Линклар

Шошилинч хабар
09 декабр 2019, Тошкент вақти: 02:01

Dunyo bo‘ylab WiFini bepul qilmoqchi Mask Yer orbitasiga yana 60 ta sun’iy yo‘ldosh chiqardi


Ilon Mask (suratda) bir necha yil ichida Yer orbitasiga 42 mingga yaqin yo‘ldosh chiqarishni rejalashtirgan.

Taniqli tadbirkor Ilon Mask asos solgan SpaceX shirkati Starlink loyihasi doirasida yana bir guruh mini sun’iy yo‘ldoshni Yer orbitasiga chiqardi. Ushbu yo‘ldoshlar yordamida global Internet trafigi tarmog‘ini tuzish rejalashtirilgan.

Dushanba kuni Falcon 9 raketasi bortida 60 ta mini sun’iy yo‘ldosh Yer orbitasiga uchirildi. May oyida xuddi shu yo‘l bilan 60 ta yo‘ldosh fazoga uchirilgan edi. O‘shanda yo‘ldoshlarni Toshkentda ham ko‘rish mumkin bo‘lgan edi.

2015 yilda asos solingan Starlink loyihasidan maqsad dunyoning istalgan nuqtasida ishonchli va yuqori tezlikka ega Internet aloqasini ta’minlashdir.

Loyiha doirasida 2018 yilda ikki sinov yo‘ldoshi uchirilgan. Bir necha yil ichida Mask Yer orbitasiga 42 mingga yaqin yo‘ldosh chiqarishni rejalashtirmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, loyihaning umumiy qiymati 10 milliard dollarni tashkil qiladi.

Ayrim olimlar ko‘p sonli sun’iy yo‘ldosh fazo ifloslanishiga sabab bo‘lishini aytib, xavotir izhor qilmoqda. Bundan tashqari, astronomlarning aytishicha, yorqin metalldan yasalgan yo‘ldoshlar tun ko‘rinishini buzishi hamda fazodagi teleskoplar ishiga xalaqit berishi mumkin. Qolaversa, yo‘ldoshlar sonining oshishi ular bir-biriga urilib ketish xavfini oshiradi.

SpaceX shirkati yo‘ldoshlarni fazoga uchirish amaliyoti aks etgan tasvirlarni ulashdi.

Shirkat kelajakda Internet bozorining yirik qismini fazodan boshqarishni rejalashtirmoqda. Ammo bir necha raqib shirkatda ayni istak bor. Ular orasida Londonda asos solingan OneWeb startapi hamda Amazon shirkati bor.

Mask bir kun kelib global Internet bozorining besh foizini boshqarishga umid bog‘lagan. Bundan maqsad shirkatning raketa dasturlarini moliyalashtirishdir. Maskning orzularidan biri – Marsda insonlar koloniyasini qurish.

SpaceX bugunga qadar AQSh rasmiylaridan turli orbitalarga 12 mingta yo‘ldosh chiqarishga ruxsat olgan. Shirkat qo‘shimcha 30 ming yo‘ldosh uchirishni so‘rab, Amerika rasmiylariga murojaat qilgan.

Sun’iy yo‘ldoshlar nisbatan past balandlikka chiqarilmoqda – ilk moslamalar Yer sathidan 550 kmga chiqarildi. Bu esa Internet tezligi yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.

SpaceX loyiha kelasi yili AQSh va Kanadada ishga tushishini ma’lum qilgan. Shirkat rasmiylariga ko‘ra, butun dunyoni sun’iy yo‘ldoshlar yordamida Internet bilan ta’minlashi uchun yana 24 marta orbitaga sun’iy yo‘ldosh chiqarish kerak bo‘ladi.

Xabarlarga ko‘ra, bugungi kunda Yer orbitasida 2100 dan ko‘proq sun’iy yo‘ldosh aylanib turibdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG