsi uyushtirilgani masalasiga oydinlik kiritildi (“Darakchi”, 31 oktabr). Qayd etilishicha, spirtli ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Yakkabog‘ sharob savdo” MChJ Oqsaroy majmuasidagi “Koba” restoranini bir kunga sotib olgan va u yerda bazmi jamshid uyushtirgan. Ushbu tadbirga na tuman hokimligining, na viloyat hokimligining aloqasi bor, deb xabar beriladi.

Viloyat hokimligi buni “ko‘ngilni xira qiluvchi holat”, deb baholagan. Gazeta ham turizm niqobida fahshni tarqatayotgan, yalang‘och qizlar raqsi bilan mehmonlar ko‘nglini shod qilishga urinayotgan shaxslarni keskin qoralagan.

Milliy gvardiya xodimi tomonidan qutqarilgan qiz aslida o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lmagani aniqlandi


Milliy gvardiya matbuot xizmati Namangan viloyati Mingbuloq tumanida o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan qiz qutqarib qolingani haqida xabar bergan edi. Daryo.uz nashriga ko‘ra, umumta’lim maktabida o‘quvchi qiz Mingbuloq tumanida yashovchi otasini ko‘rgani ketayotib, Sirdaryo ko‘prigi ustida to‘xtagan, ammo uning niyati o‘zini suvga tashlash bo‘lmagan. Qizcha Sirdaryo ko‘prigida xizmat faoliyatini olib borayotgan milliy gvardiya xodimlariga ham shu haqda aytgan. Shunga qaramay, ular qizni dastlab ichki ishlar bo‘limiga olib borgan, keyin u o‘qiydigan maktab direktori va o‘qituvchilar jamoasi bilan shu masalada yig‘ilish o‘tkazgan.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga ko‘ra, o‘quv yili davomida maktab psixologlari tomonidan suitsidga moyillikni aniqlovchi testlar olinganda ham mazkur o‘quvchida o‘z joniga qasd qilishga moyillik kuzatilmagan.

Milliy gvardiya matbuot xizmati esa o‘quvchi qiz maktabda yuz berayotgan ayrim holatlar sabab o‘zini suvga tashlamoqchi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG